17 yoshli Pau Kubarsining «Barselona»dagi ishlari shunchaki, super!
O'smir yigitcha bir urinishda jamoaning asosiy futbolchilari qatoriga kirib oldi. Pau ayniqsa, «Napoli» va «Atletiko»ga qarshi kechgan o'yinlarda ortiq kelajak umidi emasligi, balki allaqachon haqiqiy «blaugrana»ga aylanib ulgurganini isbotladi.
- 17 yoshli yigit keng umum-e'tirofdan esankirab qolmaydimi? Atrofingda yuz berayotgan voqealar «og'ir»-ligini qanday ko'taryapsan?
- Ishoning, hozir mutlaqo xotirjamman. Zero, oilamiz a'zolari va do'stlarim hamisha yonimdalar, ular oyog'im erdan uzilishiga yo'l qo'ymaydilar. Tabiiyki, bu juda muhim. Umuman, tabiatan ancha bosiqman va hozir men bilan sodir bo'layotgan ishlarga ham oddiy jarayondek qarayapman.
- Tashqi ko'rinishingga qarab ham, ma'lum darajada qanday sifatlarga egaligingni bilib olish mumkin. Xo'sh, qandaydir bosimni his qilasanmi o'zi...?
- Bosimdan imkon qadar qochaman. Ammo «Barselona»dek klubda o'ynar ekansan, qo'shimcha bosimni his qilmasliging mumkin emas. Axir jamoa libosini kiyishning o'zi ko'p narsani anglatadi. Oddiy aytganda, «Barselona» futbolchilari hamisha katta bosim ostida o'ynashadi. Eng muhimi, buning ijobiy ta'siri kuchliroq. Ya'ni biz aynan bosim ortidan ham eng yaxshi futbolchilarga aylanamiz.
- Butun hayotingni «Barsa»ga bag'ishlaganingni aytgan eding. Xo'sh, shunday qadrli klub safidagi erta debyut yosh futbolchiga qanday ta'sir qilar ekan?
- Albatta, bundan faxrlanaman, axir aqlimni tanibmanki, «Barselona» tizimidaman. Ammo maydonga tushganimda, yoshim haqida o'ylamayman. Oddiy aytganda, o'zimni jamoaga yordam beradigan odatiy futbolchilardan biridek tutishga harakat qilaman. Yana fikrimni to'liq o'yinga qaratib, bor kuchimni ishga solaman.
- ChLda «Napoli»ga qarshi kechgan javob bahsining eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olinding. Bunday bo'lishini kutganmiding? Umuman, eng yaxshi futbolchiga atalgan sovrinni qo'lga olgach, xayolingdan avvalo, nimalar o'tdi?
- To'g'risini aytaman, avvaliga ishonmadim, kimdir ustimdan kulayotgandek tuyuldi. Keyin hammasi jiddiy ekanligiga iqror bo'lgach, jamoa manfaati yo'lida bajargan ishimdan bag'oyat mamnun bo'ldim. Binobarin, individual mukofotlar har qanday futbolchiga ko'tarinkilik bag'ishlaydi. Yana qo'shimcha qilishim kerak, bunday sovrinlar muayyan bir futbolchiga topshirilgani bilan butun jamoaniki hisoblanadi.
- Odatda uncha-muncha holatda to'pni yo'qotmaysan, o'ta tartibli harakatlanasan. Vaholanki, markaziy himoya chizig'ida xatoga yo'l qo'ymaslik juda qiyin. Asabiylik holatini engish masalasida qandaydir alohida formulang bormi?
- Ochig'i, nima deyishni ham bilmayman. Yo'q, biror-bir formula haqida gapirish ortiqcha. Shunchaki, bolaligimdan xotirjam o'ynashga o'rganganman. Ehtimol, murakkab vaziyatlarda ham jazavaga tushmaslik tabiatimga xos qirralardan biridir.
- Xavi oshkora tan oldi: «Agar to'p Pauda bo'lsa, o'zimni erkin his qilaman, chunki uning to'g'ri ish tutishini yaxshi bilaman». «Barselona» hayotida yorqin iz qoldirgan va muhim o'rin tutadigan shaxsdan shunday yoqimli maqtov eshitish duch kelgan iqtidorga ham nasib etavermaydi...
- Buni o'ziga xos avans sifatida qabul qilishim kerak. Axir Xavi nafaqat jamoa bosh murabbiyi, balki barcha davrlarning eng yaxshi futbolchilaridan biri sanaladi. Umid qilamanki, u menga baho berishda oshirib yubormagan. Xavining maqtovi zimmamga mas'uliyat ham yuklaydi. Chunonchi, murabbiyni uyaltirib qo'ymaslik uchun ham ikki hissa ko'p harakat qilishim kerak. Umuman, Xavining «Barselona»da men kabi yosh futbolchilarga katta ishonch bilan qarayotgani quvonarli hol. Gap taqdim etilayotgan shu imkoniyatdan qay tariqa foydalanishda.
- O'zi hozirgi yutuqla-ringda Xavining roli nechog'li katta?
- U har nafasda «La Masiya»ga ishonch bildiradi. Qolaversa, bizga ichki salohiyatimizdan maksimal darajada foydalanishda bevosita yordam beradi. Asosiy xislati - yosh yigitchalarga ham, jamoaning faxriy a'zolariga ham teng munosabatda bo'ladi. Bunday muvozanat o'z navbatida, jamoada ichki muhit yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi.
- Qiziq, aynan qaysi futbolchilar asosiy tarkibda o'z o'rningni topishingda hammadan ko'proq yordam berishdi?
- Bu borada kimnidir ajratib ko'rsatishim qiyin. Chunki barcha futbolchilar yordam qo'lini cho'zishmoqda. Umuman, «Barselona» - bir butun, yaxlit jamoa. To'g'ri, ayniqsa, taktika masalasi va shaxsiy ishlar yuzasidan katta yordam ko'rsatgan Ronald Arauxoni alohida tilga olishim kerak. Shuningdek, Joau Kanseluni ham - gap «Barselona»dagi eng quvnoq yigitlardan biri haqida ketmoqda. Joau hamisha atrofidagilarga yaxshi kayfiyat ulashadi, uning yonida o'zingni juda qulay his etasan beixtiyor.
- Kiyinish xonasida hazil-mutoyibaga vaqt bormi?
- Topiladi. Gohida hattoki, haddan ortiq ko'p hazillashamiz.
- Unda aytchi, senga qanday laqab berildi?
- Hozircha laqabim yo'q. Yigitlar kiyinish xonasida ba'zan oddiygina xirgoyi qilishlari mumkin: «Ku-Ku-Kubarsi». Diqqatga sazovor holat - muxlislar ham buni tribunalarda tobora ko'p va jarangliroq takrorlamoqdalar. Asosiysi, «Ku-Ku-Kubarsi» o'zimga ham juda ma'qul.
- Faxriy futbolchilar senga aynan nimalarni o'rgatishdi yoki o'rgatishmoqda?
- Ko'pincha aynan «Barsa» yulduzlaridan taqlid olishga urinaman - bu yanada yaxshi o'ynash salohiyatini o'zlashtirishning eng to'g'ri yo'li. Binobarin, faxriy klubdoshlarim dunyo futbolida eng zo'rlar qatoridalar. Tabiiyki, ayniqsa, o'z pozitsiyamda to'p suradigan futbolchilar harakatini obdon kuzatishga moyilman. Chunki rivojlanish uchun eng kuchlilarning eng kuchli jihatlarini «o'g'irlash» kerakligini yaxshi bilaman.
- Umuman, o'zingni qanday futbolchi sifatida tavsiflaysan?
- Asosiy sifatlarim - xotirjamlik va harakatchanlik. Har holda, to'pni jamoam darvozasi sari yaqinlashtirmaslik va hamisha nazorat ostida ushlab turishga zo'r beradigan himoyachilar toifasidanman. Yana uzatmalar uchun yaxshi vaziyat topishga jiddiy e'tibor qarataman.
- Asosiy kumirlaringni ayta olasanmi?
- Bolaligimdan Puyolga chin qahramonim sifatida qaraganman, yana Pikega ham. Puyol nafaqat maydon, balki uning tashqarisida ham ishonchliligi, kuchli ambitsiyasi va xarakteri bilan ajralib turardi. Haqiqiy namuna. Pike esa sal boshqacha. Uning harakatlarini ilk marta televizor orqali kuzatganimdayoq uslubi yoqib qolgandi.
- «La Masiya» sportchi va shaxs sifatida rivojlanishingda qanday o'rin tutdi?
- Bu erda «Barselona» DNKsi haqida ko'p gapirishadi. O'zi har doim to'p nazoratiga asoslangan futbolni qadrlab kelganman. «La Masiya»ning shakllanishimdagi o'rni? To'g'risi, buni to'liq ifodalab berolmayman.
- Lamin Yamal ham «La Masiya» tarbiyalanuvchisidir. Uni qanday ta'riflarding?
- Lamin hali juda yosh bo'lsa-da, jamoaning asosiy futbolchilaridan biridir. Uning gollari xotirjamlikni oshiradi. Akademiyada Lamin bilan ko'p yillar birga shug'ullandim va uning qanday yigit ekanligini yaxshi bilaman - ochiqko'ngil, samimiy, hazilkash. Hozirgi kompozitsiyada Laminning borligi ham o'zimni yanada qulayroq his etishimga xizmat qiladi.
- Mavsumning qolgan qismidan nimalar kutyapsan?
- Asosiy maqsad - ChLda imkon qadar uzoqroqqa borish va La Ligada muddatidan oldin taslim bo'lmaslik. Hali oldinda o'yinlar etarli va «Barsa» doimgidek oxirigacha kurashadi. Bunga zarracha shubham yo'q.
- Sizlarni ChLda «PSJ» to'sig'i kutmoqda...
- Birinchi o'yinni intiqlik bilan kutyapmiz. Axir anchadan buyon chorak finalga chiqolmagandik. Endi maydonda borimizni berishimiz aniq. O'ylaymanki, muxlislarni juda sifatli futbol va katta raqobat kutmoqda.
- Senga dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri - Kilian Mbappe qarshi turadi.
- Bu haqda hali o'ylamadim, har qanday vaziyatda o'zligimni yo'qotmaslik va dongdor raqibga imkon qadar jiddiy qarshilik ko'rsatishga urinaman. Aslida eng asosiysi - jamoaviy o'yin. Demoqchimanki, «PSJ» bilan bahsda avvalo, jamoaviy uyg'unlikka e'tibor qaratib, yuqori intensivlik bilan balanslashgan o'yin namoyish etishimiz kerak. Agar hamjihat to'p sursak, nafaqat Mbappe, balki «PSJ»ning boshqa hujumchilarini ham to'xtata olamiz.
- Oxirida «million dollarlik» savol: Kubarsi yana 10 yildan keyin o'zini qaysi darajada ko'radi?
- Hammasi yaxshi bo'lishi yo'lida izchil ishlashda davom etaman. Umid qilamanki, 10 yil davomida hayotim mazmuni sanalgan «Barselona»ning muhim qismiga aylanaman.
M.PO'LATOV tayyorladi
12-Aprel 2024,10:00