"Pardalar yopilmoqda. Chiroqlar o'chmoqda". "Kamp Nou"ning tirik afsonasi o'z uyidan uzoqlashmoqda. Endi u 100 ming kishilik ulkan arenada to'p tepmaydi, tepsa ham ko'k-qizil libosda emas. Ha, ishonmaganimiz va qabul qila olmayotgan holatimiz jonli tarzda ko'z oldimizda ro'y berdi. Turli nashrlardagi xabarlar va xatto rasmiy bayonotlar ham bizni bunga ishontira olmayotgan edi. Endi ishondik! U ko'z yoshlar ila va qalbida "Barselona"ga muhabbat ila o'z klubini tark etmoqda. Nima bo'lgan taqdirda ham, u shu klubni sevishini va qolishni juda xohlaganini aytdi. Benazir bearmon Kataloniya klubini tark etmoqda, biroq tark etishni xohlamagan paytida.
Ibtido
Yosh Leo Kataloniya klubiga 2000 yilda katta orzular, yuksak maqsadlar va bir qator muammolar bilan tashrif buyurdi. Hamma biladi Messi bilan qanday muammolar yuz berganini. Kichik bo'yi, kichik jussasi uning ulkan iqtidoriga to'siq bo'la olmadi. U bu klub safida tobora o'sib borardi. 2003 yildan katta futbolga kirib kelgan Leo avvaliga "Barselona" "S" va "B" tarkiblarida harakat qildi. Uning maydonda bajarayotgan qoyilmaqom ishlari tezda e'tiborga tushdi. Bora-bora u asosiy tarkib o'yinchisiga aylandi va Ronaldino, Puyol, Deko, Xavi va yana ko'plab afsonalar bilan to'p tepdi. Barcha unda bor iqtidorni aniq tiniq ko'ra olardi. Sababi, uning iqtidori kerak bo'lsa, zulmatda ham porlab, atrofga nur sochgudek edi. Hammasi shu tariqa davom etar edi...
Gvardiola, "Barselona" va Messi
Gvardiolaning "Barselona"sini men klubning eng pikka chiqqan davri dech olaman. U va jamoasi ko'rsatayotgan o'yini deyarli mukammal edi. O'ziga xos uslub, aniq bir mexanizm evaziga Pep ajoyib jamoa qurdi. Bu jamoaning asosiy bo'g'ini Inesta, Xavi va Messi bo'lgan. Yosh mutaxasis qo'l ostida Messining o'yini tobora ochilib borardi. Bu yosh shovvozni raqiblar to'xtata olmas va u gol, assist va kerak bo'lsa, "oltin to'p"larni qalashtirib tashlashni boshladi. 23 yosh, 3 ta "oltin to'p". Shunchaki dahshatli natija. Bu orada u klub bilan 2 marta EChL bosh sovrinini qo'lga kiritdi. Keling, La Liga va Ispaniya kubogini eslamay keta qolay. Sababi, bu sovrinlarni o'sha paytlardagi "Barselona" o'z nomiga rasmiylashtirib olgan edi. Xullas, Messi va uning jamoasida hammasi yaxshi edi.
Yangi davr
Ketma-ket ikki mavsum EChLdagi muvaffaqiyatsizlikdan so'ng Gvardiola "ko'k-anorranglilar"ni tark etdi va endi buyog'iga jamoada ko'p narsa o'zgarishi tayin edi. Jamoani Tito Vilanova va undan so'ng Xerardo Martino boshqardi. Bu davr davomida Kataloniya klubi biroz ojizlashib qoldi, ammo argentinalik iqtidor egasi o'z o'yini bilan hamon hammani hayrat osmoniga etaklar va o'ziga xos natijalar qayd etar edi. "Barselona" tarkibiga avval Neymar, so'ngra Suaresning kelishi, ajoyib bir trioni shakllantirdi. MSN uchligi endi raqiblarini ayab o'tirmas edi. Yangi kelgan Luis Enrike ham klub o'yinida o'zgarishlar qildi va biroz "yovvoyi"roq futbolni targ'ib qildi. Bu jamoada qanotlarning o'ta faol ishlashi va klassik o'sha tiki-taka o'yg'unlashdi va katta bir kuchga aylandi. 2015-2016 yilgi mavsum jamoa o'zi qo'lga kiritishi mumkin bo'lgan barcha sovrinlarni o'ziniki qilib oldi. Ikki mavsumlik to'xtalishdan so'ng yana u yilning eng yaxshi futbolchisi nomiga sazovor bo'ldi. Uning ertagi shu tariqa davom etardi.
Davr ketdi
Enrike boshchiligidagi "Barselona" ham EChLda ikki bor muvaffaqiyatsizlikka uchragach, unga ham chiqish eshiklarini ko'rsatib qo'yishdi. So'ngra Neymar ham Kataloniya klubi tarkibini tark etdi. Enrike ketdi, Neymar ketdi va davr ketdi. Ha, buyog'iga klub endi oldingidek bo'la olmadi. Allaqachon, Xavi va Puyolini qo'ldan chiqargan klub, Inesta bilan ham xayrlashdi. Shunday qilib, Evropani titratgan Messi, Inesta, Xavi uchligi butkul tarqadi va MSN triosi ham bir a'zosini yo'qotdi. Buyog'iga klub qay holatda bo'ladi. Yirik xaridlar, an'analardan voz kechish va nosog'lom ichki muxit ta'sirida bu klub nari borsa, EChL yarim finaliga etib keldi va alamli mag'lubiyatlarni qabul qilib oldi. Shuncha muammolar orasida bir nom hamon o'z "jilosi"ni yo'qotmagan edi, ammo u harchand kuchli o'yin ko'rsatsa-da, futbol jamoaviy o'yin. U oxiri klubdan ketishga qaror qildi. Shunchalik darajada uni sabr-kosasini to'ldirishdi...
Favqulotda burilish
Messini baribir shartnoma ushlab qoldi. Bu orada klubda ko'p o'zgarishlar sodir bo'ldi. Laporta prezident bo'ldi va tizimni butunlay o'zgartirdi. Yangi transferlar va bir qancha yaxshi loyixa Messini qolishga ishontira oldi. Faqat klubda moliyaviy muammolar vujudga kelgan edi. Bartumeu klubga 1 milliarddan ortiq qarzni "meros" qilib tashlab ketgan edi. Messi endi klub bilan shartnomani uzaytirsa bo'ldi edi. Hammasi yaxshi, hammasi joyida. Yo'q. Bunday bo'lmadi. Sekin-astalik bilan shu voqeaga keldik. La Liga talablari, moliyaviy muammolar Messini ketishiga sabab bo'ldi. U bilan "Kamp Nou" to'la muxlis, ko'zlarida yosh bilan xayrlashmadi.Barchasi favqulotda sodir bo'ldi.
Vidolashuv
Katta bir davrni kichik satrlarda xotirlab o'tdik. Axir, bu qanaqasi bo'ldi. Leo endi "Barselona"da o'ynamaydi. Minglab afsonalar bilan sodir bo'lgan voqea nega bu safar hammasinikidan-da ko'proq futbol muxlislarini larzalantirmoqda. Sabab, vaqt, holat va xohish bir bo'lib bu ketishni fojia darajasigacha olib keldi. Messining ketishiga qandaydir turnir formati sabab bo'lganini qabul qilish qiyin, albatta. Yana u klubni shunday bir qiyin holatda o'zi xohlamagan holda tark etmoqda. Bugun uning matbuot anjumani bo'lib o'tdi va u deyarli butun marosim davomida ko'z yoshlar ila uzoq nutq so'zladi va bir kun qaytib kelishini aytdi. Bu biroz "Barselona" muxlislariga taskin bera olar, biroq u boshqa "Kamp Nou"da to'p tepmaydi, u boshqa bu klub uchun katta ehtimol maydonga chiqmaydi. U gol urganda "Barselona" "hisobni ochdi" va "tenglashtirdi" yoki "qisqartirdi" deya olmaymiz. Uzoq yillik o'zaro muhabbat, uo'g'unlik va vafodorlik shu erda to'xtadi.
Ichim bo'm-bo'sh bo'lib qolganday, xuddi. Muxlis o'laroq emas, odam o'laroq. Endi "Barselona"da Messi yo'q. Endi Messi "Barselona"da yo'q. Ma'nosi bir xil jumlalar, holati ham bir xil futbolchi va jamoa. Qachondir biz Messining boshqa jamoada o'ynashiga va Kataloniya klubining Messisiz o'ynashiga ko'nikib ketamiz. Biroq, xotiralar abadiy. Ularni esa unutib bo'lmaydi. Har safar eslanganda ko'ngilni g'ash qiluvchi xotiralar...
Xudayqulov KARIM maqolasi
8-Avgust 2021,20:20