
«Barselona» klubi prezidenti Joan Laporta yarim himoyachi Gavining jarohati va tiklanish jarayoni xususida fikr bildirdi. 21 yoshli futbolchi o'tgan yilning avgust oyida safdan chiqqan bo'lib, joriy mavsumda faqat ikkita uchrashuvda ishtirok etishga ulgurgan edi. Yarim himoyachining tizzasidagi muammolar jarrohlik amaliyotini talab etdi va uning maydonga qaytishi shu yilning mart oyiga rejalashtirilgan.
«Gavi jarohatdan so'ng qattiq iztirob chekdi. U hatto ko'zyosh to'kdi. U o'ynash uchun har qanday narsaga tayyor edi va agar talab etilsa, maydonga hatto qo'ltiqtayoqda ham chiqishga rozi edi.
Biz Gavining tiklanish jarayonidagi ijobiy natijalardan mamnunmiz. Jiddiy jarohatlar butun jamoa muhitiga ta'sir ko'rsatadi, biroq tibbiy xodimlar, murabbiylar va Gavining oilasi uning maksimal darajada samarali sog'ayishini ta'minlash uchun bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishdi», — deya Barca Universal nashri Laportaning so'zlarini keltirmoqda.
Ma'lumot o'rnida, «Barselona» o'zining navbatdagi uchrashuvini yakshanba kuni «Levante» jamoasiga qarshi o'tkazadi.
O'qildi: 117959 - Fikirlar: 0





364