
"Real" hujumchisi Kilian Mbappe "Barselona" darvozasiga yana gol kiritdi. Frantsiyalik futbolchi yakshanba kungi "el-klasiko"ning 22-daqiqasida hisobni ochdi va o'yin 2:1 hisobida yakunlandi. Ikkinchi bo'lim boshida hujumchi dublga erishishi mumkin edi, biroq penaltini aniq amalga oshira olmadi.
Mbappening hisobida butun faoliyati davomida "Barselona" darvozasiga urilgan 12 ta gol mavjud va bu natijaga erishish uchun atigi to'qqizta o'yin kifoya bo'ldi. "PSJ"ning sobiq futbolchisi xuddi shu 12 ta golni "Dijon", "Metts" va "Marsel"ga urgan, "Lion" (13) va "Monpele" (15) esa ulardan ham ko'proq Mbappedan jabr ko'rgan. Shunday qilib, "Barsa" Kilianning frantsuz bo'lmagan jamoalar orasidagi "sevimli" raqibiga aylandi.
Mbappe La Liganing joriy mavsumida 11 ta gol bilan to'purarlar poygasida ishonchli tarzda peshqadamlik qilmoqda.





359