«Barselona» 11 fevral kuni o'z maydonida La Liga autsayderlaridan biri «Granada»ni ham engolmagach (3:3), Anderson Luis de Souza Deku Nascer do Sol jurnaliga shov-shuvli intervyu berdi.Ma'lum bo'lishicha, «Barsa» sport direktori klubning hozirgi rivojlanish modeliga shubha bilan qaramoqda. Uning fikricha, jamoada barchasini mutlaqo o'zgartirish zarur...— Aytingchi, «Barselona»ning bunday beqaror o'yiniga sabab nima?— Klubni rivojlantirishning yangi yo'nalishi juda muhim. Bu masalada jamoa prezidenti men bilan bir xil fikrda: chuqur islohotlar zarur. Axir amaldagi metodika o'zini oqlamadi. Avvalo, mavjud o'yin tizimidan birdaniga butunlay voz kechib, yangi piradigmaga asos soladigan mutaxassis topishimiz kerak. Mana, Xavi iste'fo bo'yicha ariza yozdi. U joriy mavsum yakunigacha qoladi, lekin ishini davom ettirolmaydi. Chunki jamoaga talab darajasida o'zgarishlar kiritishga qodir emasligini aytdi. Shunday ekan, hozirdan keskin yangilanish zarurligi haqidagi xulosani qabul qilishimiz kerak. Umumiy ahvol shu qadar ayanchliki, hattoki, Xavining o'zi ham klub yangi yo'nalishga muhtojligini ta'kidlamoqda. Demak, avvalo, munosib murabbiy topishimiz talab etiladi. Xo'sh, kimni tanlaymiz? Aynan shu masala — katta muammo. Asosiysi, bu borada prezident bilan hamfikrmiz. Ha, «Barselona» paradigmasi vakili hisoblangan Xavining klubdan ketishi achinarli. Ammo haqiqat shuki, endi zudlik bilan echim topishimiz kerak.— Yurgen Klopp nomzodi bormi?— Unutmaylik, u murabbiylik faoliyatida tanaffus olishini, ma'lum muddat hordiq chiqarishni xohlayotganini aytdi.— Umuman, yangi murabbiy topishda qanday muammo bor?— Bizda moliyaviy tomondan jiddiy muammolar ko'ndalang... Meni ishga yollashganining asosiy sabablaridan biri ham shu. Tushuning, hozir boy klublar kabi transferlarga katta mablag' ajratolmaymiz. Ushbu holat esa birdaniga natija ta'minlashni xohlaydigan har qanday murabbiyni o'ylantirib qo'yadi. Afsuski, yangi murabbiyga tarkibni o'zi istaganchalik shakllantirish uchun etarli mablag' topib berolmaymiz. Har holda, ayni bosqichda shunday.— Ruben Amorim ham katta transferlar so'raydimi? — Nazariy jihatdan qarasak, har narsa bo'lishi mumkin, albatta. Gap portugaliyalik murabbiy haqida ketmoqda, to'g'rimi? Endi aytingchi, portugaliyalik qaysi murabbiylar «Barselona»da, ayniqsa, shunday muammolarga o'ralgan «Barselona»da javobgarlikni o'z zimmalariga olishga tayyorlar? Ayting, kim? Bilaman, Ruben Amorim «Sporting»da yaxshi ishlayapti, qolaversa, uning uslubi ham «Barsa»nikiga o'xshash. Ikkinchi tomondan, tajribasi hali ancha kam.— Harqalay, qandaydir rejalar bordir...— Ayni holatda hozirgi loyihamiz taqdirini bilmaymiz, klubning qaysi yo'nalish bo'yicha ketishi ham aniq emas. Lekin «Barselona» o'zgarishlar jarayoniga qaramay, uzoq vaqt g'alabasiz qololmaydigan klub hisoblanadi. Yaqinda Ispaniya kubogida «Atletik»ka yutqazdik va o'ylaymanki, bu oxir-oqibat, foydamizga ishlashi mumkin. Chunki endi faqat milliy chempionat va ChLga e'tibor qaratamiz. Evroarenada esa «Napoli» bilan o'ynashimiz kerak — raqib oddiy emas. Yana bir haqiqat shuki, La Liga turnir jadvali yuqori nuqtasidan tobora uzoqlashmoqdamiz. Demak, keyingi mavsum ChLdan chetda qolmaslikni ham o'ylashimiz, ruhiyatimizni tezroq tiklashimiz kerak. Ochig'i, hammasi juda tez o'zgarib ketdi.— Klubning orqaga ketayotganida «Kamp Nou»ni yangilash loyihasi ta'siri ham bormi?— Ko'pchilik hukumatdan katta mablag' ololmaydigan klublar bilan nimalar sodir bo'lishini unutib qo'yadi. Jamoa kengashi stadionni qayta qurishni o'z ichiga olgan yirik loyihaga qo'l urdi. Tabiiyki, bu katta xarajat talab qiladi. Albatta, yangilangan «Kamp Nou» ham barcha «barsachilar» uchun g'urur manbaiga aylanadi. Ammo loyiha klubning transferlar siyosatiga ta'sir etadi, baribir. Bilaman, hamma «Barselona»ni har yili yangi-yangi futbolchilarni tarbiyalaydigan ijodiy klub sifatida ko'radi. Lekin bu jarayon juda mashaqqatli va samarasini ko'rish uchun kuchli sabr kerak. Axir bir guruh bolalarga shunchaki, «Barselona» futbolkasini kiydirib, ulardan birin-ketin sovrinlar yutishlarini talab qilolmaysiz-ku...M.PO'LATOV tayyorladi
26-Fevral 2024,23:50