«Barselona» akademiyasida tahsil olgan yosh futbolchilar Evropa Chempionlar Ligasini shunchaki, «yondirishmoqda».Ular kechagina mashhur «La Masiya»da birga shug'ullanishgandi, endi esa asosiy evrokubok doirasidagi o'yinlarning eng yaxshi futbolchisi maqomini olishmoqda.Evropada qaysi klubning akademiyasi eng yaxshisi? Bu savolga har tomonlama to'g'ri javob berishning iloji yo'q. Lekin «Barselona» dargohi - «La Masiya»ning eng yaxshi akademiyalardan biri ekanligiga shubha yo'q. Mana, yaqindagina «Barselona» bilan amaldagi shartnomasi muddatini uzaytirgan Fermin Lopes Chempionlar Ligasi 3-turidan o'rin olgan «Shaxtyor»ga qarshi o'yin (2:1)da jamoasi gollaridan biriga mualliflik qildi. Yakunda aynan 20 yoshli yarim himoyachini uchrashuvning eng yaxshi futbolchi sifatida e'tirof etishdi. Shu o'rinda aytish kerak, «Barsa» va Fermin o'rtasidagi yangi shartnoma 2027 yilgacha mo'ljallangan bo'lib, unda ko'rsatilgan tovon puli miqdori 400 million evroga teng.ChL 3-turida yana bir «masiyachi» o'yinning eng yaxshi futbolchisiga atalgan sovrin sohibiga aylandi. Gap hozirda «RB Leyptsig»da to'p surayotgan Xavi Simons haqida ketmoqda. Transfer huquqi bo'yicha «PSJ»ga tegishli niderlandiyalik iqtidor «Tsrvena Zvezda» bilan bahsda gol urib, jamoasining 3:1 hisobida g'alaba qozonishiga katta hissa qo'shdi. E'tiborlisi, Fermin Lopes va Xavi Simons «La Masiya»dagi mashg'ulotlarni bir vaqtda boshlashgan, qolaversa, ular tengdosh ham.
8-Noyabr 2023,23:20