
«Barselona» bosh murabbiyi Xansi Flik kataloniyaliklar safidagi maqsadlari va jamoaning kelajagi haqida fikr bildirdi. Nemis mutaxassisi qo'l ostida «ko'k-anorranglilar» ketma-ket ikki mavsum La Ligada chempionlikni qo'lga kiritdi.
«Pep Gvardiola davrida nimalar bo'lganini bilmayman, lekin hozir bu erda ajoyib davrni o'tkazyapmiz va o'z yo'limizda davom etyapmiz. Hozirgacha beshta sovrinni qo'lga kiritdik, ammo biz yanada ko'prog'iga chanqoqmiz. Jamoani yanada kuchaytirishimiz kerak – biz aynan shunga e'tibor qaratganmiz. Bu klubning kelajagi», – dedi Flik.
Murabbiy Chempionlar ligasidagi g'alaba ham asosiy maqsadlardan biri ekanini yashirmadi.
«Men titullar yutish g'oyasiga 100 foiz sodiqman va Chempionlar ligasida g'olib chiqish uchun qattiq mehnat qilamiz. Shuningdek, La Ligada ketma-ket uchinchi bor chempionlikni qo'lga kiritishga 100 foiz motivatsiya bilan yondashyapmiz. Biz eng yaxshi o'yinimizni ko'rsatishimiz shart – bu bizning bosh maqsadimiz. Bunga erishish uchun bor kuchimizni ishga solamiz», – deya qo'shimcha qildi murabbiy.





470