Joau Feliks yana "Atletiko" rahbariyati bilan munozaralarga bormoqda. Bu safar u "Barselona"ga o'tmoqchi.
"Barselona" doimo mening birinchi tanlovim bo'lgan va doimo ushbu jamoaga o'tishni istaganman. Buni bolaligimdan orzu qilganman. Agarda ushbu transfer amalga oshsa, ushalmas orzuim deb o'ylaganim ushalgan bo'lardi", - dedi futbolchi Fabritsio Romanoga.
Uning niyati jiddiyga o'xshaydi: "Atletiko" Joaudan 7-raqamni olib qo'ydi. Mahalliy matbuotning yozishicha, futbolchi boshqa klublardan tushadigan takliflarni oxirigacha rad qiladi. Feliks va uning agentining fikriga ko'ra, Joauning o'yin uslubi "Barselona"ga to'liqligicha mos tushadi.
Mana endi serial boshlanmoqda.
"Atletiko"ning jaxli chiqdi, muxlislar Joauni yomon ko'rishni boshladi
Jurnalist Ruben Uriyaning fikriga ko'ra, "Atletiko" Feliksning gaplari va o'zining tutishidan juda xafa bo'lgan: intervyu klub bilan kelishilgan holda berilmagan, futbolchining o'zi mashg'ulotlarda unchalik katta kuch bilan ishlamayapti va Toma Lemar bilan yoqalashib ketishiga bir bahya qoldi.
Shu sababli klub futbolchiga qattiq ultimatum qo'yishga majbur bo'ldi: agarda u ijara asosida jamoadan ketadigan bo'lsa, maoshini ham to'lamasligini aytgan. "Barselona" futbolchini olayotganda bir yo'la maoshining to'lanishini ham bo'yniga olishi kerak bo'ladi. Joau esa "Atletiko"da yiliga 16 mln evro maosh oladi.
Muxlislar ham portugaliyalikning qiliqlariga shunchaki qarab o'tirishgani yo'q: "Vanda Metropolitano" yonidagi uning nomidagi joyni olib tashlashdi va ustiga "iks" chizib, shunday yozuv qo'yishdi: "Itvachcha. Yo'qol, "Barselona"ngga".
Luis Migelsantsning qo'shimcha qilishicha, futbolchining bunday intervyu berishi uning agenti Jorje Mendeshning strategiyasi hisoblanar ekan. U qishdayoq mijozini "Barselona"ga olib o'tmoqchi bo'lgandi: klublar muzokaralar olib borishgan, biroq "Barselona" moliyaviy muammolari sababli transferni amalga oshira olmagandi. Shu sababli Feliks "Chelsi"ga ketdi, yakunda London klubi uni sotib olmasligini ma'lum qildi.
Ijaradan qaytganidan keyin Feliks APLdan takliflar kutdi, biroq bu taklif faqatgina "Aston Villa"dan keldi.
"Barselona"ning o'yin uslubini inobatga olsak, Joau u erda etakchi bo'la olardi, - dedi Simeone intervyularidan birida. - Avvalo u barcha takliflarining moliyaviy jihatlarini ko'rib chiqishi kerak. Bu biz uchun ham muhim ahamiyatiga ega".
Feliks Simeone bilan ham chiqishib keta olmadi
Uning "Chelsi"ga ketishi sababini barcha biladi - Simeone bilan og'ir munosabatlar. Ular rostdan ham bir-biri bilan unchalik chiqishib keta olishmadi: ba'zida futbolchi zaxiraga olinganida Simeonening qo'lini siqib qo'ymasdi va zaxira o'rindig'ida juda ko'p ortiqcha qiliqlar qilardi. Feliks "Atletiko"ga nafaqat ruxan, balki, taktik tomondan ham mos tushmadi.
Bunga birinchi sabab sifatida yoshini keltirsak, ikkinchisi uslubiy nuqtai nazardan: Joau ba'zida vaziyatlarda juda tez taslim bo'lib qolardi, bu esa "Atletiko"ning tizimiga mos tushmasdi. O'z navbatida bosh murabbiy biror futbolchining o'yin uslubi atrofida o'yin qurishni istamadi, portugaliyalik esa Choloning taktikasida o'ynay olmadi.
Joau esa noqulay bo'lgan vaqtlari gapirishga ham qo'rqmadi: "Mening maydondagi joyim ham, "Chelsi"ning "Atletiko" bilan o'yindagi farqi ham bor. Bu erda menga ko'proq erkinlik berishmoqda va o'z futbolimni ko'rsatishimga to'sqinlik qilishmayapti. Jamoa hujumkorlikni va to'pni ushlab turishni yaxshi ko'radi. Bu men o'ynashni istaydigan uslub. Bu erda o'zimni juda erkin his qilyapman.
Menga aynan shu etishmayotgandi. "Atletiko"ga qarar ekanman, jamoa bir vaziyatni yaratish uchun ancha vaqt jim turadi. Bu raqobat qilish uchun uning uslubi, men unga moslasha olmayapman. O'zimni etarli darajada erkin his vila olmadim. Boshim omadsizliklarga o'rganib qoldi va yakunda kuchsiz bo'lib, egildi. Bundan qattiq charchadim. "Chelsi"da o'ynayotganimdan mamnunman".
O'z navbatida Simeone janjal qilmadi va futbolchisini doimo omma oldida himoyalab, maqtab turdi. Biroq u ketganidan keyin kiyim almashtirish xonasidagilar anchagina chuqur nafas olib qo'yishdi: "Endi bu erda barchamiz bir maqsad yo'lida o'ynaymiz. Oldin bunday bo'lmayotgandi, barchamiz guruhlarga bo'linib ketgandik. Endi birdamlik barchamizni birlashtiradi, "Atletiko" chiroyli o'yin ko'rsatadi. Barchamiz xursandmi", - dedi Markos Lorente.
O'yin sifatida o'zgarish bo'ldi: "Atletiko"ni mag'lub etish qiyinlashdi, barcha futbolchilar Simeonening tajribasiga qattiq ishonishdi. Feliks qurbon qilingan joydagi Antuan Grizmann esa barchadan ko'ra ko'proq o'ynadi.
Natija - Joau "Atletiko"ga kerak emas. Uni yozda jamoadan ketkazib yuborishmoqchi va eng asosiy xaridor "Barselona" bo'lib turibdi.
Feliksni olib kelish uchun "Barselona" moliyaviy holati etarlimi?
Buning uchun futbolchilarni sotish kerak. Insayder Jerar Romeroning ma'lum qilishicha, "Atletiko" LaLiga bilan Feliksni "Barselona"ga sotish borasida maslahat olgan. Ammo rahbariyat hozircha buning iloji yo'qligini ma'lum qilgan. Kataloniya klubi futbolchi uchun yiliga 5-6 mln evro maosh ham bera olmaydi.
Eng yaxshi variant - sotib olish huquqi bilan ijaraga olish. "Atletiko" esa buni istamayapti va o'z shartlarini qo'ygan: "Barselona" futbolchining ijarasini to'lashdan tashqari, yillik maoshini ham to'lashi kerak bo'ladi va undan tashqari, futbolchini eng kamida 45 mln evroga sotib olishi kerak. Biroq "Barselona" summani pasaytirish uchun Ferran Torres yoki Frank Kessieni qo'shib bermoqchi. Ammo Kessie "Atletiko"ga o'tishni istamayapti.
Aytgancha, "Barselona" hali ham Ferranning pullarini "Manchester Siti"ga o'tkazib bermagan, agarda klub uni 40 mln evrodan kamiga sotsa, anchagina ziyon ko'radi. "Atletiko"ning Feliksni sotishi esa asosiy maqsad bo'lib ulgurgan. Torres esa ijarada o'ynashni istayotgani yo'q.
Romeroning ma'lumotiga ko'ra, "Barselona"ning holati biroz og'irroq. O'z navbatida Xaviga ham portugaliyalik unchalik kerak bo'lmayapti. Unga portugaliyalik boshqa bir futbolchi Bernardu Silva ko'proq kerak.
Mirjalol Normatov tarjimasi
22-Iyul 2023,19:45
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0