
«Barselona» hujumchisi Robert Levandovski Ispaniya La Ligasining 37-turida «Betis»ga qarshi uchrashuvdan so'ng «ko'k-anorranglilar» muxlislariga murojaat qildi. Bahs «Kamp Nou» stadionida bo'lib o'tdi va mezbonlarning 3:1 hisobidagi g'alabasi bilan yakunlandi. Bu polshalik futbolchisi uchun kataloniyaliklar safidagi so'nggi uy uchrashuvi bo'ldi.«Men uchun bu juda hissiy va juda og'ir kun. “Barselona”ga kelganimda, bu klub buyuk ekanini bilardim, ammo sizning mehringiz uni yanada ajoyib qildi. Ilk kundanoq o'zimni uydagidek his qildim. Ismimni aytib hayqirganingizni hech qachon unutmayman. Jamoadoshlarimga, murabbiylarga va barcha xodimlarga rahmat. Bu klubda o'ynash men uchun sharaf bo'ldi.Bu to'rt yil ichida biz ko'plab ajoyib lahzalarni boshdan kechirdik va birgalikda erishgan yutuqlarimiz bilan faxrlanaman. Men stadion bilan xayrlashyapman, ammo “Barselona” abadiy yuragimda qoladi. Katta rahmat, muxlislar. Bir marta “Barsa” muxlisi bo'lsangiz, doim “Barsa” muxlisi bo'lib qolasiz. Visca el Barça va Visca Catalunya!» — dedi Levandovski AS nashriga bergan intervyusida.Levandovski «Barselona»ga 2022 yil yozida ko'chib o'tgan edi. Shu vaqt davomida 37 yoshli forvard barcha turnirlarda 191 ta uchrashuvda ishtirok etib, 119 ta gol va 24 ta assist qayd etdi. Levandovski kataloniyaliklar bilan uch marta Ispaniya chempioni bo'ldi, uch marta mamlakat Superkubogini va bir marta Ispaniya Kubogini qo'lga kiritdi.





646