Bugun 21 mart. Yurtimiz daholaridan biri Abdulla Oripov tavallud topgan kun. Buyuk shoir. Futbol maydonining ham bir shoiri borki, u bugun qirq birga to'ladi. Ronaldino.
Men bu yigitni haqiqiy braziliyalik, rosmana braziliyalik yulduz deya olaman. Braziliya futboli deganda ko'proq mana shu yigitni tushunishimiz shart. Chunki Rivaldoning o'yin uslubi qaysidir mamlakatda ulg'aygan yigitda shakllanishi mumkindir, Ronaldoning goleadorligi ham tom ma'noda braziliyaliklarning o'zlariga xos jihat emas, Roberto Karlosning zarbalari siri ham Kopakabana plyajlarining qumliklariga yashirinmagan - boshqa joyda ham topilib qolishi mumkin yodgorlik... Ammo Ronaldinoning maydondagi o'yini, xatti-harakati, gol urishi, fintlari va hattoki to'psiz turishlari ham Braziliya futbolining milliy ifodasidir. Bu fe'lni, bu fitratni faqat o'sha diyor etishtirib chiqaradi. Boshqa mamlakatda bu kabi elastik harakatlar muallifi bo'lib ulg'ayish imkonsiz.
Ronaldino yuqori formada nari borsa besh yil o'ynadi. Biroq, ana shu besh yil ichida u yashil maydonda raqsga tushdi. Haligacha Muhammad Alining 10-raundda, raqibi butunlay holdan toygan paytda raqsga tushib yurganiga hayron qolishadi. Ronaldino ham shunday o'yinchi edi. U futbolchi emas, o'yinchi edi.
Haligacha echilmagan bir muammo saqlanib qolgan: Ronaldino dunyoning eng yaxshi futbolchisi bo'lib turgan paytlari “Barselona”ni tark etdi va Messi atalmish dahoga o'z taxtini bo'shatib ketdi. Leo va uning mitti jamoasi Ronaldinodek dahoning ketganiga qaramay, katta natijalar qayd etib, kataloniyaliklar braziliyalik yulduzni ketkazib to'g'ri qilishganini isbotlashdi go'yo. Ammo Barsa shu qarori bilan baribir boshqa bir narsani yo'qotgandi o'sha kuni. Jamoaga natijalar keltirgan va dunyoga tiki-taka atalmish mashhur uslubni taqdim etgan jamoa bir o'yinchi ijrosidagi estetik zavqdan ayrilib qolgandi.
Messi va uning do'stlari jamoaviy o'yin bilan raqiblarini er bilan bir qilib tashlayotgan paytlari eski kataloniyalik ishqibozlar maydonda bir kemtik o'rinni ilg'ab qolaverishdi. Bu kemtik o'rin Ronaldino o'zidan keyin tashlab ketgan zargarona harakatlar edi.
Yillar o'tib Ronaldinoga o'xshashga intilganlar keldi. Ular ham braziliyalik, ularda ham Ronaldinoning ba'zi harakatlariga intilishlar kuzatiladi. Biroq, Roni bu uslubning original egasi bo'lgani uchun ulardagi sun'iylik sezilib qolaverdi. Qahramonimiz shu uslub bilan tug'ilgan edi, u bu uslubga intilmasdi, balki shu uslub bilan yashab kelayotgan edi.
“Milan”dagi Ronaldinoni afsusu nadomatlar bilan eslashadi. Lekin bilasizmi, inson baribir o'zligini hech qaerda yo'qotmaydi. Hozirda youtube tarmog'ida braziliyalik afsungar ijrosidagi chiroyli fintlarni izlasangiz, uning bu harakatlari barcha o'ynagan jamoalari libosida chiqib kelaveradi. Ya'ni, o'sha oqsoqlanib qolganida ham, qay bir kuni o'zining Ronaldino darajasida o'ynab bergan bo'ladi u. O'sha uslub uning qoniga singib ketganidan dalolat bu.
Yillar o'tadi, yaqin o'tmish va hozirgi avlod futbolchilari kelajak tomonidan tahlil qilinganida, aniqki, Ronaldinoning harakatlariga kelganida, insofli muxlis to'xtaydi. Bu qanaqasi, deydi. Bu nimalar qilyapti, deydi. Bu qadar go'zallikni odam o'zida qanday jamlashi mumkin, deydi. Shu bois, hozirda etti-sakkiz yoshga kirgan bolangizga yaqin o'tmishda o'ynagan futbol yulduzlarining roliklarini qo'yib berayotganingizda, Ronaldinonikini qo'ymay turinglar, aks holda, uning harakatlari ko'zni qamashtirib, Oltin to'pni ko'proq olgan va natijalari kattaroq yulduzlarni ko'rmay qolishi mumkin bolangiz.
21-Mart 2021,15:20
O'qildi: 62 - Fikirlar: 0
O'qildi: 46 - Fikirlar: 0