"Barselona" prezidenti Joan Laporta muxlislar bilan suhbat chog'ida "PSJ" hujumchisi Lionel Messi tez orada Kataloniya klubi safiga qaytishini aytdi.
Laporta Ispaniya chempionatining 29-turidan o'rin olgan "Xetafe"ga (0:0) qarshi o'yin oldidan tribunada muxlislar bilan suratga tushdi va shu bilan birga muxlislarning savollariga javob qaytardi. Tomoshabinlardan biri "Barselona" prezidentidan Lionel Messining jamoaga qaytishi mumkinligi so'radi. Bunga Laporta darhol javob berdi: "Si" (o'zbekcha - "Ha"). Funktsionerning muxlislar bilan muloqoti aks etgan video Cadena Ser Carrusel Deportivo nashrining ijtimoiy tarmoqlarida chop etildi.
Oldinroq Birlashgan Arab Amirliklar kompaniyasi "Barselona"ga Messi bilan shartnoma imzolagan taqdirda moliyaviy feyr-pley va maosh bilan bog'liq muammolardan qochish imkonini beruvchi mablag'larga sarmoya kiritmoqchi ekani xabar qilingandi. "Barselona" hozirda bu qaytish uchun barcha mumkin bo'lgan variantlarni qidirmoqda.
17-Aprel 2023,12:50