
«Barselona» yarim himoyachisi Mark Kasadoning «Monako» klubiga o'tishi noma'lum muddatga to'xtatib qo'yildi. Bu haqda jurnalist Mikel Blaskes xabar bermoqda.
Manbaning bergan ma'lumotlariga ko'ra, 22 yoshli xavbekning «Monako»ga transferi to'liq kelishib bo'lingan edi, biroq uning agenti Jorje Mendesh kelishuvni to'xtatib qolgan. Qayd etilishicha, Mendesh Joau Kanselu ishtirokidagi ehtimoliy transfer zanjiri doirasida Kasadoni Saudiyaning «Al-Hilol» klubiga taklif qilishni rejalashtirmoqda.
Shu bilan birga, Kasadoning «Monako»ga o'tish varianti hali butunlay kun tartibidan tushib qolgani yo'q, chunki futbolchining o'zi faoliyatini Evropada davom ettirishni istamoqda. Boshqa tomondan esa, «Al-Hilol»ning saxiy moliyaviy taklifi uning bu pozitsiyasini o'zgartirib yuborishi mumkin. Ispaniyalik futbolchi ma'lum muddat Saudiya Arabistonida to'p surib, keyinchalik yana Evropaga qaytish variantini ham ko'rib chiqishi mumkin.
Yakunlangan mavsumda Kasado barcha turnirlarda 34 ta o'yinda maydonga tushib, o'z hisobiga bitta golli uzatmani yozdirib qo'ygan edi.
O'qildi: 59081 - Fikirlar: 0
423