Shubhasiz, Evro-2020 so'nggi uch yil ichidagi eng yirik futbol musobaqasidir. Shu sababli, ushbu turnirning boshqa ayrim qiziqarli voqealarga soya solganidan ajablanmasak bo'laveradi. Masalan, transfer oynasi. Mazkur jarayon anchagina qaynoq tarzda boshlandi va u taqvim bo'yicha atigi iyul oyi boshiga to'g'ri keldi. Albatta, Evroning media qudratini hisobga olgan holda ham, ko'plab oldi-sotdilar e'tiborimizdan chetda qolmadi. Jeydon Sanchoning «Borussiya Dortmund»dan «Manchester Yunayted»ga yoki Jorjino Viynaldumning «Liverpul»dan «PSJ»ga o'tishi, «Barselona»ning Serxio Aguero va Memfis Depaylarni tekinga qo'lga kiritishi kabilarni eshitgan bo'lsangiz kerak. Quyida, shunchaki, nazardan chetda qolgan, lekin ancha qiziqarli eng yaxshi transferlar beshligini e'tiboringizga havola etmoqchimiz.
5-o'rin. FRANSIShKU TRINKAN («Barselona»dan «Vulverxempton»ga, ijara)
Fransishku Trinkan bir yil oldin Portugaliyaning «Braga» klubidan «Barselona»ga 31 million evro evaziga ko'chib o'tgandi. Ammo 21 yoshli iste'dodli vinger dastlabki mavsumida top-klub va top-chempionatda iqtidorini to'liq namoyish etolmadi. Uni kamtarroq klubga ijaraga berish - bu mantiqan to'g'ri variant. 5 iyul kuni «Barselona» Trinkanni «Vulverxempton»ga bir yilga ijaraga jo'natganini e'lon qildi. Shu bilan birga, «bo'rilar» keyinchalik sotib olish huquqiga ham egalar.
Yaxshi bilamizki, «Vulverxempton»da portugaliyalik futbolchilarni yaxshi ko'rishadi. Trinkan jamoadagi to'qqizinchi portugaliyalik bo'ldi. To'g'ri, ushbu an'anani boshlab bergan murabbiy endi klubda yo'q. Eshpiritu Santuning yaqinda «Tottenxem»ni qo'lga olganidan xabaringiz bo'lsa kerak.
Shunga qaramay, Trinkanning Premer-ligaga moslashishi Ispaniya La Ligasidagiga qaraganda ancha tez va muvaffaqiyatli bo'lishi mumkin. Yosh futbolchining harakatlarini birmuncha kuchaygan Evropa Ligasida tomosha qilish qiziqarli.
4-o'rin. JENGIZ UNDER («Roma»dan «Marsel»ga, ijara)
So'nggi paytlarda global miqyosda radarlardan g'oyib bo'lganiga qaramay, Jengiz Under hali ham kuchli va umidvor futbolchi hisoblanadi. Chunki turk vingeri atigi 23 yoshda. So'nggi mavsumda u «Lester» tarkibida APLning atigi 9 uchrashuvida (259 daqiqa) maydonga tushib, 2ta assist qayd etdi. «Tulkilar»ning Underni sotib olmasdan «Roma»ga qaytarganliklari mantiqan to'g'ri. Ammo Rimda ham unga ishonishmadi. Bugungi kunda istiqbolli loyihaga ega «Marsel»ning ijaraga olishi ancha qiziqarli variant. Bu orqali Jengiz yana oldingi holatiga qaytishi mumkin.
Nima uchun hozirgi «Marsel» qiziqarli loyiha? Yo'q deganda, «provansalliklar»ning yangi ajoyib murabbiy - Xorxe Sampaoliga ega bo'lishgani uchun. Underning transferidan tashqari argentinalik mutaxassis yana bir nechta qiziqarli xaridlarni amalga oshirdi: «Arsenal»dan Matteo Genduzi, shuningdek, «Roma» darvozaboni Pau Lopes majburiy sotib olish (20ta o'yin o'tkazgan taqdirda) sharti bilan ijaraga olindi, shuningdek, «Flamengo» markaziy yarim himoyachisi Jerson 25 million evroga xarid qilindi.
Shunday qilib, Frantsiyada «Marsel»ni, xususan, Jengiz Underning «evrofutbol etakchilari» toifasiga chiqish uchun ikkinchi imkoniyatdan qanday foydalanishini diqqat bilan kuzatamiz.
3-o'rin. Xuan Musso («Udineze»dan «Atalanta»ga, 20 million evro)
«Atalanta» juda qiziqarli transferni amalga oshirdi - «Udineze» darvozaboni Xuan Mussoni 20 million evro evaziga sotib oldi. Mazkur transfer nimasi bilan qiziq? Ha, hech bo'lmaganda, so'nggi 2-3 mavsumda «Atalanta»da darvozabon eng muammoli nuqta bo'lganligini keltirish mumkin. 27 yoshli Mussoning kelishi esa bu muammoni hal etish uchun yaxshi chora. Ochig'i, bu kiper mashhur ham, o'ta mahoratli ham emas. Ammo bu uning imkoniyatlari past ekanligini bildirmaydi.
Musso «Udineze» tarkibida «A» seriyaning uch mavsumida 102ta uchrashuv o'tkazishga muvaffaq bo'ldi. Ushbu darvozabonning asosiy sifati o'z darvozasi chizig'ida ishonchli o'ynashidir. Italiya chempionatida o'tkazgan uch mavsumining har birida u kutilgan (Post-shot xG) va o'tkazib yuborilgan gollar o'rtasidagi farq bo'yicha kamida liganing eng yaxshi 8 darvozabonidan biri bo'ldi. Bu shuni ko'rsatadiki, Xuan xavfli vaziyatlarda jamoasini goldan tez-tez qutqargan va bir mavsum davomida jamoani kamida uchta goldan saqlab qolgan. Musso reaktsiyadan tashqari, qanotdan oshiriladigan to'plarga chiqishda ham kuchli.
Ha, ligadagi ichki transferning bir qismi sifatida darvozabon uchun 20 million evro sarflanishini biz har doim ham kuzatavermaymiz. Shu sababli, ushbu transfer ko'p jihatdan qiziqarli.
2-o'rin. Nikolas Gonsales («Shtutgart»dan «Fiorentina»ga, 23 million evro)
«A» seriyadan yana bir transfer. Forvard Nikolas Gonsales uch yilni «Shtutgart»da o'tkazdi. Birini 2-Bundesligada o'tkazgan bo'lsa, yana ikki mavsum nemis futboli elitasida to'p surdi. Bu davrda u «shvablar» safida barcha musobaqalarda 79 uchrashuv o'tkazib, 23ta gol urgan va 10ta golga uzatma bergan.
Gonsales ko'p qirrali hujumchi hisoblanadi. Birinchidan, u qanotdan ham (yuqori tezligi shunga imkon beradi), markaziy hujumda ham birdek o'ynay oladi. Ochilishni ham yaxshi o'zlashtirgan - u raqib darvozasiga teskari turgan holatda yaxshi ishlaydi va jamoaviy o'yinga yaxshi qo'shiladi, shuningdek, orqa chiziqda ham aqlli va o'z vaqtida ochiladi.
Bundan tashqari, u ijodkor futbolchilar sirasiga kiradi, texnik fazilatlari yuqori darajada. Epizodlarni individual harakatlari orqali hal qila oladigan o'yinchi. Yaxshigina zarbaga ham ega, shu jumladan, murakkab vaziyatlarda ham.
Agar sog'lig'i bilan bog'liq muammolarni hal qila olsa (jarohatlarga moyilroq), Nikolas Gonsales «Fiorentina» uchun o'ta muvaffaqiyatli transfer bo'lishi mumkin. U atigi 23 yoshda va uning salohiyati yaxshi taraqqiyotga yordam beradi. Florentsiya klubi uchun bu jiddiy qadam - har bir transfer oynasida ham bir o'yinchiga shuncha mablag' sarf qilolmaydi.
1-o'rin. Patson Dakka («RB Zaltsburg»dan «Lester»ga, 30 million evro)
Yozning dastlabki oyidayoq «Lester» uchta transferni amalga oshirishga ulgurdi. Eng qizig'i esa, 22 yoshli zambiyalik markaziy hujumchi Patson Dakkaning «RB Zaltsburg»dan naq 30 million evro evaziga olib kelinishidir.
Dakkani ko'pchilik muxlislar yaxshi tanishmaydi, ammo «Liverpul» va «Arsenal»dek grandlar uning nomzodini o'z tarkibini kuchaytirish uchun imkon deb hisoblashi ko'p narsadan dalolat beradi. Shunday bo'lsada, ushbu hujumchi uchun kurashda «Lester»ning asosiy raqibi «RB Leyptsig» edi. Darhaqiqat, Dakkaning Germaniyaga bormaganligi ajablanarli holat.
Dakka timsolida «Lester» to'rt mavsum davomida «RB Zaltsburg» safida barcha musobaqalarda 125 uchrashuvdagi 68ta goli bilan sinovlardan o'tgan to'purarga ega chiqdi. O'tgan mavsum Patson uchun ayniqsa samarali bo'ldi: 42ta o'yinda 34ta gol va 12ta golli pas. Bunday ko'rsatkichlar unga Avstriya Bundesligasining eng yaxshi futbolchisi unvonini olishga imkon berdi.
Dakka «Lester» bilan 2026 yilgacha mo'ljallangan shartnoma imzoladi va klub tarixidagi eng qimmat transferlar reytingida beshinchi bo'ldi.
Bonus
«PSJ»ning kuni kecha rasman e'lon qilingan yana bir kuchli transferi - «Inter»dan Ashraf Hakimining olib kelinishi - bu haqiqiy bonus. Bunga Janluiji Donnarumma va Serxio Ramos, shuningdek, Viynaldum bilan allaqachon imzolangan shartnoma qo'shiladi. Bu «PSJ» tarixidagi eng kuchli transfer kampaniyasimi?
Koronavirus balosi butun dunyoni, shu jumladan, futbolni va transfer oynalari atrofidagi ajiotajga jiddiy ravishda shikastladi. Ammo 2021 yilning yozi qo'rquvga qaramay, faqatgina Evro-2020 tufayli qaynamadi, xolos. «Ko'hna qit'a» chempionati yakunlandi. Endi transfer bozori yanada jonlanishi shubhasiz.
M.PO'LATOV tayyorladi
18-Iyul 2021,09:10
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0