U Ispaniya futbolida kuchli «madridizm» borligini ta'kidlamoqda.
«Barselona» prezidenti Joan Laporta navbatdagi «El-klasiko» oldidan Catalunya Radio mehmoni bo'ldi. Taniqli funktsioner shov-shuvli intervyusida so'nggi vaqtlar Kataloniya klubi atrofida tarqalgan turli gap-so'zlarga baholi qudrat izoh berdi. Barcamania.com sayti esa Laportaning eng e'tiborli 10ta bayonotini ajratib ko'rsatdi.
Hakamlarga pora berish
- Hech narsani isbotlay olishmaydi, chunki bularning barchasi bo'hton! Hech kim hakamlarga pul bermagan. Advokat sifatida shuni aytamanki, ayblovchilar qo'lidan hech narsa kelmaydi. Barchasi «Barselona» uchun oqlov hukmi bilan yakunlanadi.
Poraxo'rlik ayblovlari
- Enrikes Negreyra davlat xizmatchisi emas, boz ustiga, qonunbuzarlikning da'vo muddati allaqachon tugagan. Keling, ish sudga etib boradimi yoki yo'q - shuni kutaylik. Hozir esa «Negreyra ishi» shunchaki, sud muhokamalaridan oldingi bosqichda. Professional advokatman va ayblovchilar nimagadir erisholmasliklarini ko'ryapman.
Hokimiyat ichidagi «madridizm»
- Poytaxtda, hokimiyatning eng yuqori doiralarida har doim ijtimoiy «madridizm» alomatlari sezilgan va ayrimlar «Negreyra ishi»dan foydalanib, klubimizni qoralashga urinishmoqda. Ta'sir kuchiga ega aksariyat rahbarlar Madriddan. Ayni payt ham «Barselona»ni beqaror holga solish bo'yicha uyushgan kampaniya olib borilmoqda. Shafqatsiz va misli ko'rilmagan kampaniya. Takrorlayman, futbolimiz tepasida o'ta kuchli ijtimoiy «madridizm» mavjud. Oldin bu harakat bilan muvaffaqiyatli raqobatlashganmiz. Kimlardir «Barsa» yana yuksaklikka ko'tarilishidan qo'rqishadi. Chunki u hozir klub tarixidagi eng yaxshi prezident bilan olg'a bormoqda.
«Negreyra ishi»da shaffoflik
- Qaytaraman, hakamlarga texnik maslahat-xizmatlari uchun pul to'ladik. Bu ish Gaspar davridan buyon davom etmoqda va ehtimolki, Nunes rahbarligida ham shunday bo'lgandir. Hammasi odatiy hol, boshqa klublar ham shunday yo'l tutadi. Barchasi bank o'tkazmalari va hisob varaqalari orqali to'langan. Deylik, ish yuzasidan 629ta hisobot va 42ta kompakt-disk taqdim etdik, bu faqat 3 yillik hujjatlardir.
Sobiq politsiya komissari Vilyarexo so'zlari
- U g'irt yolg'onchi, allaqachon ustidan shikoyat yozganman. Agar Vilyarexo o'z so'zlaridan voz kechmasa, unga qarshi jinoiy ish ochishni talab qilaman, chunki bo'hton yog'dirish yaxshi emas. Takrorlayman, uning so'zlari haqiqatga umuman to'g'ri kelmaydi - katta yolg'on (Vilyarexo «Real» ham, «Barselona» ham hakamlarga pora bergani va Sandro Rosselni qamoqqa etaklagan dalillarni Laportaning o'zi tergov jarayoniga topshirganini aytgandi).
Rosselning chaqiruvi
- Barchasini katta va aqlli insonlardek hal qilamiz. Aslo yolg'on gapirmayman. Yolg'on ishlatib, do'stimning yuziga qarash - bu kino. Ayblovlarda haqiqat yo'qligini Rosselning o'zi ham biladi. Yo'q, janob Vilyarexo tsirkida qatnashmayman, allaqachon bu sahifani yopganman. Rossel qamoqdan chiqqanidan keyin uning uyida birga tushlik qildik. Keyin quchoqlashib, o'zaro kelishuvga erishdik, iliq munosabatlarni davom ettiradigan bo'ldik (oldinroq Rossel klubning amaldagi prezidenti bilan alohida uchrashib, undan barchasi uchun tushuntirish so'rashni xohlayotgani haqida xabarlar chiqqandi. Umuman olganda, Rossel, Bartomeu va Laporta birlashishi va barcha ayblovlarga qarshi yagona kuchga aylanishi kerak edi).
JCh-2030 finali
- Albatta, «Kamp Nou» 2030 yilgi jahon chempionati o'yinlarini qabul qilishini istardim. Bu masalada allaqachon so'rov yuborganmiz. Menimcha, kamida mundial yarim finalini olamiz, albatta. Chunki stadionimiz eng kattasi va barcha talablarga javob beradi, lekin ijtimoiy «madridizm» borligini unutmaslik kerak. Markaziy hokimiyat «Madrid» tarafida. Shunga qaramay, final huquqiga da'vogarmiz. Binobarin, «Kamp Nou» bunga loyiq, to'g'ri, hal qiluvchi bahsni bizga berishlari masalasida katta shubham bor.
Messiga hurmat
- Leoni alohida sharaflash masalasi kun tartibida bor, albatta. Umid qilamanki, 2024 yilning noyabri, ya'ni «Kamp Nou»ga qaytganimizda yoki 2026 yilning iyunida katta tadbir tashkil etamiz.
Peres bilan aloqa
- Florentino bilan to'g'ri munosabatdamiz. Albatta, uning «El-klasiko»da ishtirok etishini istardim, chunki bu o'yin futbol dunyosida eng sara shou sanaladi va har ikki jamoa vakillari stadiondan joy olishsa yaxshi bo'lardi.
Felish va Kanselu kelajagi
- Agar shunday o'ynashda davom etishsa, ularni olib qolishga harakat qilishimiz kerak, ammo barchasi Deku nima deyishiga ham bog'liq. Hozirgi maqsadimiz - La Ligada g'alaba qozonish, ChL, Ispaniya kubogi va superkubogida oxirigacha kurashish. Umuman, har doim Joau Felish kabi iqtidorlarga jiddiy qaraganman.
M. PO'LATOV tayyorladi
8-Noyabr 2023,00:00