Argentinalik futbol yulduzi Lionel Messi vanixoyat «PSJ»ga o'tishga rozilik bildirdi. U yangi klubida juda katta maosh bilan ta'minlanadi. 34 yoshli sobiq «Barselona» yulduzi jamoa bilan ikki yillik shartnoma imzoladi hamda yiliga 50 million funt oladigan bo'ldi. U bunday hajmdagi mablag' bilan dunyodagi eng qimmat poytaxtlardan biri bo'lgan Parijda surur bilan yashay oladi. 6 karra Oltin to'p sohibi Kataloniyada allaqachonlar shohona hayot tarziga ko'nikkan edi. U taxminan 300 million funtlik daromadi bilan doimo eng qimmat restoranlarda tushlik qilib, ekzklyuziv dizaynga ega liboslarni sara butiklardan xarid qilardi. Parijga kelgach esa Messi uni shohonalikka chorlovchi yana bir tadbirga guvoh bo'ladi. Bu har yili o'tkaziladigan Parij Moda Haftaligidir. Ushbu haftalikda Neymar hamda boshqa klub yulduzlari doimiy ishtirok etishadi.
Ayni damda Messi Parijning besh yulduzli mehmonxonasi bo'lgan «Royal Monceau» da istiqomat qilib turibdi. U er mashhur kishilar, jumladan Robert De Niro, Madonna hamda Kim Kardashianni sevimli maskani sanaladi. Neymar ham Parijga endigina ko'chib kelgan paytlarida, 2017 yilda aynan mana shu mehmonxonani makon tutgan edi. U er ham Qatar shayxlari tomonidan egallangan va eng qimmat narxlarda xizmat ko'rsatadi. Ayrim super lyuks xonalarining haqqi bir kechaga 17 ming funtni tashkil etadi. Bu taxminan 20 ming evro degani. Shunday bo'lsa ham Messiga bu muammo emas. U hozirda shaharningo'ziga qulay sanalgan joyida uy sotib olishga harakat qilmoqda. Bu borada u uchun bir qancha variantlar mavjud. Xususan, Buvival mavzesini olsak. U er eng boyvachcha shaxslar istiqomat qiladigan joy bo'lib, braziliyalik yulduz Neymar ham aynan shu erdan uy sotib olgan edi. Qolaversa, taniqli kinoaktyor, fransuz yulduzi Jerar Departie ham Rossiyaga ketishidan oldin uzoq yillar mana shu mavzeda yashagan. Yoki yana bir makonni tafsiya qilish mumkin: Parij markazidagi Neule-sur-Senna nomli joy. U erda argentinalik futbolchi, klubning sobiq futbolchisi Anxel Di Maria yashagan. Ammo u erda uning mulki o'g'rilar tomonidan talon-taroj qilingan edi. Yana bir qancha joylar mavjud bo'lib, ular klub mashg'ulot maydoniga yaqin manzilgohlar sanaladi.
Yuqorida ta'kidlanganidek, Messining futbol maydonidan tashqaridagi hayoti o'ta yuqori darajada o'tadi. Ya'ni u modaga oshno hamda shopping qilish jon-u dili. Futbolchi ko'chib kelgan shahar esa, aynan moda hamda brend mahsulotlar markazidir. Zamonaviy bo'lishni istagan odam uchun u erda barcha mahsulotlar muhayyo. «Balenciaga», «Gucci», «Dior», «Givenchy», «Hermes» hamda «Chanel» kabi eng ommabop moda ta'minotchilari o'zining original tovarlari bilan futbolchi didiga mos tushishi aniq. Qolaversa, uning rafiqasi Antonela ham bu borada qiynalmaydi. Chunki Parijda izlagan narsangizni doimo topishga imkon mavjud. 2022 yilning sentabrida Moda Haftaligini yangi qismi tashkil etiladi. Unda Neymar, Mbappe bilan bir qatorda Messi ham ishtirok etishi mumkin. Bu esa shubhasiz tadbirning obro'sini yanada oshiradi. «PSJ» klubi moda sanoati bilan doimiy hamkorlik qilib keladi. Klub futbolchilari moda reklamasi orqali katta daromad qilishi oddiy holga aylangan. Messi ham klub homiysi bo'lgan «Lewis», «Air Jordan», «Hugo Boss» kabi kompaniyalarning savdosini yurishishiga katta hissa qo'shishi aniq. Xullas, yangi klubdagi yangi hayot nomdor futbolchiga yoqishi shubhasiz.
Ingliz tilidan Jaloliddin ISMATOV tarjimasi
14-Avgust 2021,10:40