La Liga rahbari Xavyer Tebas Joan Laportani «Barselona» prezidenti saylovida qo‘lga kiritgan g‘alabasi bilan qutladi. Ispaniya ligasi prezidenti Laportaning inaugurasiya marosimida nutq so‘zladi.
«Avvalambor, Laporta va uning yangi direktorlar kengashini saylovdagi muvaffaqiyat bilan tabriklamoqchiman. Ishonchim komilki, yaqin yillarda ular katta yutuqlarga erishadilar. «Barselona»da amalga oshirilayotgan barcha ishlar, jumladan, stadion rekonstruksiyasi ham muvaffaqiyatli bo‘ladi. Bu yangilanish La Liga uchun juda muhim, ayniqsa, gap dunyoning eng yaxshi klublaridan biri haqida ketayotganini hisobga olsak.
Oramizda kelishmovchiliklar bo‘lgan. Ular doim uchrab turadi, lekin biz tashkilotni hamisha hurmat qilamiz. Qarashlarimiz turlicha bo‘lishi mumkin, biroq har doim eng yaxshi qarorga kelishga intilamiz. «Barsa»ning ishlari doimo bekamu ko‘st bo‘lishiga umid qilaman.
Ortda qolgan bir necha yil juda qiyin bo‘ldi, lekin ular hozir to‘g‘ri yo‘ldan ketishmoqda. Joan, senga ulkan zafarlar tilayman, chunki «Barsa»ning muvaffaqiyati — bu La Liganing ham muvaffaqiyatidir», — dedi Tebas.
Manba: Stadion.uz
Fikrlar 0