"Evro-2020 turniri o'z yakuniga etdi. Mazkur turnirda ayrim yosh futbolchilar yorqin o'yin ko'rsatdi . Lokatelli, Damsgor, Dumfris va yana bir qator iqtidorlar ko'p jihatlari bilan o'zlarini ko'rsata oldi, biroq Pedri ismli yigitchaning xatti-xarakatlari, o'zini tutishi va sifatli o'yini qolganlarnikidan baribir ajralib turdi. Taqqoslash niyatim yo'q, biroq meni endigina 18 yoshga to'lgan bu futbolchining ko'rsatayotgan o'yini hayratga solmoqda. Yarim himoyachiga qanday hislatlar zarur bo'lsa, deyarli barchasi unda mujassam. To'pni o'zida egallab turish, aniq pas berish, maydonni ko'ra olish uning ustun tomonlari hisoblanadi. Keling, bu yosh iqtidorning faoliyatiga va shahsiy hayotiga nazar solamiz.
Yosh Pedri
To'liq ismi Pedri Gonsales Lopes bo'lgan ispaniyalik futbolchi 2002 yilning 25 noyabrida Ispaniyaning Tegeste shahrida tavallud topgan. Ha, u yoshligida iqtidorli bo'lgan va o'z tengqurlaridan ajralib turgan. Bu kabi jumlalarni har qanday futbolchining hikoyasiga uchratish mumkin. Uning futbolchilik karerasi 2015 yilda boshlandi. "Xuventud Laguna" jamoasida u 2015 va 2018 yillar oralig'ida to'p tepdi. Shundan so'ng unga Segunda klubi bo'lmish "Las-Palmas" qiziqib qoldi. Uni katta futbolga tez kirishib ketdi desam adashmagan bo'laman. 16 yoshli Pedri "Las-Palmas" safida 36 ta o'yinda maydonga tushdi va 4 ta gol va 7 assistni o'z hisobiga yozdirib qo'yishga muvaffaq bo'ldi. Albatta, u tezda grand jamoalar e'tiboriga tushdi. U Inestaning ashaddiy muxlisi va xonasi devori "Barselona"ga tegishli fotosuratlarga to'la bo'lgan. Shunday ekan, unga Kataloniyaning bosh jamoasidan yaxshiroq variant yo'q edi. Uni kataloniyaliklar 2019 yilning avvalida 5 million evro evaziga sotib oldi. Bir mavsumni u Segunda klubi safida ijarada o'tkazdi va 2020-2021 yilgi mavsum avvalida u "Barsa" safiga kelib qo'shildi.
17 yoshli Pedrining tushiga ham kirmagan holat
Uning "Barselona"ga o'tishi futbolchi uchun ajoyib syurpriz edi, biroq bu katta klub va raqobat kuchli bo'lishi tayin. Jamoaga yangi kelib qo'shilgan Kuman mavsumoldi turnirlarida yoshlarga imkon berishni boshladi. Fati bu yoshlar ichida alohida ajralib turar edi. Uning kelasi mavsumda asosiy jamoada bo'lishi va kerak bo'lsa asosiy tarkibda maydonga tushishiga ham normal hodisaday qaralardi. Chunki, u o'zini isbotlagan. Qolganlarning kelajagi esa biroz mavhum holatda edi. Niderlandiyalik o'z intervyusida Pedri, Riki Puch, Alenya kabi futbolchilar hali tajriba to'plashi kerakligini ta'kidladi va imkoni bo'lsa, ijara asosida boshqa klubga o'tishini tavsiya qildi. Mavsum boshlandi va bu uchala yosh ham klubda qoldi. Pedri Trinkau juftligi tez-tez zaxiradan maydonda ko'rinish bera boshladi. Kumanning 4-2-3-1 taktikasida Pedri hujumchi ortida o'ynovchi futbolchi sifatida Koutinoning o'rniga kamdan-kam holatlarda o'ynadi. Dekabr oyining oxirlarida u jarohat oldi va Pedri asosiy tarkibda ko'proq maydonga tusha boshladi. Uning ko'rsatayotgan aqlli o'yini, aniqligi va xotirjamligi tezda murabbiyning e'tiborini tortdi va u mavsum yakuniga qadar 11 talikdan doimiy joy olib keldi. Ilk mavsumidayoq Ispaniya super klubida 50dan ortiq o'yinda maydonga tushish bu qiyin ish, xattoki tajribali futbolchi uchun ham. Agar, sen 18 yosh bo'lsang, buni fantastik natija desa ham bo'laveradi.
Evro-2020. Ispaniya va Pedri
Ispaniya terma jamoasi Evro-2020da ancha quvnoq va muxlislarga yoqadigan futbol namoyish qildi. Jamoaning tarkibida har doim o'zgarishlar bo'lib turdi. Tabiyki, "Barselona"ning yosh xavbeki ham bu turnirdan quruq qolmadi. Ispanlar yarim finalgacha etib kelgan bo'lsa, yosh Pedri 6 ta o'yinda ham asosiy tarkibda maydonga tushdi. 18 yoshli futbolchi maydonda 90 va ba'zida 120 daqiqadan harakat qilishini men yunikal hodisa deb atagan bo'lar edim. Evro-2020 yakunlariga ko'ra, u UEFAning ramziy jamoasidan ham joy oldi. Eng qizig'i u hozir Olimpiadada qatnashish uchun tayyorgarlik ko'rmoqda. Pedri shu tempda davom etaversa, uni buyuk kelajag kutib turibdi. Har holda, u ba'zilar orzu qiladigan ayrim natijalarga o'smir chog'idayoq erishdi.
"Barselona"ning olmosi
Pedrini "ko'k-anorranglilar" 8 million evro evaziga sotib olgan edi. Ayni damda uning narxi 80 million evroni tashkil etadi. Uning o'yinida progress katta va bu narxda ham o'z aksini topmoqda. Bu yigitchani Inestaga qiyoslashmoqda, ammo Andres kabi bo'la olish uchun u hali katta yo'lni bosib o'tishi kerak. U hali yosh va Inesta bilan solishtirganda ancha erta muvaffaqiyat qozona boshladi. Ispaniya osmonida yorqin yulduz porlay boshladi. Bu yulduz porlashda davom etaversa, bu "Barselona" va Ispaniya uchun omadning o'zginasi. Esimda u EChL ligasidan o'rin olgan "Ferentsvarosh" jamoasiga qarshi o'yinga supermarket paketida kelib, gol urib, taksida uyiga qaytgan edi. Qanday sodda va kamtar yigitcha. Qani endi hamma yosh futbolchi tashqi stili va maishiy mayda detallarga ko'p e'tibor bermay, o'z uyini ustida ishlaganda edi. Ko'rayotganlarimiz bir kelajagi porloq futbolchi faoliyatining ibtidosidir. Intixoda uni afsona kabi eslab yurarmiz. Xuddi o'zi yoqtirgan futbolchi kabi.
Xudayqulov KARIM maqolasi
16-Iyul 2021,17:40