Argentina terma jamoasi 2022 yilgi jahon chempionatidagi g'alabasidan so'ng bu mamlakat futbolchilariga talab ortishi shubhasiz. Eng iqtidorli argentinalik yoshlarni har doim Evropaning top-klublari skautlari yaqindan kuzatib borishgan, Qatarda Lionel Messi va uning jamoadoshlari dunyoga o'z mamlakatining futbol bozorini eslatdi. Eng iqtidorli argentinaliklarni «Barselona» ham o'ziga jalb qildi, rahbariyat ikkinchi Leoni topishga umid qilmoqda. Misol uchun, Marca nashri xabariga ko'ra, Kataloniya klubi «Veles Sarsfild» vingeri Janluka Prestianni uchun «Real» bilan kurashmoqda. Yigitning vatanida unga «yangi Messi» laqabini berishgan.
Yaqinda «Barselona» «Ferro» vakili Lukas Romanni sotib oldi. Bitim atigi 1,2 million evroni tashkil etdi (yana 3,5 million evro esa bonus sifatida yozilgan) va yangi kelgan futbolchi uch yarim yillik shartnoma imzoladi. «Barsa» va Roman o'rtasidagi shartnomada e'tiborga molik, chunki unda kompensatsiya miqdori mavjud. Lukasning huquqlarini sotib olmoqchi bo'lganlar 400 million evro to'lashlari kerak bo'ladi. Har qanday klub sug'urta qilishga intilishi aniq, ammo hali porlab chiqmagan yigit uchun bunday mablag' haddan ziyod ko'p! Darhaqiqat, yigitcha 2026 yilning yoziga qadar, hatto juda foydali taklif bo'lsa ham, o'z xohishi bilan Kataloniya klubini tark etmaslikka rozi bo'lgan. U qisqa vaqt ichida Kilian Mbappe darajasiga etmoqchi. Roman professional o'yinlarda kamtarona tajribaga ega. 2022 yilgi mavsumda u Argentina chempionatining ikkinchi divizionida 27 ta o'yin o'tkazdi, bu o'yinlarda u 3 ta gol urdi va bitta golli uzatmani amalga oshirdi. U turli pozitsiyalarda harakat qildi: o'ng qanot vakili, hujumchi ortida va hujumkor yarim himoyachi. Katta ehtimol bilan Lukasni kataloniyaliklarga Argentina yoshlar terma jamoasini boshqarayotgan «Barselona»ning sobiq futbolchisi Xaver Maskerano tavsiya qilgan. Roman Argentinaning turli xil yoshlar terma jamoalarida ham o'ynagan. U erda yana bir mashhur argentinalik sobiq futbolchi - Pablo Aymar bilan ishlagan. Lukas ancha mobil va hujumkor o'yinchi. Tezkor va epchil bo'lgani uchun Pocho laqabini oldi. Texnika va zarba tomonlama mukammal o'yinchi. Roman o'ng qanotda o'ynashni yaxshi ko'radi va u erdan markazga o'tib, kuchli chap oyog'i bilan darvozaga tahdid soladi, xuddi Messi kabi! Uzoqdan zarba berish qobiliyati ham ajoyib. Skautlar «Barselona»ga yangi kelgan futbolchining etakchilik fazilatlarini qayd etishdi.
Argentinada Maskerano bilan birga ishlayotgan Kataloniya klubining sobiq bosh murabbiyi Oskar Ernandes Romero Cadena SER nashriga bergan intervyusida Romanning transferi haqida shunday fikr bildirdi: «Bu qiziqarli shartnoma. Lukas vinger yoki hujumkor yarim himoyachi. U juda tezkor o'yinchi, kerakli paytda o'z texnikasidan unumli foydalana oladi. Jarima maydonchasi tashqarisidan juda yaxshi zarba yo'llaydi». Romanni «Milan» va Argentinaning top-klublari sotib olishmoqchi edi. «Barsa» Lukasga da'vogar sifatida barchadan o'zib ketdi. Endi argentinalik futbolchining narxi 1,2 million evro emas, balki 400 million evroni tashkil etmoqda. Buni tovon puli sifatida belgilagan holda ko'pchilik klublarning unga qurbi etmasligi aniq. Biroq Roman «Barselona» tarkibida shartnoma muddati ichida juda ham yirik tovon puli mavjud bo'lgan birinchi yosh futbolchi emas. Xususan, Pedri, Gavi, Ansu Fati, Ronald Arauxo, Jyul Kunde va Ferran Torresning jami 1 milliard evro miqdoridagi to'lovlari borligi xabar qilingandi! Ammo ular argentinalikdan farqli o'laroq, allaqachon «ko'k-anorranglilar» tarkibida o'zlarini ko'rsatishgan.
20-Yanvar 2023,13:00
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0