Men uchun Ronaldinodan so'ng butun boshli futbol o'zining eng yorqin ranglaridan birini yo'qotgan. Ha, "afsungar"ning intihosi, boshqa ikki daho ibtidosiga ulanib ketdi. Va omma ko'p narsa yo'qotmagandek ham bo'ldi, go'yo. Ammo, men o'sha yo'qotganim rangni keyin ko'rgan minglab o'yinlarimda uchratmadim. Balki, bu mening nuqsonimdir. Bilmadim! Nima bo'lgan taqdirda ham, Ronaldino o'zgacha shaxs edi. To'g'ri, u o'ta qisqa vaqt porlab turdi. Bugungi buyuklarning buyukligi barqaror va muntazamligidan. Lekin, aytaylik, uning 4 yillik yuksak darajadagi harakatlari, bugungilarning 14 yillik harakatlaridan qadrliroq menga (mubolag'a desangiz ham ranjimayman).Sababiyat qonuniga ko'ra albatta bir voqea ikkinchisiga turki bo'ladi. Mening Roni bilan tanishuvim sababi ham bor albatta! Bu - "Futbol plyus". Yo'q-yo'q! Hozirgi eshittirish yoki onlayn ko'rsatuv emas. O'sha ikkiminginchi yillar avvalidagi "Futbol plyus". Xayrulla Hamidov har bir ko'rsatuv yakunida gollar o'nligini e'lon etardi. Sonlarining birida yuqoridagi gol eng chiroyli deb topilgandi. Ko'rsatuv muallifi gol muallifini yaqin orada o'ta yorqin kelajak kutayotgani haqida aytgani yodimda. Taxminlar o'zini oqladi va braziliyalik futbolchi o'z o'yini bilan millionlab muxlislarni keyingi 4--5 yil davomida zaqlantirdi. Shuning uchun ham Xayrulla aka tuzadigan gollar o'nligi men uchun qadrli. Bu mumtoz epizodni bugun "14-Hudud"da ham ko'rish meni mamnun etadi. To'g'rida! Futbolda yillar davomida qoidalar o'zgarsa ham, hech o'zgarmaydigan narsalar ham bor. Masalan, to'pning shakli. Uni o'zgartirib foyda topilmaganidek, Xayrulla aka ham bu mumtoz va ayni damda muhtasham epizodni saqlab kelmoqda. Buning uchun undan minnatdorman! Xursandligimning bo'lak sababi bor-ki, yuqorida aytganimdek, bu sabab Ronaldinoga bog'lik. Ayni o'nlik menga uni yaqindan tanitdi. Bugun ham "14-Hudud" efiri boshlanar ekan beixtiyor ekran qarshisiga kelib, o'zim uchun yangi Ronaldinoni kashf etishni istab qolaman! Qachondir yangisi chiqarmikan, nima deysiz?!Orif Tolipov.
23-Mart 2021,10:10