"Barselona" muxlislari jamoaning yangilangan "Kamp Nou"ga qaytishini kutishga majbur.
Klub prezidenti Joan Laporta jamoa o'z maydonida qachon o'ynay olishi aniq sanasini tasdiqlayolmadi, faqatgina bu imkon qadar tezroq sodir bo'lishini ma'lum qildi.
"Qachonligini aniq bilmayman, ammo iloji boricha tezroq bo'ladi. Gap shundaki, bajarilgan ishlar hajmi va shahar kengashi bilan olib borilgan muzokaralar bizni qurilish ishlari rejasini qayta ko'rib chiqishga majbur qildi. Bu esa avval belgilangan muddatlarga ta'sir ko'rsatdi, garchi biz "Spotify Camp Nou"ni sektorlar bo'yicha ishga tushirishni taklif qilgan bo'lsak-da.
Boshqa klublar o'z stadionlari bilan shunday yo'l tutishgan, shahar kengashining qarori esa juda aniq edi: ishlarning borishi foydalanishga topshirish uchun birinchi ruxsatnomani olishni imkonsiz qilib qo'ydi. Bizga aynan shu ruxsatnoma etishmayapti," - dedi Laporta.