Masalan, men Messini "Manchester Siti" yoki PSJ libosida oson tasavvur qilaman. Va hozir Katalon klubi atrofida boshlangan janjalnamo holat bir necha yillar oldinga tuzilgan Messi transferi atrofidagi kampaniya bo'lishi ehtimoli yo'q emas, deb hisoblayman. Fikrimni asoslashga harakat qilaman.Birinchidan: argentinalik bilan amaldagi shartnoma 2021-yil yozida nihoyasiga etadi. "Barselona" sport direktori Abidal juda diplomatik tarzda bo'lsada loyihasi ishlanayotgan yangi shartnoma uzoq yillik bo'lishi kerakligiga urg'u bermoqda. Erik bu fikrlarni Messi va o'zi o'rtasidagi baland ohangdagi suhbat fonida aytayotgani qiziq!Ikkinchidan: "Messi jamoasini baribir o'zgartiradi yoki o'zgartirishi mumkin", degan fikrimning asosiy tayanchi: hozir holat bo'yicha uchta vektor bor - "futbolchi", "klub" va "transfer". Yaqingacha bu ro'yxatda "transfer" vektori umuman yo'q edi. Ammo, endi u bor. Hozircha juda ko'rinmas nuqta misol bo'lsada, mavjud. Yillar, mavsumlar o'tar ekan, bir tempda harakatlanayotgan "futbolchi" va "klub" vektorlarida tezliklar o'zgaradi. Messining sport formasi salbiylashishi bilan uning klubdagi ta'siri ham pasayadi. Futbolchining o'zida ham yaqin yillar ichida muhitni o'zgartirishga ehtiyoj ortadi. Chunki, ta'sir pasaygach uni klubga bog'lab turgan gravitatsion kuch ham yo'qola boshlaydi. Leo boshqa istalgan top-klubga o'tib 2011-2012 yillarga, ya'ni o'zi uchun eng yuksak parvoz bo'lgan davrga qaytishi mumkin bo'ladi. Bundan tashqari, (bu asosiy sabab) masalan hozir Messi 300-350 millionga ham sotilishi mumkindir. Lekin, ikki yildan keyinchi?! O'zi umuman, buyog'iga har bir o'tgan oy uning narxini pasaytiradi. Axir u bugun qanchalik daho bo'lmasin, Mbappe kabi 21 yosh emas-ku, to'g'rimi?! Nazdimda, agar transfer yaqin bir-ikki yilda amalga oshsa klub ham, futbolchi ham bir-biridan mutlaq manfaatlanadi.Sal murakkab jarayon, lekin, tushunarli yozoldim deb umid qilaman!Keyin, bu fikrlar mening o'ta sub'ektiv, ojizona va mutlaq bahstalab qarashlarim izhori, xolos. Bundan tashqari, men hatto ko'pchilik qatori Messi faoliyatini Kataloniyada tugatadi, degan fikrga moyildirman. Lekin, aytganimdek, masalan u bir kun kelib klubini o'zgartirsa juda hayron ham bo'lmayman. Yuqorida yozganlarimni esa mitti ehtimol haqida eslatma deb bilsangiz mamnun bo'laman!
Orif Tolipov.
P.S: Ashaddiylardan Messi haqidagi bazi fikrlarni yuraklariga yaqin olmaslikni so'rayman. Men Messini zamonaviy futboldagi eng kuchli futbolchi deb bilishim mumkin, masalan. Lekin, u ham odam! Yoshi o'tib, sport formasi salbiylashadi, deganimga meni "antimessichi" yoki "ronalduchi"ga chiqarmaysiz, degan umidim yo'q emas! P.P.S: Eng dahshati, yarim kechasi shularni yozib, kanalda keyinroq chiqishi uchun vaqtni surib joylab bo'lgandim hamki Mirror nashri "Manchester Siti"da paydo bo'lgan umid haqida yozib qoldi.
7-Fevral 2020,06:30