"Barsa" argentinalikning "Kamp Nou"ga qaytish xohishini bilib turibdi. Ammo, Leoni sobiq sherigi o'ylantirmoqda.
Jurnalist Mark Marbaning so'zlariga ko'ra, Leo o'zini "Barselona"da Jerar Pike bilan birga ko'rmaydi. Insayder Leoning motivatsiyasi haqida gapirmadi, balki gap puldadir.
Yanvar so'nggida jurnalist Luis Kanut Leo Pikening ishidan xafa bo'lganini xabar qildi. Pike Messini jamoada qoldirish uchun maoshining kamayishiga rozi bo'lmagan.
"Pikening shartnomani uzaytirishi Messiga og'ir botdi va u xafa bo'ldi. Unga xiyonat qilganliklarini his qildi. Pike Messi "Barsa"dan ketmagunga qadar shartnomasini uzaytirmadi. Messining fikriga ko'ra, Jerar u ketishidan oldin shartnomani uzaytirishi mumkin edi", — deydi Kanut.
Pike "Barsa" va Xavi bilan janjallashmoqda — u "Atletiko"ga ketishi mumkin
Pikeda "Barselona" bilan anchadan beri keskin munosabatlar bor. Klub o'tgan yozdayoq undan gigant maoshi sabab qutulmoqchi edi. "Barsa" bilan oldingi shartnoma shartlariga ko'ra, Jerar Evropadagi eng katta maosh oladigan himoyachi edi — yiliga 28,4 mln evro (15 mln toza). U bunday maoshni Serxio Ramos (u 12,5 mln oladi)dan o'tib ketish uchun sobiq prezident Jozep Bartomeu bilan muzokaralarda qo'lga kiritgan.
Pike 2020 yilda yangi shartnoma imzoladi.
El Mundo'ning xabariga ko'ra, Pikening maosh bo'yicha shartnoma shartlari mavsum bo'yicha bunday ko'rinishda bo'lgan: 2020/21 yilgi mavsum — soliqlarga qadar 18 mln evro, 2021/22 yilgi mavsum — soliqlarga qadar 27,7 mln evro, 2022/23 — soliqlarga qadar 29,5 mln evro, 2023/24 yilgi mavsum — soliqlarga qadar 40,8 mln evro. Kataloniya OAVning xabariga ko'ra, Pike ikki marta maoshining tushishiga rozi bo'lgan — ilk bor Bartomeu qo'l ostida 2020 yil (50 foizga), ikkinchisi Joan Laporta kelganidan so'ng. Ammo, gap katta ehtimol bilan to'lovlarning kechiktirib to'lanishi haqida bo'lgan — klub qarzlarni yaqin vaqtlar ichida qaytarib beradi, yoshi katta himoyachining maosh o'sishi shu bilan bog'liq.
35 yoshli markaziy himoyachi hozirda asosiy tarkibdagi o'rnini yo'qotgan va jamoa bosh murabbiyi Xavi bilan kelisha olmayapti. Diario Sport'ning xabariga ko'ra, Pikega undan maoshining tushishini so'rashlari va asosiy tarkibdagi o'rnini yo'qotgani yoqmayapti. Xaviga esa futbolchi doim nimadandir nolishi va klubdan nimanidir talab qilish yoqmayapti.
Pikega "Atletiko" tomonidan qiziqish bor — Diego Simeone mudofaa uchun o'yinchi izlamoqda, klub Pikeni himoya etakchisi sifatida ko'rmoqda. Ammo, hali hech qanday aniq narsa yo'q.
Pike Messining ketganidan yig'laganini aytdi. Ammo, ularning munosabatlari yaxshi emas
Leo "Barselona"dan ketganida, Pike xafa bo'lganini aytdi.
"Messi ketganida yig'ladim. U uchun yig'ladim. U faoliyatining so'nggiga qadar "Barselona"da qolsa ajoyib bo'lardi. Uning nega shartnomani uzaytirmaganini tushunaman. Klubda eski prezident va uning menejmenti sabab moliyaviy muammolar bo'lgandi. Baribir bunday narsalar sodir bo'ladi, siz oxirida amalga oshmaydigan qarorlar qabul qilasiz. Messi "Barselona" va muxlislar uchun qandaydir xudo edi. U qolsa ajoyib bo'lar edi", — dedi Pike.
Ammo, Pike va Messi o'rtasidagi munosabatlar bunga qadar buzilgan edi. Aniqrog'i, Leoning rafiqasi Antonella Rokutstsoning munosabatlari buzildi. Gap shundaki, u Pikening sobiq sevgilisi Nuriya Tomas bilan yaqindan gaplashardi. Jerar esa xunuk tarzda u bilan ajrashdi — Nuriya bilan ajrashgunga qadar Shakira bilan uchrashdi. Aynan shu sabab, Pike Messining to'yiga kelmagandi ham.
Alisher Ostonov tarjimasi
29-Sentyabr 2022,12:45