
«Barselona» va «Real» o'rtasidagi uchrashuvda Gavi hamda Vinisius Junior o'rtasida yuzaga kelgan dahanaki jang tafsilotlari ma'lum bo'ldi.
10 may kuni bo'lib o'tgan «el-klasiko»da «Barselona» madridliklar ustidan 2:0 hisobida g'alaba qozonib, joriy mavsumdagi chempionlikni qo'lga kiritdi. O'yin davomida ikki futbolchi o'rtasida keskin to'qnashuv yuz berdi.
Movistar telekanalining «El Día Después» dasturi namoyish etgan kadrlarga ko'ra, Gavi Vinisiusga uning «Oltin to'p»ni qo'lga kirita olmaganini eslatgan. Bunga javoban braziliyalik vinger shunday degan: «To'g'ri, lekin menda Chempionlar ligasi sovrini bor. Men Chempionlar ligasida g'olib chiqqanman».
Shuningdek, Vinisius «Men xotirjamman, xotirjamman», deb qo'shimcha qilgan. Gavi esa uning gapini bo'lib: «Shunchaki o'yiningni o'yna va ovozingni o'chir», deya javob qaytargan.
O'qildi: 147237 - Fikirlar: 0





389