4 karra mamlakat chempionligi, 4 marotaba Ispaniya kubogi, 2 marotaba Ispaniya super kubogi, 1 martadan Evropa Chempionlar Ligasi g'olibi va super kubogi egasi hamda 1 marotaba klublar o'rtasidagi jahon chempionligi. Ko'p yillardan buyon ushbu klubning basketbol bo'limidan tortib, direktorlar kengashigacha faoliyat ko'rsatib, 2014 yilda rahbarlik lavozimiga etib kelgan, Xosep Maria Bartmeuning klub uchun qilgan mehnati samarasi, hozircha shular. Dunyo futbolidagi voqealar rivoji tobora tezlashgan ayni pallada esa muxlislar, bundan ham ko'prog'ini talab qilmoqdalar. Kataloniyaliklarning o'yiniga befarq bo'lmagan har qanday inson, ushbu darajadagi jamoa 5 yildirki “Qo'shquloq kubok“ka yaqin yo'lamayotganidan biroz taajublanadi. Bugun, “blaugranas“ duch kelayotgan muammolar ham aslida avvaldan yuz berib kelayotgan voqea hodisalar yig'indisi deyish mumkin. Inqirozning Bartomeu bilan bog'liq asosiy jihatlariga transferlar bilan bog'liq vaziyatni mengzash qaysidir tomondan to'g'ridir, lekin o'sha kutilgan va so'ralgan futbolchilar: Koutino, Dembele, De Yong, Grizmann kabilar olib kelindiku. Ulardan qanday foydalanish, bu yog'i murabbiyning vazifasi hisoblanmaydimi, aslida? Demakki, asosiy jihat, jamoaga Messi siymosidan yuqoriroq bo'lgan shaxs tanlashdagi xatolik. O'z o'rnida bu xatolik, yuqoridagi futbolchilarning jamoadagi faoliyatiga ham jiddiy ta'sir ko'rsatmasdan qolmaydi.
Endi, Ernesto Valverde qo'l ostidagi jamoa esa ideal emasdi, faqatgina bir amallab erishilgan kuboklar uning kamchiliklarni yopiba ketaverardi. Vaholanki, ular eng muhim, eng salmog'i baland o'yinlarda yana suv ustiga sizib chiqib qolaverardi. Milliy chempionat, qolaversa superkubokda quchilgan zafarlar muxlislarni sira ham qoniqtirmadi. Ketma-ket xatolardan keyin ispaniyalik mutaxassis uchun chiqish eshiklari ko'rsatildi. O'rni kelganda aytib o'tish joiz, jamoa o'sha yorqin xotiralarni qaytarishga hali hamon urinmoqda, ya'ni hecham uslubidan yiroqlashigisi kelmayapti yoxud uni saqlab qolish uchun har narsaga tayyor. Buning isbotini, jamoaga Kike Seten olib kelinganligida ko'rish mumkin. Balkim, shu ham asosiy kamchilikdir. Negadir, Gvardiola davrini qumsayotganlar, xatto, noliyotganlar ham ko'pchilikni tashkil qiladi. Lekin, o'sha “parvoz“ni boshqacha uslub bilan ham amalga oshirsa bo'lar, balki? Shiddatli, tezkor, soniya sayin voqealarga boy bo'lib borayotgan bugungi futbolga o'sha uslub qanchalar hamohang? Axir, zamonaviy futbolda uslub emas o'zgaruvchanlik ko'proq natija keltirmayaptimi? Yuqorida aytib o'tganimiz, top darajadagi yulduz futbolchilar hozir nima uchun ko'k anorrang libosda, tarkibda emas? Sabab, zo'r futbolchilar darajasidagi murabbiyning yo'qligida.
7-raqamli braziliyalikni uslubga moslashtirmoqchi bo'lishdi, ayrim "Barselona" muxlislari yodidan ham chiqib qolgan Usmon Dembelega esa na asosiy tarkibdan mustahkam o'rin, na o'zi uchun qulay pozitsiya yaratishdi. Natija esa, kutilganidek emas.
Muxlislarni qo'rquvga solayotgani, Grizmann bilan ham shunday holat yuz berishi. Boisi, katta umidlar, maqsadlar bilan harid qilingan etakchi futbolchi mavsum boshidan buyon, 36 ta o'yinda 18 marotaba(tarkibda eng ko'p) zahiraga olingan. Aksar o'yinlarni ham zahiradan boshlayapti va samarasiz yakunlayapti. Diego Simone qo'l ostida gollar urishdan charchamagan frantsuz, yangi jamoasi safida 25 fevraldan buyon quruq o'yin o'tkazadi. Vaziyat shunday davom etsa, Seten ham Valverde singari yana bir o'tkir qilichga zang tushurishi turgan gap. Bosh murabbiy, shogirdlarini atrofida birlashtira olmayotgani, ularga etarlicha motivatsiya bera olmayotgani, so'nggi uchrashuvlarda qayd etilayotgan natijalardan ham ayon. O'yinda ba'zi ko'rsatgichlar, hatto, to'p nazoratining keskin darajada o'sgani ham natijaga ta'sir ko'rsata olmayapti. Muhim o'yinlarda ochkolar yo'qotildi, bu esa chempionlikka bo'lgan ishonchning ham yo'qolishiga olib kelishi mumkin. Katta ehtimol bilan mutaxassis mavsumni shu erda yakunlaydi, ungacha esa jamoa murabbiyga ishonishda davom etadi. Lekin baribir, yakunda uning Barsadagi kelajagi mohokamaga qo'yilishi aniq, titullarsiz bo'lsaku, shubhasiz.
Ko'plab savollar tug'ilishiga sababchi bo'lgan, kelajak deya e'tirof etilgan Arturning almashtirilishiga ham asosiy sababchi xam "janob prezident". Lekin, bu qaror bir vaqtlar hatto, Madrid klubi prezidenti Florintino Perezning Ronaldu va Zidanga “xayr“ degandagi tushunarsizlikdan ko'ra tushunarliroq, nazarimda.
Aslini olganda "Yuventus" etakchilardan biri Miralim Pyanich ham o'yin qurilishida eng yaxshilardan biri. Ustiga ustak, ayni paytda jarohatlardan aziyat chekayotgan jamoa uchun, so'nggi 10 yilda bor yo'g'i 19 o'yinni jarohat tufali o'tkazib yuborgan mahsuldor, bosniyalik yarim himoyachi ayni muaddao va uning, braziliyalikdan kam joyi yo'q!
Ko'rinib turibdiki, jamoadan ketganlar emas aksincha, ba'zi qoladiganlar "Barselona" uchun fojea bo'lishi mumkin.
Kelajak borasida so'z yuritishga esa biroz shoshilmagan ma'qul. Chunki, ayni paytdagi ajoyib orkestr uchun yaxshi direjor topib, “Inter“dan Lautaro Martinesni olib kelsa, Xosep Maria 2021 yildagi prezidentlik saylovlaridan so'ng, o'z faoliyatini davom ettirar, balki. Aksincha bo'lsa, klub atrofida, shu kecha kunduzda ko'p bor yangragan usha "kelajak" asosida, jamoa boshqattan quriladi.
Dadajon FOZILJONOV
2-Iyul 2020,22:50