Joau Feliksning kelajagi bir necha yillardan beri savollar tug'dirmoqda. 2019 yil yozida 127 million evro evaziga “Benfika”dan “Atletiko”ga o'tganidan beri umidli forvard ko'pchilikning e'tiborini tortdi. Buni transfer summasi bilan osongina tushuntirish mumkin. Har bir klub yosh hujumchi uchun 100 million evrodan ko'p to'lamaydi.
"Atletiko"dagi yomon davrdan so'ng portugaliyalik futbolchi mavsumning yarmini "Chelsi"da ijara asosida o'tkazdi va endi "Barselona"da xuddi shunday sharoitlarda o'ynamoqda. Yoz yaqinlashgani sari, Feliksning kelajagi haqida shunchalik ko'p savollar tug'iladi. Keling, unda qanday variantlar borligini ko'rib chiqamiz.
O'tgan yozda "Chelsi"dan qaytgach, Feliks "Barselona"ga o'tish istagini ochiqchasiga e'lon qila boshladi. Portugaliyalik dadil harakat qilib, "Atletiko"ning La Ligadagi bevosita raqiblariga o'tish fikrini bildirdi. Forvard La Liganing joriy mavsumidagi dastlabki uchta o'yinning birortasida ham maydonga tushmagan bo'lsa ajab emas. U ikkita o'yinni zaxirada o'tkazdi, uchinchisida esa Diego Simeone uni tarkibga kiritmadi. Feliksga omad kulib boqdi. Kataloniyaliklar uning chaqiriqlarini eshitishdi va "matraschilar" bilan futbolchini ijaraga o'tkazishga kelishib olishdi.
Ammo uning doimiy ravishda “Barselona”da qolishi aniq emas. Feliks Kataloniya klubida kuchli start oldi, transferdan keyin ikkinchi uchrashuvida gol urdi. Shundan so'ng portugaliyalik futbolchi La Ligada 9 o'yindan iborat golsiz seriyani davom ettirdi.
Gap hozir kataloniyaliklar futbolchini sotib olmoqchimi yoki yo'qligida emas, balki uni sotib olishga qodirligida. Avvaliga “matraschilar” futbolchi uchun 100 million evro talab qilishgan. Shundan so'ng madridliklar Feliks uchun 80 million evro so'ra boshlashdi. Endi esa "Atletiko" o'z talablarini 65 millionga qisqartirgan, ammo bu "Barselona" uchun hali ham qimmat. Biroq, ijara muddatini uzaytirish varianti saqlanib qolmoqda, agar "matraschilar" yaxshiroq takliflar olishmasa, bu ikkala klubga ham mos kelishi mumkin.
“Atletiko”
Feliksning "Atletiko"ga o'tishi g'oyasi kamida ikkita sababga ko'ra boshida qiziq tuyuldi. Birinchidan, yosh hujumchi Portugaliya chempionatida 15 ta gol urib bor-yo'g'i bitta yaxshi mavsum o'tkazdi, bu unchalik katta yutuq emas. Ikkinchidan, "matraschilar" "Barselona"ga o'tgan Antuan Grizmanning o'rniga hujumchi bilan shartnoma imzolashdi, ammo bular har xil turdagi futbolchilar.
O'shandan beri ancha vaqt o'tdi, lekin portugal haligacha maydonda frantsiyalikdek ishlamaydi. Shuning uchun bu transferlarni ekvivalent deb hisoblash mumkin emas.
Balki Simeonening texnik forvard uchun o'zining taktik rejalari bo'lgandir, ammo bu amalga oshmadi. Feliksning "Atletiko"da kelajagi borligini tasavvur qilish qiyin. Ayniqsa, u klubni tark etish istagini ochiqchasiga e'lon qilganidan so'ng. Madridliklar Grizmanni qaytarib oldilar va ularda Alvaro Morata ham bor. Bir muncha vaqt “Atletiko” portugaliyaliksiz ham Evropaning eng sermahsul jamoalaridan biri edi.
Uning qaytishi “matraschilar”ni jiddiy kuchaytirishi dargumon. Bundan tashqari, Feliks "Atletiko" haqida noxush gapirishda davom etmoqda. Simeone esa, mish-mishlarga ko'ra, portugaliyalikni boshqa jamoada ko'rishni istamayapti. Ko'rinishidan, tomonlar hamkorlikni uzaytirmaslikka bel bog'lagan. Ammo ular hali ham ajralish uchun maqbul variantni topa olmadilar. "Matraschilar" pul, futbolchi nufuzli klubni xohlaydi. "Atletiko"ga mos keladigan boshqa variant ham bor, lekin u futbolchiga mos kelmasa kerak.
Saudiya Arabistoni
Oxirgi yil davomida Saudiya Arabistoni bilan bog'lanmagan yulduz futbolchi bo'lmasa kerak. Saudiyaliklar futbolchini sotib olishga chindan ham qiziqayotgani haqida ma'lumotlar bor, lekin uning o'zi bu variantga qiziqmayapti.
Feliksni tushunish mumkin. "Atletiko" "Benfika"ga ergashib, 100 million evrodan ko'proq pul to'lagani uning aybi emas. "Matraschilar" bu xato uchun bir necha yillardan beri badal to'lashmoqda. Futbolchi madridliklar uchun mos emas va ular uni foydali sota olmaydilar. Futbolchi top-klubda o'ynashni istaydi va buning uchun uning imkoniyatlari bor, ammo beqarorlik muammosi hamma narsani buzadi. Feliksga doimo nimadir etishmayapti - mos muhit, o'yindagi barqarorlik va hatto maydondagi o'ziga xos pozitsiya. Balki u hali ham o'ziga mos murabbiy topmagandir.
Saudiya Arabistoni bilan variant “Atletiko”ga mos keladi. "Matraschilar" futbolchini qaerga sotish qiziqtirmaydi, chunki klub moliyaviy talablarini qondira oladi. Ammo 24 yoshda, faoliyatining eng yaxshi chog'ida Yaqin Sharqqa ko'chib o'tish g'alati qaror bo'lardi. Ammo evropada uning imkoniyatlari ko'p emas.
31-Mart 2024,17:50
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0