Bugun EChL yarim final javob uchrashuvi doirasida muxlislar yana bir bor Milan derbisiga guvoh bo'lishadi.
Quyida bugun aynan «Milan»ga asqatadigan ayrim fakt va raqamlarni e'tiboringizga havola etamiz.
«Milan» har doim ham javob o'yinlarida yaxshi harakat qilgan. Ular qatnashgan so'nggi yarim finalni esga oladigan bo'lsak, unda «rossonerilar» «MYu»ni o'z maydonida 3:0 hisobida taslim etgan. Vaholangki, ilk bellashuvda «qizil iblislar» raqibini 3:2 hisobida enggan edi. Bundan tashqari quyidagi natijalarni ham eslash mumkin: 1958 yilda «MYu» bilan 4:0, 1995 yili «PSJ» bilan 2:0 va 1989 yili «Real» bilan 5:0.
Derbidagi «Milan»
«Inter» bilan mavsum avvalida kechgan ilk bahsda «rossonerilar» hamshaharlarini engishni uddalagan edi. Biroq shundan so'ng o'tkazilgan 3 ta uchrashuvda ham imkoniyat boy berildi. Bular A Seriya, Italiya kubogi va EChL doirasida sodir bo'lgan va unda «Milan» birorta ham gol ura olmadi. Biroq raqibi darvozasiga 31 ta zarba yo'llagan. «Milan» shu paytgacha «Inter» bilan bahslarda ketma-ket 4 ta golsiz seriya qayd etmagan. Buning sodir bo'lish ehtimoli bugun mavjud. Garchi stadion bitta bo'lsada, nominal mehmon «rossonerilar» hisoblanadi. Yana bir qiziq statistika shundan iboratki, «Milan» EChL doirasida safardagi so'nggi 16 bahsning atigi 1 tasida g'alaba qozona olgan xolos (8 durang, 7 mag'lubiyat). Yagona g'alaba «Bavariya» maydonida 2007 yil aprel oyida yulqib olingan (2:0). Jamoa 24 ta safar o'yinida 15 ta gol urgan.
Origi effekti
Chempionlar ligasi tarixida faqat bir jamoa yarim finalning ilk bahsida 2 yoki undan ortiq gol ura turib musobaqa bilan xayrlashgan. Bu 2019 yilgi «Barselona» («Kamp Nou»da 3:0, «Enfild»da 0:4). O'shanda Divok Origi dubl qayd etgan. Kim biladi deysiz, bugun u «Milan»ni qutqarib qolish uchun payt poylayotgandir.
Jiruni yolg'iz qo'ymang!
Olivening musobaqada kiritgan barcha 23 goli jarima maydoni ichkarisidan sodir bo'lgan. 2004 yilgi mavsumdan beri hech kim bu borada undan ko'p golga ega emas.
Shuningdek
Sandro Tonali EChL joriy mavsumida eng ko'p vaziyat yaratgan futbolchidir. De Bryuyne turganda bu albatta, yaxshi ko'rsatkich. Rafael Leau dribling qo'llash bo'yicha Vinisiusdan keyin ikkinchi o'rinda (63), raqib jarima maydoni ichida to'pga tegish borasida esa beshinchi pog'onada (56). Jiru darvozaga aniq zarbalar yo'llash borasida 4-o'rinda (16).
16-May 2023,20:30
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0