La Liganing 2022|2023 yillar mavsumi ko'pchilik kutganidek keskin va murosasiz janglarga boy tarzda o'tmadi.
Chempionlik poygasining taqdiri ham muddatidan ancha avval hal bo'ldi. Jahon chempionatidan keyin «Real» ochkolar borasida o'rnidan jila olmay qoldi, «Barselona» esa o'rtadagi farqni oshirdi. Lekin yodga olishga arziydigan voqealar faqat shu emas. Keling, mavsum yakunlari bilan tanishib chiqaylik.
Chempion: «Barselona»
EChL ishtirokchilari: «Barselona», «Real», «Atletiko», «Real Sosedad», «Sevilya»
EL ishtirokchilari: «Vilyarreal», «Betis»
Konferentsiyalar Ligasi ishtirokchisi: «Osasuna»
Quyi ligaga tushib ketganlar: «Valyadolid», «Espanol», «Elche»
Mavsumning eng yaxshi jamoasi
Jahon chempionatidan keyin «Real»ning o'yini juda pasayib ketdi. Buni jamoa bosh murabbiyi Karlo Anchelotti ham tasdiqladi. Natijada muxlislar chempionlik unvoni uchun murosasiz keskin kurashni tomosha qilishdan mahrum bo'ldilar. «Barsa» esa barqaror ishtirokni davom ettirdi. Yakuniy statistik ma'lumotlar shundan dalolat beradi - kataloniyaliklar mavsumni 28 g'alaba, 4 durang va 6 mag'lubiyat bilan yakunladilar, madridliklarda esa g'alabalar soni 4taga kamroq, mag'lubiyatlari 2taga ko'p. Garchi «ko'k, anor ranglilar» ham doimo sifatli o'yin ko'rsatmagan bo'lishsada, ustunlikni saqlay oldilar. Qolaversa, g'olibni muhokama qilmaydilar. «Barselona» - mavsumning eng yaxshi va barqaror jamoasi.
Eng yaxshi to'purar
La Liganing peshqadam snayperi unvoni Robert Levandovskiga nasib etdi. Polshalik sermahsul hujumchi La Liga doirasida 23ta gol urdi. Hozir «Real»ni tark etgan Karim Benzema 19 gol bilan ikkinchi natijani qayd etdi. Undan 3ta ozroq golni rasmiylashtirgan «Espanol» to'purari Xoselu etakchi uchlikdan joy oldi. E'tiborli jihati shundaki, polshalik to'purar notanish chempionatga moslashish uchun adaptatsiyaga ehtiyoj sezmadi, Kataloniya klubidagi ilk mavsumidayoq 20tadan ko'proq gol urdi. Robert hozir 34 yoshda, biroq yangi mavsumda ham hozirgidek sermahsul to'p surishi uchun asoslar etarli.
Eng yaxshi assistent
La Liganing etakchi assistenti unvoniga raqobatchilarini katta farq bilan ortda qoldirgan Antuan Grizmann sazovor bo'ldi. «Atletiko» hujumchisi 16ta samarali uzatmani amalga oshirdi. U 2 xonali raqamdagi yagona assist sohibi. 2-o'rinni band etgan «Real Sosedad» vakili Mikel Merino va «Real» vingeri Vinisiuslar hisobida 9tadan assist bor. Uning jamoadoshi Rodrigo 8ta samarali uzatma muallifi. Qadrdon klubiga qaytgani Antuan uchun omadli bo'ldi. Garchi frantsuz birdaniga yorqin o'yin ko'rsatmagan bo'lsada, hozir «matraschilar» etakchilaridan biri.
Eng yaxshi darvozabon
Mark-Andre ter Shtegen haqli ravishda yuksak unvonga loyiq topildi. «Barsa» posboni 26 uchrashuvda o'z darvozasi daxlsizligini ta'minladi. 2-o'rinni egallagan «Real Sosedad» kiperi Aleks Ramiro hisobida 15ta «quruq» o'yin bor. «Xetafe» posboni David Soria (13) etakchi uchlikdan joy oldi. Umuman, ter Shtegen mavsumni ishonchli o'tkazdi va ilk bora har bir o'yinda o'rtacha eng oz to'p o'tkazib yuborgan darvozabon uchun ta'sis etilgan «Samora» mukofotini qo'lga kiritdi.
Mavsum rekordi
Bu yuksak unvon ham ter Shtegen va «Barselona»ga tegishli. 26ta «quruq» o'yin bilan jamoa «Deportivo»ning rekordini takrorladi. Agar so'nggi turda jamoa «Selta»dan gol o'tkazib yubormaganida, mutlaq rekordni o'rnatardi. Yuksak natijada Mark-Andrening hissasi katta bo'ldi, La Liga tarixidan joy olgan 26 «quruq» o'yinning barchasida darvozani u qo'riqladi.
Mavsumning eng yaxshi qarori
Ortda qolgan mavsumning asosiy qismini «Sevilya» beqaror o'tkazdi. Evrokubok musobaqalarida ishtirok etgan jamoa o'zining suyukli EL turniriga qaytdi. Lekin ichki chempionatdagi ishlari talab darajasida emasdi. Oxir-oqibat, «roxiblankos» autsayderlar safiga tushib qoldi, rahbariyat avval Lopetegini, keyin Sampaolini iste'foga chiqardi, mart oyida Xose Luis Mendilibar bosh murabbiy etib tayinlandi. Ehtimol, bu ilojsizlik oqibatida yuzaga kelgan o'zgarishdir, ammo u aynan «Sevilya» uchun manfaatli qaror bo'ldi. Ispaniyalik murabbiy rahbarligida jamoa 12 uchrashuvning 6tasida g'alaba qozondi. Eng asosiysi, Mendilibar jamoa bilan ELda zafar quchdi, 12-o'rinni egallagan jamoa nufuzli sovrin va EChL yo'llanmasini qo'lga kiritdi.
Mavsumning eng omadsiz jamoasi
Mavsumdagi eng noxush pasayishni «Valensiya» qayd etdi. Atigi 4 yil avval EChLda to'p surgan jamoaning ichki chempionatdagi ishtiroki keskin pasayib ketdi: 2 marta 9-chi va 1 marta 13-o'rinlar. So'nggi mavsumni «ko'rshapalaklar» autsayderlardan 2 ochko o'zgan holda 16-o'rinda yakunladilar. Elitada jon saqlab qolganlar orasida faqat «Almeriya» ulardan yomonroq ko'rsatkichni qayd etgan. Qisqasi, «Valensiya» tub islohotlarga muhtoj - jamoa tarkibida ham, rahbariyatda ham. Biroq klub prezidenti Piter Lim bu o'zgarishlarga qo'l urishiga ishonish qiyin. Jamoa jiddiy inqirozni boshdan kechirmoqda, vaziyatni o'nglashi mumkin bo'lgan omillar esa, hozircha ko'rinmayapti.
A.AHMEDOV tayyorladi
22-Iyun 2023,19:50
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0