"Barselona" bundan oldingi ikkita o'yinni omadsiz o'tkazdi. Avvaliga kataloniyaliklar Ispaniya kubogi yarim finalida “Real”dan (0:4) alamli mag'lubiyatga uchragan bo'lsa, keyin La Ligada “Jirona”ga (0:0) gol ura olmadi. Hujumchi Robert Levandovskining o'yini esa ligada sezilarli darajada pasaygan.
Qatardagi jahon chempionatigacha Levandovski Ispaniya chempionatida 14 ta o'yin o'tkazib, 13 bor raqiblar darvozasini ishg'ol qilgan. Shu tariqa, polshalik hujumchi har bir o'yinda o'rtacha 0,93 tadan gol urgan. Turnirdan keyin esa Robert 10 uchrashuv o'tkazdi va to'rtta gol urdi (har bir o'yinga o'rtacha 0,4 gol). Levandovski uchta uchrashuvni diskvalifikatsiya, bittasini jarohat tufayli o'tkazib yubordi. Agar La Ligada butun mavsumni oladigan bo'lsak, hujumchi 23 o'yinda 17 ta golga ega (har bir o'yinda 0,71).
Ko'rsatkichlar pasayib ketganiga qaramay, Levandovski La Liga to'purarlari ro'yxatida hamon etakchilik qilmoqda. Ikkinchi qatorda esa “Real” hujumchisi Karim Benzema u 14 ta gol urdi. JCh-2022dagi tanaffusga qadar frantsiyalik futbolchi Ispaniya chempionatida bor yo'g'i ettita o'yin o'tkazgan, chunki jarohati sabab ettita uchrashuvni o'tkazib yuborgan. 2022 yilning noyabr oyida Benzema beshta gol urgan bo'lsa, hozir u 14taga etdi.
La liga qayta boshlanganidan so'ng Karim 11 uchrashuvda to'qqiz marta raqiblar darvozasini ishg'ol qildi. "Real Madrid" futbolchisi Levandovskidan farqli o'laroq, o'yinida sezilarli o'sish kuzatildi. Butun mavsum davomida Benzema 18 ta o'yinda 14 ta gol urdi, ya'ni har bir o'yinda o'rtacha 0,78 tadan. Karim uchun bu ko'rsatkich to'purarlar poygasi peshqadamidan biroz yuqoriroq.
Levandovskining o'zi so'nggi o'yinlarini jarohat bilan o'tkazganini ta'kidladi: “Real” bilan kubok o'yinida Militaodan yoqimsiz zarba qabul qildim. Ikkinchi bo'limda o'ynash qiyin bo'ldi. “Jirona”ga qarshi o'yin oldidan yurolmay qoldim. Biz fizioterapevtlar bilan ishladik va men maydonga tushishga muvaffaq bo'ldim. Men og'riqdan o'ynamaydigan futbolchi emasman, doim jamoaga yaqin bo'lishga harakat qilaman. So'nggi ikki o'yin eng yaxshisi bo'lmadi, mavsum oxirida o'yinimni kuchaytirishim kerak.
Qancha gol ursam ham hech qachon xursand bo'lmayman. Jahon chempionatidan keyin o'yinim pasaydi, ammo oxirgi o'yinlarda butun jamoa yaxshi harakat qilmadi. Odamlar mendan nimani xohlashlarini bilaman. Umid qilamanki, mavsumning so'nggi o'yinlarida avvalgidek o'ynaymiz”, deydi Levandovski.
2023 yilda Kataloniya klubi 22 ta rasmiy o'yin o'tkazdi. Qizig'i shundaki, Levandovski - Pedri - Usmon Dembele triosi atigi uchta uchrashuvda birga maydonga tushgan. Bu Saudiya Arabistonida bo'lib o'tgan Ispaniya Superkubogining ikkita o'yini va "Real Sosedad" bilan kubok o'yini edi. Ushbu uchrashuvlarda Levandovski “gol+pas” tizimida 3 (2+1) ochko jamg'argan bo'lsa, Pedri va Dembele bittadan gol urishdi. Hozir ispan va frantsuz jarohat olganlar ro'yxatida, ular yo'qligida polyakning ko'rsatkichi sezilarli darajada pasaygan.
Nufuzli Marca nashri vaziyatni quyidagicha baholaydi: “Levandovski bilan bog'liq vaziyat xavotirli tus olmoqda. Hozir jamoaga chinakam polyak kerak, lekin uning ko'rsatkichi pasayib ketdi. "Barselona"ning yo'qotishlari juda sezilarli, garchi rahbariyat bunga e'tibor qaratmayapti. Qolganlar vaziyatni yaxshilashga harakat qilishyapti, ammo oxirgi o'yinlarda unchalik yaxshi harakat qilishmayapti. Ayrim o'yinlarda Levandovski ko'rinmayapti. To'p unga etib bormaydi va u vaziyatlar yaratmaydi”.
Ammo “Barselona” bosh murabbiyi Xavi vaziyatni xotirjamlik bilan baholadi: “Meni Levandovskining o'yini emas, faqat chempionlik haqida qayg'uraman. "Jirona"ga qarshi o'yinda bizda samaradorlik etishmadi, shu bois o'zimizni tanqid qilishimiz kerak. Afsuski, “Real”dan ochkolar sonini 15taga etkazish imkoniyatini qo'ldan boy berdik”.
Balki Pedrining qaytishi bilan vaziyat yaxshi tomonga o'zgarar. Hozir ispaniyalik o'zini yaxshi his qilmoqda, biroq uning qachon maydonga qaytishi hozircha noaniq.
16-Aprel 2023,15:30