«Al-Hilol» himoyachisi Joau Kanselu faoliyatini Ispaniyada davom ettirmoqchi, biroq Saudiya Arabistoni klubi uni qo‘yib yuborishni istamayapti. Bu haqda Sport nashri xabar bermoqda.

Manbaning yozishicha, «Al-Hilol» portugaliyalik futbolchini terma jamoaning Jahon chempionatidagi ishtiroki yakunlanganidan so‘ng, mavsum oldi yig‘inlariga taklif qilgan. Klub rahbariyati futbolchining kelajagi bo‘yicha ichki baholash ishlarini olib borgandan keyingina yakuniy qaror qabul qilmoqchi.

Shunday bo‘lsa-da, Kanseluning o‘zi faqat «Barselona»da o‘ynashni xohlamoqda. U kataloniyaliklar bilan ikki mavsumlik shartnoma borasida kelishuvga ham erishib bo‘lgan.

33 yoshli himoyachi «ko‘k-anorranglilar» lageriga o‘tish uchun «Al-Hilol»dagi so‘nggi yili uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan katta miqdordagi maoshidan voz kechishga va shartnomani bekor qilishga tayyor. Ammo Saudiya klubi futbolchining transferi uchun sarflagan mablag‘ining ma’lum bir qismini qoplab olishni maqsad qilgan. «Barselona» esa vaziyatni kuzatishda davom etmoqda.

Manba: Stadion.uz