«Barselona» bosh murabbiyi Ronald Kuman Evropa chempionlar ligasi 2-turi doirasida bo'lib o'tgan «Yuventus»ga qarshi o'yin (2:0) borasida o'z fikrini bildirib o'tdi.«Bu bizning joriy mavsumdagi eng yaxshi o'yinimiz bo'ldi. Evropaning kuchli jamoasiga qarshi juda muhim g'alabaga erishdik. Bugun namoyish etgan o'yinimiz va ko'rsatgan xarakterimizdan qoniqish hosil qildim. Men uch himoyachi bilan o'ynashga qaror qildim. Bir futbolchi oldinga surilishi oqibatida maydon markazida son jihatdan ustunlikka erishdik. Buning evaziga ko'p golli vaziyatlar yaratdik. Ochig'ini aytsam, o'yin taqdirini ertaroq hal etib qo'yishimiz mumkin edi.Grizmannga shunchaki omad etishmayapti. Bugun unda 2ta ajoyib vaziyat bo'ldi. Bir vaziyatda u ustunni nishonga oldi. Ammo har ikki vaziyatda u maksimal yaxshi harakat qildi.Markaziy himoyada o'yinchi etishmovchiligiga duch kelishimizni mavsum boshidayoq bilgan edik. Kimdir jarohat olsa, muammolar boshlanadi. Frenki de Yong Niderlandiya terma jamoasida bu pozitsiyada o'ynagan edi, shu bois, bugun o'z ishini yomon bajarmadi», — dedi Kuman.
29-Oktyabr 2020,09:00