"Barselona" matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda klubning ikki yildan ortiq rekonstruktsiya qilinayotgan tarixiy "Kamp Nou" arenasidan olingan videoni e'lon qildi.
Videodan ko'rinib turibdiki, qurilish kranlari hamon stadion ustida osilib turganiga qaramay, arena o'yinlarni qabul qilishga deyarli tayyor.
"Stadion jihozlash bosqichida", — deyiladi video ostidagi izohda.
Eslatib o'tamiz, iyun oyi oxirida "ko'k-anorranglilar" 2025 yilning 10 avgustida o'z stadioniga qaytishini rasman e'lon qilgandi. "Kamp Nou" 2023 yilning yozida rekonstruktsiya qilish uchun yopilgandi. O'tgan mavsumda "Barselona" o'z uy uchrashuvlarini "Olimpik Lyuis Kompani" stadionida o'tkazdi.
2024/2025 yilgi mavsumda kataloniyaliklar "Real"ni 4 ochkoga ortda qoldirib, Ispaniya chempioniga aylanishdi. "Ko'k-anorranglilar" finalda ham "qaymoqranglilar"ni mag'lub etib mamlakat kubogi sohibiga aylanishdi.