Ispaniya grandlariga nisbatan e'tiborning umumiy evolyutsiyasi va jahon geografiyasi (2004-2025 yillar) yoxud Google Trends bo'yicha muhim, uzoq muddatli bahs-munozaralar tahlili. Google (sayyoramizdagi eng yirik qidiruv tizimi) va YouTube (asosiy videoplatforma) ma'lumotlari internet sahnasida turli futbol klublariga nisbatan qiziqish darajasini global miqyosda baholash imkonini beradi. Ushbu tahliliy maqola uchun ma'lumotlar Google Trends xizmatidan olingan bo'lib, bu 2004 yil 1 yanvar - 2025 yil 16 may oralig'idagi qidiruvlar foizini qamrab olgan.
«Real» va «Barselona»ni o'zaro taqqoslashda har bir mavzu bo'yicha qidiruvning nisbiy takrorlanishi, turli mamlakatlardagi so'rovlar miqdori hisobga olingan. Shuningdek, qidiruvlar toifalarga ajratilgan. Umuman, tarixiy tendentsiya tahlilida Google algoritmlaridagi o'zgarishlarni ham nazardan qochirmaslik talab etiladi. Zero, klublarga nisbatan qiziqish vaqt o'tishi bilan o'zgarib turadi. Google Trends xizmati esa eng ommalashgan 25 xildagi so'rov natijalariga qarash imkonini yaratadi. Qidiruvlar bo'yicha ma'lumotlar muxlislarning klublarga nisbatan qiziqishini to'liq ifodalamasligini ham aytish o'rinli. Oddiy aytganda, ushbu tahlil muxlislar soni (sotsiologik so'rovlar natijasi ko'proq mos keladi) yoki ijtimoiy tarmoqlardagi faollik emas, balki qidiruvlar dinamikasiga asoslangan - bu alohida mavzu. Xo'sh, oxirgi 20 yillikda global internet auditoriyasining Ispaniya futbolidagi eng muvaffaqiyatli ikki klubga e'tibori qay darajada o'zgarib turdi?Qiziqish dinamikasiGoogle Trends xizmati ma'lumotlariga ko'ra, 2004-2025 yillar oralig'ida dunyo bo'yicha Ispaniyaning eng mashhur klubi - bu «Real». To'g'ri, muayyan oraliq (2006, 2008, 2009 va 2011 yillar)da «Barselona» bu borada oldinga chiqib olganini ko'rish mumkin. Kataloniya klubining oltin davri ayni shu yillarga to'g'ri kelgani o'z-o'zidan tushunardi. «Anorranglilar» avvaliga Frank Raykaard boshqaruvi va Ronaldino etakchiligida, keyin Xosep Gvardiola rahbarligida butun Evropada mutlaqo boshqacha futbol ko'rsatishdi, yangi uslubni yaratishdi. Ha, 2005 yilning oxiridan keyingisining yarmiga qadar Google tizimida braziliyalik to'p afsungari (albatta, Ronaldino) ijrosidagi xaylaytlar butun «Barsa»ga nisbatan ko'proq qidirilgani ham faktdir. 2009 yildan esa «Real» va «Barselona»ning jahon miqyosida mashhurlik bobida barqaror o'sishi kuzatildi. Barchasi zamonamizning ikki eng buyuk futbolchisi - Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi o'rtasida boshlangan afsonaviy raqobatning asl samarasidir. Har holda, 2017 yilgacha har ikki klubga bog'liq qidiruvlar barqaror ravishda o'sib bordi. Ayni shu yillar davomida «El-klasiko» o'yinlari global media-voqeaga aylanib, televidenie reytinglariga daxldor rekordlarni yangiladi. Shuning barobarida La Liganing eng katta o'yinlari YouTube tarmog'ida ham eng ko'p ko'rilgan futbolcha videolar qatoriga kirdi. Biroq 2018-2021 yillarda vaziyat bir qadar o'zgardi. Xususan, Krishtianu Ronalduning 2018 yili «Yuventus»ga yo'l olgani natijasida e'tiborning ma'lum qismi Italiya «A» seriyasiga burildi. «Barselona» va «Real»ga qiziqish pasayishining qo'shimcha omillari ham bor: orada har ikki grand yorqin g'alabalar qayd etolmadi, tarkib nuqtai nazaridan avlodlar almashinuvi boshlandi, yana pandemiya davri ham xalaqit berdi. Ha, «Real» 2016-2018 yillar ChLda qatorasiga 3 marta g'alaba qozonib, mashhurlik bobida «Barselona»dan ancha o'zib ketdi. 2019-2021 yillar oralig'ida esa ikki azaliy raqib o'rtasidagi mashhurlik darajasi farqi minimal darajaga tushdi. 2022-2024 yillarda yana tub o'zgarishlar ro'y berdi: «Madrid»ga nisbatan qiziqish keskin oshdi, «Barselona» bu vaqtda Lionel Messisiz qolib, sport nuqtai nazaridan ham orqaga ketdi. O'rtada farq yana kattalashganini «Los Blankos»ning ChLdagi yangi g'alabalari va tarkibiga yorqin yulduzlar (Vinisius Junior, Kilian Mbappe) jalb etgani bilan ham izohlash mumkin. Mana, joriy yil muvaffaqiyatli mavsum va tarkibida «Oltin to'p»ga yaqqol da'vogarlarning paydo bo'lishlari ortidan «Barsa»ga qiziqish sur'ati yana tezlik oldi. Xo'sh, Kataloniya klubi yaqin kelajakda mashhurlik (qidiruv hajmi) bo'yicha «Real»dan yana o'zib ketishi mumkinmi? Bunga faqat va faqat vaqt to'g'ri javob bera oladi.Google tizimida Ispaniyaning etakchi klublariga daxldor mashhurlik dinamikasi (2004-2025 yillar)Davrlar bo'yicha mashhurlik indeksi«Atletiko» ikki gigantdan sezilarli darajada orqada, «matraschilar»ga nisbatan qiziqish faqat 2010-2015 yillarda kuchaydi. To'g'ri, oxirgi 2 yilda bu borada barqaror o'sish bor. «Sevilya» va «Valensiya» klublari esa joriy asr boshida katta mashhurlikka erishdi, so'nggi bir necha yildan buyon esa etakchilar bilan o'rtadagi farq tobora kattalashib bormoqda. Jumladan, 2014 yil «Sevilya» uchun salbiy ma'noda burilish nuqtasiga aylandi. O'shanda andalusiyaliklar Ispaniya klublari orasida 3-o'rinni «Atletiko»ga boy berishdi. 2025 yilda esa «Valensiya» ham ilk marta «Sevilya»dan o'zib ketdi.Google tizimida Ispaniyaning etakchi klublariga daxldor mashhurlik indeksi (2004-2025 yillar)Mashhurlik geografiyasi«Real» statistika yig'iladigan deyarli barcha mamlakatlarda eng mashhur klub hisoblanadi. «Barselona» esa atigi 8ta mamlakat (Sudan, Polsha, Burkina-Faso, Daniya, Ekvador, Ummon, Suriya va Tailand)da «Madrid»dan oldinda, xolos. Ispaniyaning o'zida ham «Madrid» yaqqol etakchi - 48 foiz. Mashhurlik bobida keyingi o'rinlar «Barselona» (35 foiz) va «Atletiko» (17 foiz)ga tegishli. Qit'alar miqyosida qarasak, Shimoliy Amerikada «Real» (57 foiz) mutlaq etakchi. «Barselona»ning eng yuqori natijasi Osiyoda - 41 foiz. «Atletiko» esa MDH (11 foiz) va Evropa (10 foiz)da nisbatan yaxshiroq pozitsiyaga ega.Google tizimida Ispaniyaning etakchi klublariga daxldor mashhurlik xaritasi (2004-2025 yillar)A.AHMEDOV tayyorladi.