Bir filmda koʼrgandim. Rim askarlari uyga qaytishayotganda adashib qolishadi va oxiri tanish yoʼlni topib olishadi. Ichida birovi boyagi yoʼl qulayroqqa oʼxsharkan, oʼsha yoʼldan borib koʼrmaymizmi, desa, sardor aytadi: "Boshqa yoʼlning oxirini bilmaymiz. Oʼlsak ham biladigan yoʼlimizda oʼlamiz!"
"Barcelona" 17 yilda ilk bora mavsum oʼrtasida murabbiy almashtiryapti. Bunaqasi boʼlmagan. Majburligi aniq. Chunki sal avval rahbariyat Valverde bilan yil tugaguncha ishlash niyatidaligini taʼkidlagandi.
Ikkinchi tomondan, juda-a olib tashlash niyati bor esa-da, bunaqa payti Ernesto oʼrniga top-murabbiy topishning imkoni yoʼq edi. Pochettino yoʼq deyishi oldindan maʼlum, Kuman Yevro-2020dan soʼng kelishini aytgan, hatto murabbiylik borasida nom qozonmagan Xavi ham rozi boʼlmadi. Kike Setiyen yuqoridagi nomzodlardan keyingi oʼrinda edi. Ha, ha, u "Betis" bilan total oʼyin namoyish etgan, "Camp Nou"da "Barca"ni oxirgi bor magʼlub etgan mutaxassis hisoblansa-da, ishoning, yuqoridagi variantlardan birortasi xoʼp deganida, unga qarabam oʼtirishmasdi.
Hozir kataloniyaliklarga yangi murabbiy nomidan koʼra Valverdening ketgani xush yoqib turibdi. Setiyenning "tiki-takasi" haqidagi gaplarni ertaga oʼqishadi. Setiyen Messini koʼp alqaganini ham bilib olishadi. Haa, demak unga qiyin boʼlmaydi, deb qoʼyishadi hali.
Аslida muammo ancha yuqoriroqdan oqib kelmoqda.
Gvardioladan keyingi murabbiylar toʼlaqonli birinchi raqamli shaxs boʼla olishmagani bugun sir emas. Vilanova ilk zarbani koʼtara olmadi. Luis Enrike Pepdan keyingi rosmana jiddiy kunlarni boshdan kechirdi. U Neymarning jamoaga qoʼshilish va qoʼrqinchli hujum triosining sovringa oʼch davriga kelib qoldi. Baxti shu. Keyin baribir murabbiylik imzosi borasida aniq taassurot qoldirmadi.
Valverde Enrikedan-da ogʼirroq vaziyatda qabul qilib oldi klubni. Neymar ketgan, himoya chizigʼi parokanda, darvozabon muammosi mavjud davr. Superkubokdagi klasikoda asosiy raqibdan qaqshatqich zarba. Jamoani oʼnglay oldi u. Shuning hisobiga ikki mavsumida chempionatni "Real"ga bermadi. Аmmo uning-da bazasi "Barcelona"ni muhimroq turnirda qutqarib qolishga yetmadi.
Endi Setiyen... Santanderlik mutaxassis oltmishdan oshganiga qaramay, birorta top-klubda ishlamagan holida dunyoning eng sovrinparast klubiga Valverdedan ham ogʼirroq paytda kelyapti. Mavsumning oʼrtasida. Jamoada muammolar koʼp, chempionatni yutsang ham maqtashmaydi, UCL kubogi bilangina rozi boʼlishi mumkin muxlislar qarshisida u.
Eʼtibor bering, murabbiylar borgan sari jamoani ogʼirlashayotgan holida qabul qilishyapti.
Nega bunday qismat, bilasizmi? Jamoa ideallikni koʼrsatib bergan. Murabbiy, futbolchilar, yulduzlar -- bari-barisi "eng gullagan yoshlik chogʼida" bir-birini topishgan. Bugun ularning birisi boshqa qutbda, tiki-takani choʼqqiga olib chiqqanlarning aksari yoʼq, faqat xaloskor Messi qolgan. (Buskets ham oʼyindan chiqdi, hisobi)
Va shuning uchun ham koʼpchilik tanimaydigan Setiyen aynan "tiki-taka jinnisi" ekanligi koʼp yozilyapti. Uslubga qaytish orqaligina jamoa nurli davrlariga qaytishiga ishonmoqda. Pepning oʼzi kelishi foydasiz, uning uslubida rohatlanib ishlaydigan murabbiy kelayotgani quvonarli hol, deyishyapti. Bu davrga oxirgi magekanning yoshi oʼttiz uchga qarab ketayotganda qaytilmasa, keyin kech boʼladi, deb hisoblashyapti.
Balki toʼgʼridir shu qaror. Zotan boshqa yoʼlni bilmagandan keyin bilgan yoʼlidan ketgani maʼqul-da... Nima boʼlsa ham!!!
Baʼzan qatʼiyatda turib jon bermoq ogʼrinib yashagandan sharafliroq...
14-Yanvar 2020,14:15