Lionel Messining ikki haftalik diskvalifikatsiyasi «Oltin to'p»ning etti karra sohibining «PSJ»dagi faoliyati yakunlanishini anglatadi. Tomonlar o'rtasidagi hamkorlik shu yilning yozida to'xtashi kutilmoqda. So'nggi voqealar ko'pchilik bashorat qilgan tanqidni tezlashtirdi. Messi Saudiya Arabistoniga uchib ketdi, bu ajablanarli emas: Leo bu mamlakat elchisi va saudiyaliklardan mahalliy turizmni rivojlantirish uchun munosib pul oladi. «Barsa» prezidenti Laporta esa klub argentinalik futbolchini Kataloniyaga qaytarish uchun hamma narsani qilishini aytdi.
Messining Parij klubi bilan shartnomasida har qanday homiylik bitimlarini imzolash imkoni bor, ammo Arabiston yarim oroliga ekskurtsiya o'rniga Leo jamoa bilan bazada ishlashi kerak edi. «PSJ»ning haftalik mashg'ulotlar rejasi 30 aprel oqshomida e'lon qilindi - barchaga ertasi kuni kelish buyurildi.
Butun Frantsiya dam olayotgan, milliy bayramni nishonlayotgandi, ammo futbolchilar bundan oldingi mag'lubiyatni tahlil qilish uchun klub joylashgan bazaga kelishga majbur bo'lishdi. Ertasi kuni Leo Saudiyaga uchib ketdi, u mashg'ulotlarga kelishi kerak edi - argentinalik mashg'ulotlarda qatnashmaslik uchun maxsus ruxsatga ega emas edi. Natijada Leo mashg'ulotlar va o'yinlarda qatnashish uchun ikki haftalik taqiq oldi, jazo uning maoshiga ham ta'sir qildi.
Hech kim klubdan yuqori bo'la olmaydi - hatto Messi ham
«PSJ»ning pozitsiyasi shuki, Messining roziliksiz Saudiya Arabistoniga borishi klubga nisbatan hurmatsizlikdir. Bunday egoist yulduzni olib tashlash orqali frantsuz funktsionerlari jamoada hech kim ustun bo'la olmasligini ko'rsatdi. Asosiysi, hech kim klubdan yuqori bo'la olmaydi.
Bu to'g'ri qaror, garchi qaysidir ma'noda «PSJ»da boshqa tanlov yo'q edi. Klubning 2023 yildagi holati shunchaki dahshatli: barcha musobaqalarda to'qqizta mag'lubiyat. Chempionlar ligasidan chiqqach parijliklar batamom taslim bo'lishdi va hatto Frantsiya chempionligi ham unchalik oson ko'rinmasdi. Jamoada motivatsiya va kurashish istagi yo'qoldi. So'nggi yillarda jamoaning kiyinish xonasi allaqachon abgor holga kelib bo'lgandi.
Hozir ham klub Kilian Mbappe atrofida qurilgan. «PSJ» frantsiyalik sardorning loyiha markazida bo'lishini, uning atrofida eng yaxshi frantsuz iqtidorlarini to'plashni istaydi. Hujumchi bilan asosiy qarorlar allaqachon qabul qilinmoqda: The Athletic xabariga ko'ra, sport direktori Luish Kampush va murabbiy Galtening olib kelinishi o'tgan yozda Mbappe tufayli sodir bo'lgan.
Messining o'rnida Mbappega ham xuddi shunday vaziyatda bo'lisharmidi, degan savol tug'iladi? Tribunadagi muxlislar argentinalikni unchalik yoqtirmaydi va shunday vaziyatda u Saudiya Arabistoniga ketib qoldi. Messini diskvalifikatsiya qilish qarori ko'p narsani o'zgartiradi. Muxlislarga argentinalik futbolchining «PSJ» uchun «Barsa»dagidek kuchini bermasligi yoqmaydi.
Bu munosabatlar tiklanishini, shuningdek, tomonlarning yangi shartnoma bo'yicha muzokara stoliga qaytishini tasavvur qilish qiyin – Messining amaldagi kelishuvi yozda tugaydi va bu bilan ularning Parij bilan tarixi yakunlangandek. Lekin bu umuman falokat emas, Leosiz klub yomonlashib qolmaydi.
Messi bilan xayrlashish muvaffaqiyatli kelajak kalitidir
Ha, ular o'ziga xos o'yinchini yo'qotadilar, ammo argentinalikka moslashish uchun «PSJ» doimo murosa qiladi. Galtening tizimi Messining mahoratidan maksimal darajada foydalanish uchun ishlaydi, ba'zida yarim himoyachilar Vitinya va Karlos Soler kabi boshqa o'yinchilarga zarar etkazadi. Uzoq muddatda Leodan voz kechish jamoaga muvozanatni ta'minlaydi. Messining formasi jamoani chempionlikka yaqinlashtirdi - uni Frantsiya chempionati va Chempionlar ligasidagi muvaffaqiyatsizliklarda albatta ayblab bo'lmaydi, Leoning 15 gol va 15 golli uzatmasi «PSJ»ga Liga 1da peshqadamlikni saqlab qolish imkonini beradi.
Ammo «PSJ» klubining uzoq muddatli manfaati uchun to'g'ri qadam tashlash kerak. Agar Parij kiyinish xonasi mentalitetini o'zgartirib, yangi g'alabalarga erishish uchun muvaffaqiyatga erishmoqchi bo'lsa, Messini qo'yib yuborish vaqti keldi.
15-May 2023,23:40