"Barselona" futbolchilari Mark-Andre ter Shtegenni jamoa sardori sifatida qoldirishmoqchi.
Avvalroq, klubda darvozabonning o'zboshimchalik bilan belidan jarrohlik amaliyotini o'tkazgani va tiklanish muddatidan norozilik borligi ma'lum bo'lgandi.
Klub va murabbiylar shtabi ter Shtegenni sardorlik bog'ichidan mahrum qilmoqchiligi haqida xabarlar tarqalgan edi.
"Blaugranalfr"ning bir qator futbolchilari klubning Osiyodagi turnesi vaqtida bu borada o'z fikrlarini bildirishdi.
"Men uchun Mark - o'tgan mavsumdagi kabi jamoa sardori. U jahon darajasidagi o'yinchi va u ko'p yillardan beri shunday. U har doim bor kuchini klubga bag'ishlagan. Men uni qo'llab-quvvatlayman, bilishimcha, jamoa ham", - deydi yarimhimoyachi Frenki de Yong.
Ferran Torres, shuningdek, agar ovoz berilsa, nemis yana saylanishiga ishonch bildirdi.
"Ovoz berish bo'ladimi-yo'qmi, bilmadim, biz buni muhokama qilmadik. Ammo uning tajribasi va bu erda o'tkazgan yillarini hisobga olsak, ter Shtegen sardor bo'ladi, deb o'ylayman", - dedi "Barsa" forvardi.
Himoyachi Kubarsi Cadena SER nashriga bergan intervyusida posbonni qo'llab-quvvatladi: "Biz juda xotirjammiz. U bizning kapitanimiz va biz bundan xursandmiz".
Boshqa futbolchilar bu qadar aniq fikr bildirishmadi, shunchaki barchasi oydinlashadigan ovoz berish bo'lishini eslatishdi, deb yozadi AS.
O'qildi: 101 - Fikirlar: 0