Jahon chempioni maydonda ko'z yoshi to'kdi - «A» seriyada katta janjal. «Latsio» muxlislari bechora Samuel Umtitini maydonda yig'lashga majbur qilishdi.4 yanvar kuni Italiya elit ligasi ham JCh-2022 tufayli yuzaga kelgan tanaffusdan qaytdi. 16-turning markaziy o'yini Milanda «Inter» va «Napoli» o'rtasida kechdi va unda mezbonlar 1:0 hisobida g'alaba qozonishdi. Biroq turning bosh voqeasi (afsuski. salbiy ma'noda) «oddiy»roq uchrashuv - «Lechche» - «Latsio» to'qnashuvida kuzatildi.O'ta muqobil qarashlari bilan tanilgan Rim klubi muxlislari avvaliga «Lechche»ning zambiyalik hujumchisi Lameka Banda o'yinini izdan chiqarishga urinishdi. Undan tashqari, 2018 yili Frantsiya termasi safida jahon chempioniga aylangan himoyachi Samuel Umtiti ham etarlicha jarb ko'rdi. Banda birinchi bo'limdan so'ng almashtirilgach, rimlik tiffozilar aynan Umtitini «nishon»ga olishdi. Muayyan holatda hammasi shu qadar taranglashdiki, bosh hakam Livio Marinelli o'yinni to'xtatishdan o'zga chora topolmadi. «Lechche» prezidenti Saverio Stikki Damianining so'zlariga qaraganda, stadion suxandoni mehmon jamoa muxlislarini tartibni saqlashga chaqirganidan so'ng Samuelning o'zi uchrashuvni davom ettirishni so'ragan. «Irqchilikka yo'g'rilgan haqoratlar kuchayib ketgach, hakam o'yinni to'xtatishga majbur bo'ldi. Stadion suxandoni muxlislardan tartibni saqlashni iltimos qilgach, Umtiti o'yinni davom ettirishni so'radi. U haqoratlarga shu tariqa javob qaytarishni istadi. Samuel bu holatda o'zini chin chempiondek tutdi», - deya Damiani so'zlarini keltirdi Mirror nashri.Biroq Umtitining umumiy holati uncha yaxshi emasdi. Har holda, u final hushtagidan so'ng maydonning o'zida yig'lab yubordi.To'g'ri, «Lechche» muxlislari futbolchini olqishlar bilan kuzatib qo'yishdi. Yakuniy natijaga kelsak, mezbonlar irodali g'alabani tantana qilishdi - 2:1.Umtiti o'yindan so'ng ijtimoiy tarmoqlarda ixcham post qoldirdi: «Buyuk g'alaba». U bunga #forzalecce xeshtegini qo'shib qo'ydi. «Lion» vakillari Jerom Boateng va Aleksander Lakazett, «Reding» a'zosi Nabi Sarr va «Latsio»ga qarshi o'yinda hisobni tenglashtirgan Gabriel Espeto darhol Umtitiga tasalli so'zlarini yuborishdi. «Irqchilik sadolari chempionimizga atalgan olqishlar ostida «bo'g'ilib» qoldi!» - «Lechche»ning «Tvitter»dagi sahifasida shunday yozuv paydo bo'ldi. Mojaroga FIFA prezidenti Janni Infantino ham befarq qaramadi: «Samuel Umtiti va Lamek Banda bilan birdammiz. Keling, baland ovozda aniq-tiniq baqiraylik: IRQChILIKKA O'RIN YO'Q! Mayli, muxlislar (ular yaxshi insonlar) o'z joylaridan turib, irqchilar guruhi og'zini bir bora va abadiy yopib qo'ysinlar».Samuel Umtiti 2016 yili «Barselona» safiga qo'shilgandi, biroq keyinchalik jarohatlar ta'sirida Kataloniya klubi tarkibidagi o'rnini yo'qotib qo'ydi. Shu tariqa «Barselona» 2022 yilning yozgi transferlar vaqti frantsiyalik futbolchini mavsum oxirigacha «Lechche»ga yubordi - sotib olish huquqisiz ijara kelishuvi.D.ALIMOV tayyorladi
15-Yanvar 2023,09:40