Yoxan Kroyff vafot etganiga ham 7 yil bo'ldi. Endi mash'alani ko'tarish navbati uning o'g'li Xordi Kroyffga etdi va aytish kerak 48 yoshli sobiq futbolchi o'z mas'uliyatini jiddiy qabul qilmoqda. Otasi rahbarligida Xordi 1994-1996 yillarda «Barselona»ning asosiy jamoasi o'yinchisi sifatida ikki mavsum o'tkazdi va keyinchalik «MYu»ga o'tdi. Chorak asr o'tgach, u 2021 yilda «Kamp Nou»ga «blaugrana»ning texnik kotibi sifatida qaytdi. Xordi otasining merosini davom ettirish niyatida...
- Otangizning surati yonida o'tiribsiz. U haqida qanchalik o'ylaysiz?
- Odamlar mendan doim otam haqida so'rashadi. Uni o'yinchi sifatida eslagan keksa yoshdagilar menga u haqida ko'z yoshlari bilan aytib berishadi. Yoshlar esa FIFA o'yinida otam juda yuqori ko'rsatkichlarga ega ekanligini aytishadi. Uning ismi hamma joyda: uning sharafiga ikkita stadion nomlangan, Pep Gvardiola otamning falsafasi u uchun qanchalik muhimligini ta'kidlaydi. U o'zgacha odam edi: u Niderlandiya qirolichasi bilan uch daqiqa, keyin esa farrosh bilan 20 daqiqa gaplasha oladigan odam edi.
- Yoxan Kroyffning o'g'li bo'lish qiyinmi?
- Men yosh futbolchi bo'lishda qiyinchiliklarga duch keldim, chunki odamlar meni taqqoslab bo'lmaydigan narsalar bilan taqqoslay boshladilar. Siz o'ladiganni o'lmas bilan taqqoslay olmaysiz. Angliyada men o'z yo'limni boshladim.
Men otam, uning futbol merosi va jamg'armasi bilan juda faxrlanaman. Dunyo bo'ylab 300ga yaqin Kroyff kortlari mavjud bo'lib, ularda oddiy bolalar, shuningdek, alohida ehtiyojli bolalar o'ynaydi, shunda ularning barchasida jismoniy va ruhiy salomatligini yaxshilash uchun joy bo'ladi. Bu Kroyff jamg'armasining vazifasi. Otam maktabni tugatmadi, lekin mening ta'lim olishimni qat'iy talab qildi va agar baholarim yomon bo'lsa, bir oy davomida futboldan mahrum qilardi. U hayot uchun «V rejasi» bo'lishini xohladi va bu «Kroyff instituti» tashkil etilishiga sabab bo'ldi.
- Otangiz uyda qanday edi?
- U hech qachon uyda futbol haqida gapirmagan va uyga stress yoki his-tuyg'ularni, hatto baxtli narsalarni ham keltirmagan. Buning uchun undan juda hayratda qolganman. U yaxshi ota edi. Agar menga pul kerak bo'lsa, u buni mashinasini yuvdirish orqali berardi.
- «Barselona» 2021 yilda qaytdingiz. Hozir sizning rolingiz qanday?
- Men texnik va sport direktoriman. Futbolchilar bilan muzokaralar olib boradigan Xavi va Mateu Alemanyaga ancha yaqinman. Angliyada bizni bosh direktor, sport direktori va menejer deb atashadi. Ushbu tuzilma Ispaniya uchun normaldir. Endi Angliyada bir nechta klublar bor, masalan, «Manchester Siti», ammo Ispaniyada bu har doim ham shunday bo'lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo'ladi.
- Siz «Barsa», «MYu», «Selta», «Alaves», «Espanol», Donetskning «Metallurg»i va Maltaning «Valletta»sida o'ynagansiz. O'yinchi sifatida qaerda baxtli edingiz?
- «Alaves»da! Murabbiy Mane bilan birinchi marta restoranda uchrashdim va uni yaxshi ko'rardim. U jamoasiga «to'qqizlik» kerakligini aytdi, lekin unga bu mening pozitsiyam emasligini aytdim. Keyin u qaerda o'ynashimdan qat'i nazar, meni har qanday rolda jamoada ko'rishni xohlashini aytdi. Menda «Vest Xem» varianti ham bor edi, yaxshi taklif, lekin men kamtarona «Alaves»ni tanladim. Men katta narsaning oxirgi qismi emas, balki kichik narsaning muhim qismiga aylandim.
Mane menga o'yin haqida boshqacha tasavvur berdi. Men «Barselona» yoshlar tizimidan o'tdim, u erda siz g'alaba qozonishni o'rganasiz va azob chekmaysiz. «Alaves»da esa azob chekishni o'rgandim, haqiqiy futbolni o'rgandim. Jamoa ruhi aql bovar qilmas darajada edi va biz «Liverpul» bilan UEFA Kubogi finaliga chiqdik. Biz ma'lum bir iste'dodga ega edik va tavakkal qilib olovga tushdik. Finalda 5ta gol urdik, lekin baribir yutqazdik.
- Nega «Old Trafford»da ishlaringiz yurishmadi?
- Faoliyatim davomida juda ko'p jarohat oldim va bu menga «MYu»da pand berdi, u erda men jamoaning oddiy o'yinchisi edim. Zarur paytda labbay, deb javob berolmadim. Umuman mavsumni yaxshi o'tkazdim, ammo keyin jarohat oldim. Men o'ynagan o'sha buyuk «Yunayted» tarkibi - trebl sohiblarining oddiy a'zosi ekanligimni ko'rish mumkin, ammo o'sha paytda o'zimni dunyodagi eng zo'rman va ko'proq o'ynashim kerak deb o'ylardim. Barcha o'yinchilar o'zlarini dunyodagi eng yaxshi deb bilishadi. Ular faqat haqiqatning o'z versiyasini ko'rishadi, aslida esa bu haqiqat emas. Ser Aleks Fergyuson nima uchun ketishimga ruxsat berganini tushunaman.
- «Yunayted» siz uchun juda ko'p narsani anglatadigan Barselona shahrida treblni qo'lga kiritdi...
- Men bu «Yunayted» yili bo'lishini bilardim, lekin ko'proq o'yin daqiqalarini olish uchun yanvar oyida ketishim kerak edi va «Selta» mavsumning qolgan to'rt oyi uchun meni xohladi. Hatto xayrlashishga ham ulgurmadim. Faqat xat yozib uni echinish xonasidagi taxtaga yopishtirib qo'ydim.
- Otangiz tez-tez ko'chib yurardi. Siz ham uning uslubiga amal qilasizmi?
- Ehtimol. Otam Vashingtonda bo'lganida men Amerikada yashashni yaxshi ko'rardim. U o'ynagan ligalardan futbolkalarni yig'aman - menda yuzlab futbolkalar bor - va mening eng sevimlilarimdan biri bu Jorj Best kiygan futbolka. Men otamning faoliyati bilan bog'liq bo'lgan hamma narsani to'playman, chunki u hamma narsani berdi yoki qaerda qoldirganini unutdi, masalan, uchta «Oltin to'p» - u ularni qaerga qo'yganini eslay olmadi. Men otam bilan futbolka almashgan futbolchilar bilan gaplashdim va ular ularni oilamizga qaytarishdan juda xursand bo'lishdi. Ba'zilarini odamlar ko'rishlari uchun klub muzeylariga joylashtiramiz. Biz hech narsa sotmaymiz. Shu tariqa otam hamon biz bilan birga bo'lganga o'xshaydi.
- «Barselona»da Lionel Messi haqida yana kimdir gapiryaptimi?
- Boshida, u «PSJ»ga qo'shilganida, «Barselona»ga aloqador bo'lgan har bir kishi Messini boshqa jamoaning futbolkasida ko'rish qiyin edi. Ammo menimcha, u barcha barselonistlar tomonidan hurmatga sazovor. U futbol tarixidagi eng buyuk futbolchilardan biri va har doim hurmatga sazovor bo'ladi.
M.PO'LATOV tayyorladi
26-Fevral 2023,15:10
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0