
Bosniya va Gertsegovina terma jamoasining sobiq yarim himoyachisi Miralem Pyanich futbolchilik faoliyatini yakunlaganini rasman tasdiqladi.“Men faoliyatimni yakunladim. Hozir farzandim bilan vaqt o'tkazyapman, otalikdan zavq olyapman”, dedi Pyanich Tuttosport nashriga bergan intervyusida.Noyabr oyida Tuttomercatoweb nashri Pyanich faoliyatini tugatishi, biroq futbol sohasida boshqa ish qilishi haqida xabar bergan edi. Manbaga ko'ra, bosniyalik yarim himoyachi futbol agenti litsenziyasini olish uchun o'qimoqda.Pyanich faoliyatidagi so'nggi klub Moskvaning “TsSKA” jamoasi bo'ldi. U 2024 yil sentyabridan 2025 yil iyunigacha “armiyachilar” safida to'p surib, barcha musobaqalarda 25 ta uchrashuvda ishtirok etdi. “TsSKA” bilan birga Rossiya Kubogini qo'lga kiritdi va mamlakat chempionatida bronza medaliga sazovor bo'ldi.Miralem Pyanich hozir 35 yoshda. U faoliyati davomida Frantsiyaning “Mets” va “Lion”, Italiyaning “Roma” va “Yuventus”, Ispaniyaning “Barselona” hamda Turkiyaning “Beshiktosh” klublarida ham to'p surgan. U “Yuventus” safida to'rt bor Italiya chempioni, ikki marta Italiya Kubogi va bir marta Superkubok sohibiga aylangan. “Barselona” bilan esa Ispaniya Kubogini qo'lga kiritgan.
O'qildi: 62255 - Fikirlar: 0





397