Ladislav Kubalaning hayot yo'liga nazar solsangiz, Remarkning navbatdagi asarini o'qiyotgandek taassurot olasiz. Sharqiy Evropadagi kambag'al oiladan chiqqan, muvaffaqiyatga erishish uchun juda qiyin yo'lni bosib o'tgan bolakay hikoyasi.Laslo (tug'ilgandagi ismi) Kubala 1927 yil 10 iyunda Budapesht yaqinida ishchilar oilasida dunyoga kelgan.Kubala o'zining futbol yo'lini Vengriyaning “Ganz Torna” jamoasida boshlagan. O'sha paytlar eng qiyin davr edi: birinchi jahon urushidan qolgan asoratlar, ikkinchi jahon urushi boshlanishi mumkinligi haqidagi mish-mishlar. Laslo nafaqat futbol o'ynashi, balki juda ko'p ishlashi ham kerak edi. Bu qiyinchiliklar uning xarakteriga ta'sir o'tkazmasdan qolmadi.1945 yilda Kubala o'sha paytda eng kuchli jamoalardan biri — “Ferensvarosh” bilan shartnoma imzoladi. Laslo u erda uzoq qolmadi, lekin ushbu jamoada o'ynagani sababli Vengriya yoshlar terma jamoasidan chaqiruv oladi.1946 yilda Kubalaning otasi vafot etadi va u oila boshiga aylanadi. Qiyinchilik sabab oila qadimiy ajdodlari vatani bo'lmish Chexoslovakiyaga qaytishga qaror qiladi. Laslo u erda Ladislav ismini oladi. Chexoslovakiyaning Bratislava shahriga joylashgan mahalliy jamoa bilan kelishuvga erishadi. 1946 yil 27-oktyabrda Chexoslovakiya terma jamoasida debyutini o'tkazadi. Avstriyaga qarshi dastlabki uchrashuvidayoq Kubala o'z hisobiga gol yozdirib qo'yadi. Chexoslovakiya o'sha o'yinda 4:3 hisobida g'alaba qozonadi.1947 yilda esa Ladislav bosh murabbiyning qiziga uylanadi va turmush o'rtog'i bilan 3 farzandni voyaga etkazadi.Kubala Bratislavada uzoq qolmadi. Tez orada Vengriya o'z erlaridan chiqib ketgan qochoqlarni ortga qaytara boshlaydi. Kubala ham oilasi bilan Vengriyaga qaytishga majbur bo'ladi. Budapesht shahrining “Vashash” jamoasi Ladislavni o'z safiga qo'shib oladi. Vengriya terma jamoasi Kubala boshqa terma jamoada ishtirok etgan bo'lsa-da, ikkinchi terma jamoa sifatida uni qaydnomaga kirita boshladi. Bu esa uzoq davom etmadi. Futbolchi Chexoslovakiyaga josuslik qilishda gumonlanib, kuzatuv ostiga olindi. Kuzatuvlarning oxiri Kubalaning Vengriya armiyasiga chaqirilishi bilan tugaydi. Futbolchi armiyada xizmat qilishni istamasdi va ikkinchi marta mamlakatni tark etdi. 1949 yil yanvar oyida Kubala oilasi bilan Venadan qochib ketadi. Mana shu erda uning hayoti Remark kitoblaridek kechayotgandi. Italiyaning eng kuchli jamoalaridan biri “Torino” futbolchiga taklif bilan chiqdi. Bundan Vengriya futbol federatsiyasi xabar topadi va Kubalani umrbod futboldan chetlatishni so'rab FIFAga shikoyat qiladi. “Torino” vaziyat yaxshi tomonga o'zgarishiga umid qila boshladi. Kubala klubning rasmiy o'yinlarida ishtirok eta olmasdi. Turin jamoasi Ladislavni 1949 yilgi Lissabondagi “Benfika”ga qarshi o'yinga taklif qiladi. O'sha paytda Kubala endigina farzandli bo'lgandi va turmush o'rtog'i uni Portugaliyaga bormaslikka ko'ndiradi. Futbolchi turinliklar bilan birga parvoz qilmaydi. “Torino”ning Lissabonga sayohatining yakuni qanday bo'lganini ashaddiy futbol muxlislari bilisa kerak. “Torino” Lissabonda “Benfika” mehmoni bo'ladi. 4:3 hisobida mag'lubiyatga uchragan turinliklar ortga qaytishda aviahalokat natijasida foijaviy tarzda halok bo'ladi. Kubala turmush o'rtog'ining iltimosiga ko'ra uyda qoladi va o'sha samolyotga chiqmaydi.Ladislav uzoq vaqt tushkunlikda yashaydi. U birorta rasmiy o'yinda ishtirok etolmasdi, lekin oilasini boqish uchun pul kerak. Kubala shunda shaxsiy futbol klubini tashkil qilishga qaror qiladi. Jamoaga Sharqiy Evropadan kelgan qochoqlarni taklif etadi. Tarkibning asosiy qismini vengerlar va yugoslavlar tashkil etardi. Oxirgi pullariga jamoa uchun avtobus sotib oladi va Evropa bo'ylab sayohatga otlanadi. “Hungariya” (Kubala jamoasini shunday atagan) Avstriya bilan 3:3 hisobida durang o'ynaydi va Italiyani 3:1 hisobida mag'lubiyatga uchratadi. Shundan so'ng Ispaniyaga yo'l oladi.Qanday joyga borib qolayotganimizni sezayotgan bo'lsangiz kerak.Muxlislar bilan to'lgan Sevilya stadionida Kubala jamoasi Ispaniya ustidan 2:1 hisobida g'alaba qozonadi. Ladislavning o'zi o'sha o'yinda jarima zarbasidan gol uradi. Kubala ispan grandlari nazariga tushadi. “Real” va “Barselona”dan tushgan takliflar ichidan kataloniyaliklarni tanlaydi. “Nega?” degan savolga yo'l-yo'l libos yoqishini aytib o'tadi.1950 yilda Kubala Ispaniya fuqaroligini oladi. Ismini Ladislaoga o'zgartiradi. “Barselona” skautlar rahbari Pep Samiter FIFA ofisiga boradi va futbolchining rasmiy o'yinlarda qatnashish huquqini qaytarish uchun muzokara o'tkazadi.Soatlab davom etgan suhbatdan so'ng FIFA futbolchining diskvalifikatsiyasini 1 yilga qisqartirib beradi va “Barselona”ga shart qo'yadi. Unga ko'ra, kataloniyaliklar Vengriya futbol federatsiyasiga va “Pro Patrii” jamoasiga (Kubala “Torino”dagi omadsizlikdan so'ng shu jamoa bilan shartnoma imzolagan edi) pul to'lab berishi lozim edi.Kubalaning Kataloniya jamoasidagi ilk ustozi Ferdinand Dauchik bo'ldi. Dauchik boshchiligida klub 2 marta La Liga va 1 marta Ispaniya Kubogini qo'lga kiritdi.Kubala “Barselona” muxlislarining yoqimtoy futbolchisiga aylandi. Uning o'yinini yana ko'proq muxlis ko'rishi uchun kataloniyaliklar yangi stadion qurishni rejalashtiradi. O'sha stadion dunyoga mashhur “Kamp Nou” edi.Kubala Kataloniyadagi dastlabki to'liq mavsumida 19 o'yinda maydonga tushadi va 26 ta gol urdi. Ulardan 7 tasini bitta o'yinda “Sporting Xixong” darvozasiga uradi.Madridda esa boshqa bir vengriyalik futbolchi Ferens Pushkash etakchiligida super klub tuzilayotgandi. “Barselona” esa bunga ko'z yumib keta olmasdi. Yangi murabbiy Elenio Errera futbolchilarga alkogol mahsulotlarini iste'mol qilishni taqiqlab qo'ydi. Kubala alkogol mahsulotlarini ko'p ichardi, lekin rahbariyatning so'zini ikki qilmadi.Keyingi mavsum og'ir kechadi. Futbolchi sil sabab juda kam o'yinda maydonga tusha olmaydi, tuzalganidan keyin esa u jamoasining chempionat, Kubok va Superkubokni qo'lga kiritishiga yordam bergandi.Futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan so'ng Kubala “Barselona” murabbiyiga aylanadi. Lekin futbolchilikni qo'msayverdi. Shuning uchun “Espanol” jamoasiga o'ynovchi murabbiy bo'lib o'tib ketadi. U erda Alfred o di Stefano bilan birgalikda to'p suradi.Umrining oxirgi yillarida Kubala Parkinson kasalligiga chalinadi. 2002 yil 12 fevralda Barselonadagi shifoxonaga yotqizilgan Ladislav 2002 yil 17 mayda vafot etdi.1999 yilda “Barselona” o'zining 100 yilligini nishonladi va muxlislar o'rtasida “jamoaning eng yaxshi futbolchisi” kimligi haqida so'rovnoma o'tkazdi. So'rovnoma natijalariga ko'ra Ladislav Kubala eng ko'p ovoz to'pladi.Futbol tarixidagi afsonaviy futbolchilardan birining hayot yo'li shunday kechgan.
1-Yanvar 2024,19:10
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0