Transfermarkt portali muayyan futbolchining transfer operatsiyasidan eng katta pul olgan klublarni alohida e'tirof etdi.
Qiziq, bu masalada qaysi jamoalar alohida maqtanishga haqli?
5-o'rin - «Aston Villa» (Jek Grilish transferi). «Manchester Siti» 2021 yili istiqboli baland yarim himoyachini o'z safida ko'rish uchun 117,5 mln. evro to'ladi. Xullas, «Aston Villa» o'z tarbiyalanuvchisi transferi ortidan shuncha ishladi.
4-o'rin — «Liverpul» (Filippe Koutino transferi). «Qizillar» transferlarga katta mablag' ajratish barobarida futbolchilarni vaqtida sotishni ham yaxshi bilishadi. Misol uchun, 2018 yili Filippe Koutinoni «Barselona»ga qo'yib yuborish asnosida naq 122 mln. evroni qurtdek sanab olishgandi.
3-o'rin — «Benfika» (Joau Felish transferi). Bunday ro'yxat Portugaliya klubisiz to'liq bo'larmidi? Axir gap transfer siyosatini suvdek «ichiyu yuborgan» jamoa haqida ketmoqda. Xullas, «Atletiko» 2019 yili yosh yarim himoyachi uchun «Benfika»ga 127,2 mln. evro to'lagandi.
2-o'rin - «Barselona» (Neymar transferi). Futbol tarixidagi eng mojaroli transfer tarixi. Aslida Kataloniya klubi futbolchi sotishga ixtisoslashmagan. Biroq 2017 yili «PSJ» Neymar uchun 222 mln. evro taklif etgach, o'zini to'xtatib turolmadi. Qisqasi, «Barsa» braziliyalik yulduz transfer operatsiyasidan 134 mln. evroga teng foyda bilan chiqdi.
1-o'rin — «Monako» (Kilian Mbappe transferi). «PSJ» yana himmatli xaridor rolida. Parijliklar 2018 yili yosh goleadorni o'z tomoniga og'dirish yo'lida «Monako» g'aznasiga 180 mln. evro to'kkan edi.
13-May 2024,10:20