Ispaniyalik iqtidorli hujumchi Ferran Torres 21 yanvar kuni «Barselona» safida 100-o'yinini nishonladi.Diqqatga sazovor tomoni, u «Betis»ga qarshi kechgan safar o'yinida «xet-trik»ka erishib, yubiley sharafiga munosib sovg'a hozirladi. «Barselona» rasmiy sayti vakillari esa uchrashuvdan keyin Ferranni alohida tabriklab, quvonchli kunida undan intervyu olishdi. Hujumchi suhbat davomida ajoyib sport formasi va aqliy rivojlanishi haqida gapirdi, yana «akula» laqabiga munosabat bildirdi.— 100ta o'yin marrasiga erishish siz uchun nimani anglatadi?— Bu bir orzuning ushalishidir. «Barselona»ga o'tishning o'zi orzu edi, endi jamoa libosida 100ta o'yin... Tabiiyki, bag'oyat xursandman, klubga imkon qadar yordam berish va «Kamp Nou»da ko'p yillar qolishdan umidvorman.— Siz uchun qaysi onlar eng qadrlisi?— Jarohat va uzoq davom etgan majburiy tanaffusdan keyin «San-Mames» stadionida urgan golimni birinchi o'ringa qo'ygan bo'lardim. Albatta, biz yutgan ikki sovrin — mamlakat superkubogi va La Liga chempionligi ham muhim o'rin tutadi. Uchinchisi esa... Yo'q, bunisi lahza emas, balki mavsumning boshlanishi. Binobarin, eng yaxshi sport formasiga kirib oldim, mentalitetim o'zgardi, o'yin vaqti uchun kechgan kurash qiyinchiligini engib o'tdim. Oddiy aytganda, hammasini o'zgartirib, ko'proq imkoniyatga ega bo'la boshladim va endi ulardan unumli foydalansam, bas. Doim atrofimdagilarga bir gapni takrorlayman: «Imkonsiz ishning o'zi yo'q va agar o'z ustingizda qattiq shug'ullansangiz, muvaffaqiyatga erishasiz, oxir-oqibat».— «Barselona» uchun 25ta gol urishga ulgurdingiz va bosh murabbiy Xavi davridagi ikkinchi to'rurar bo'lib turibsiz. Xo'sh, u bilan munosabatingiz qanday? Aytingchi, Xavi faoliyatingiz uchun aynan nima qildi?— Avvalo, klubga olib keldi, salohiyatimga ishondi va meni loyihaning bir qismiga aylantirdi. Nafaqat undan, balki butun murabbiylar shtabidan bag'oyat minnatdorman. Mana, har bir mutaxassisning o'z yo'nalishi bo'yicha qo'llab-quvvatlayotgani maydonda ham aks eta boshladi. — Salamankada gol urib, o'tgan mavsumdagi shaxsiy natijangizni takrorladingiz. Keyin «Betis» darvozasini 3 marta nishonga oldingiz — shu «xet-trik» bilan joriy mavsumda urgan gollaringiz soni 11taga etdi. O'zingizga ishonch ortganini baralla ta'kidlash mumkinmi?— Hozir butun faoliyatim davomidagi eng yaxshi sport formasidaman. Har holda, hech qachon o'zimga bunchalik qattiq ishonmaganman. Ayniqsa, ruhiy jihatdan ancha kuchaydim.— Ortda qolgan shakllanish jarayoni qanchalik muhim, mentalitet-chi? — Hamma gap mentalitetda ekanligini anglaganimga ancha bo'ldi. Bu ham maydon, ham uning tashqarisida o'zingni yaxshi his qilishing uchun juda zarur sanalgan ishonchni yaratadi. Shuningdek, qattiq ishlash, kamtar va izchil bo'lishga ham zamin hozirlaydi. Oddiy aytganda, mentalitet boshqalardan ajralib turishingga yordam beradigan intizom asosidir.— Individual mentalitet jamoaga qanday singdiriladi? Umuman, sizning tajribangiz ruhiy holati past futbolchilarga ijobiy ta'sir ko'rsatishi mumkinmi?— Albatta, jamoa birligini saqlashga hissa qo'shishni xohlayman. Ba'zan hazillashaman, o'z tajribam bilan o'rtoqlashaman. Ha, hali yoshman, lekin shukrki, mavsumning murakkab qismini qanday engib o'tish borasida tajribam yo'q emas. Umuman, klubda hamma bir-biri uchun qayg'uradi va buni ko'rish kuchingizga kuch qo'shadi.— Xo'sh, Ferran Torres «Barsa» libosidagi 100ta o'yinda nechog'li o'zgardi?— Hozir butunlay boshqachaman. Ham shaxs, ham futbolchi sifatida. Ayniqsa, muammolarni hal qilishga yondashuv o'zgardi. Tabiiyki, 2,5 yil ichida ko'p narsalarni o'rganish mumkin. Takomillashish jarayoni to'xtamaydigan «Barselona» kabi klublarda esa o'rganish yanada osonroq. To'g'ri, talab ham qat'iy: har kuni tinimsiz o'rganishingiz va takomillashib borishingiz shart.— 2 yildan keyin qaerda bo'lishni xohlardingiz?— Ushbu jamoada qolib, unga sovrinlar yutishda qo'ldan kelganicha yordam berishni istardim.— «Akula» laqabiga munosabatingiz qanday, bu borada hazillar ko'pmi?— Boshida hamma hazillashardi, endi bu oddiy holatga aylandi. Takrorlayman, mentalitet juda muhim va jamoadoshlarim meni o'rnak sifatida ko'rsatishadi. Murakkab vaziyatdan chiqib ketishni uddalaganim va boshqalarni ham xuddi shunday yo'l tutishga undayotganimdan kelib chiqsak, laqab chakki emas, to'g'rimi? MUHAMMADXON tayyorladi
2-Fevral 2024,13:10
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0