
«Barselona» prezidenti Joan Laporta Chempionlar ligasi chorak finalidan o'rin olgan «Atletiko»ga qarshi bahslardagi hakamlik masalasida UEFA rahbari Aleksander Cheferinga shaxsan qo'ng'iroq qildi.
Bu haqda Mundo Deportivo nashri xabar bermoqda. Ta'kidlanishicha, Laporta suhbat davomida hakamlar ishidan noroziligini bildirgan.
Bundan tashqari, «Metropolitano»dagi javob o'yinining tanaffus vaqtida Laporta UEFA bosh kotibi Teodor Teodoridis va uning o'rinbosari Jorjo Markettini uchratib qolgan. Laporta ularga yaqinlashib, nafaqat bosh hakam Kleman Tyurpenning birinchi bo'limdagi qarorlaridan — xususan, Dani Olmoga nisbatan belgilanmagan penalti va Xuan Mussoning Fermin Lopesga qarshi o'yinidan shikoyat qilgan, balki birinchi uchrashuvdagi Ishtvan Kovachning ishiga ham e'tiroz bildirgan.
Shuningdek, kataloniyaliklar rahbari UEFA funktsionerlarini «Barselona» tomonidan birinchi o'yinda Mark Pubilning o'z jarima maydonchasida to'pni qo'li bilan o'ynagani bo'yicha berilgan rasmiy protestni qabul qilib bo'lmas deb topganliklari uchun tanqid qildi.





400