Stadion.uz ayni damda ijara asosida to'p surayotgan eng mashhur va jamoasi uchun foydali futbolchilardan tashkil topgan ramziy jamoani e'tiboringizga havola etadi.
Darvozabon:Alban Lyafon (Frantsiya) — «Fiorentina»ga tegishli, «Nant» darvozasini qo'riqlamoqda
Lyafon ham Donnarumma singari katta futbolga 16 yoshida kirib kelgan edi. “Tuluza” safidagi 3 ta mavsumdan so'ng, qahramonimiz “Fiorentina” tomonidan sotib olinadi. Bir mavsum asosida jamoaning asosiy darvozaboni sifatida faoliyat olib borgach,kutilmaganda,mavsum so'ngida yana Frantsiyaga (ijara asosida) qaytarildi. Italiya klubi o'z kiperini “Nant”ga ikki mavsumga ijaraga bergan. Ayni damda Alban Frantsiyaning eng kuchli darvozabonlaridan biri bo'lib turibdi. U bilan bir nechta top-jamoalar qiziqayotgani haqiqat, biroq uning o'zi qachonlardir “Arsenal” libosini kiyishni orzu qilmoqda.
O'ng qanot himoyachisi. Ashraf Hakimiy (Marokash) — «Real»ga tegishli, «Borussiya»da to'p tepmoqda
Bundan iki yil avval HakimiyMadridni tark etayotganida uning transfer qiymati atigi 5 million evroni tashkil etgan o'spirin edi. Endilikda, u 10 barobar qimmatlashgan, ayni damdagi sayyoramizdagi eng kuchli qanot himoyachilaridan biriga aylandi. Dortmund jamoasi safida 66 ta uchrashuvda 27 ta assistni amalga oshirgan qahramonimiz tez orada Karvaxal bilan asosiy tarkib uchun kurashga qo'shilishi turgan gap.
Markaziy himoyachilar.
Kris Smolling (Angliya) —“MYu”ga tegishli, «Roma” sharafini himoya qilmoqda
“Qizil iblislar” uchun keraksiz bo'lgan futbolchi Rimda darrov asosiy figuraga aylanib oldi. Naqd 6 oy davomida “Roma” himoyachining transferini sotib olish uchun harakat qildi, biroq yakunda bu ishni uddalay olmadi. Afsuski, futbolchi va klub bir-biriga juda mos tushgan edi.
Janluka Manchini (Italiya) — «Atalanta»ga tegishli, «Roma» sharafini himoya qilmoqda
Markazdagi ikkinchi himoyachi vazifasini ham “Roma” futbolchisi egalladi. Qahramonimiz o'zini shu qadar yaxshi namoyish etdiki, klub uning transferini amalga oshirishni bundan 3 oy avval hal etib qo'ydi. Nima ham derdik, “Roma”ni ajoyib transfer bilan tabriklashimiz mumkin.
Chap qanot himoyachisi. Serxio Regilon (Ispaniya) — «Real»ga tegishli, «Sevilya»da sharafini himoya qilmoqda
Regilon o'tgan mavsumda Solari va Lopategi tomonidan asosiy himoyachiga aylantirilgan edi. Kimsan Marseloni safdan chiqarib yuborgan ispaniyalik futbolchini Zidan,kutilmaganda,Andalussiyaga jo'natib yuboradi. Quvonarlisi shundaki, Serxio o'zini “Sevilya”da ko'rsata oldi va mavsum so'nggida “Real”ga qaytishga tayyor. Endi u Ferlan Mendi bilan asosiy tarkib uchun kurash olib borishi kerak.
Yarim himoyachilar
Jedson Fernandesh (Portugaliya) — «Benfika»ga tegishli, «Tottenxem» sharafini himoya qilmoqda
Iqtidorli futbolchini shaxsan Joze Londonga taklif etganidan xabaringiz bor. To'g'ri, Jedson korona-tanaffus sababli o'zini to'liq namoyish eta olmadi, lekin uning nimalarga qodir ekanligini barchamiz ko'rdik. London klubi Fernandeshni 2021-yilga qadar ijaraga olgan. Bundan ko'rinib turibdiki,biz uni “shporlar” safida yana ko'ramiz.
Nikola Barella (Italiya) — «Kalyari»ga tegishli, «Inter» sharafini himoya qilmoqda
O'tgan mavsumdan so'ng bir nechta grandlar nishonida turgan Barella “Inter”ni tanladi va adashmadi. Barella Kontening almashtirib bo'lmas futbolchisiga aylandi. Aslida Milan klubi Nikolani ijaraga olgan edi, biroq mavsum o'rtalarida jamoa 45 million evro evaziga uni to'liq sotib olishga qaror qildi. Tan olish lozim, Barella qisqa muddat ichida butun Italiyani zabt etishga muvaffaq bo'ldi.
Martin Edegor (Norvegiya) — «Real»ga tegishli, «Real Sosedad» sharafini himoya qilmoqda
Martin “Real” safiga o'spirinlik chog'ida kelib qo'shilgan edi. Shu sababli uning katta futbolga kirib kelishi uchun bir muncha vaqt talab etildi. “Qirollik klubi” Edegorni umumiy hisobda 3 bor ijaraga jo'natgan bo'lsa, har safar norvegiyalik futbolchi ishonchni oqlay oldi. Ayniqsa, bu mavsumda u “qaymoqranglilar” yarim himoyachilaridan biri tez orada klubga kerak bo'lmay qolishini isbotlab qo'ydi. Mish-mishlarga qaraganda, u hademay Modrichning o'rnini egallashi kerak.
Filippe Koutino (Braziliya) — «Barselona»ga tegishli, «Bavariya» sharafini himoya qilmoqda
Afsuski,Koutino “Liverpul”nitark etganidan beri o'zligini yo'qotib qo'ydi. Avvaliga “Barsa”da, keyin “Bavariya”da “keraksiz” futbolchiga aylandi. Achinarlisi shundaki, braziliyalik futbolchi Germaniyada o'zini ko'rsata oldi, biroq transfer summasining kattaligi myunxenliklarga og'irlik qildi. Shunday bo'lsada, Koutino uchun bu mavsum omadsiz keldi deb bo'lmaydi.
Hujumchilar.
Deyan Kulushevski (Shvetsiya) — «Yuventus»ga tegishli, «Parma» sharafini himoya qilmoqda
Deyan ushbu mavsum davomida bir necha bor klub o'zgartirishga majburbo'ldi. Aslida shved “Atalanta” futbolchi sifatida mavsumni “Parma”da boshladi. Ajoyib startdan so'ng, uni “Yuventus” qishda 35 million evro evaziga sotib oldi va yana “Parma”da ijarada qoldirdi. Yozda Kulushevski Turin superklubi ixtiyoriga o'tadi. Agar yana ijaraga yuborilmasa...
Mauro Ikardi (Argentina) — «Inter»ga tegishli, PSJ sharafini himoya qilmoqda
Argentinalik futbolchi “Inter” bilan muammolarga o'ralashib qoldi. Keyin Antonio Konte uni klubda qolishini istamadi. Oqibatda, transfer oynasining so'nggi kunida uni Parijga “uchirib yuborishdi”. Ikardi kutilmaganda Edinson Kavanini tarkibdan siqib chiqarishga muvaffaq bo'ldi. 31 uchrashuvda 20 ta gol va 4 ta assist. Ijaraga olingan futbolchilardan hech biri bu mavsumda bunday sermahsullik namoyish etgani yo'q!
21-May 2020,22:10
O'qildi: 57 - Fikirlar: 0
O'qildi: 44 - Fikirlar: 0