«Barselona» prezidenti Joan Laporta Madridning «Atletiko» klubi hujumchisi Xulian Alvares bilan bog‘liq vaziyat haqida gapirdi. Bundan oldin argentinalik futbolchining Kataloniya klubiga ehtimoliy transferi haqida xabar berilgan edi.
«Atletiko» bilan shaxsan gaplashdim va vaziyat nimada ekanini aniq tushuntirdim. Deku ushbu futbolchi uchun ma’lum bir summadagi taklifni kiritdi. Futbolchi allaqachondan beri «Barsa»ga o‘tishni xohlashini bilamiz. Biz bu taklifni «Atletiko»ga bo‘lgan to‘liq hurmat bilan qildik. Ular bizga futbolchini sotishni rejalashtirmayotganliklarini, chunki ularda muqobil variant yo‘qligini ma’lum qilishdi. Men esa agar ularda bunday variant paydo bo‘lsa, taklifimiz kuchida qolishini aytdim.
Biz ushbu taklifni o‘zimiz zarur deb hisoblagancha kuchida ushlab turamiz, ammo «Atletiko» bu masala bo‘yicha qanday qaror qabul qilishiga qaram bo‘lib qolmaymiz. Ular bizning niyatlarimizdan xabardor, agar ular buni xohlashsa, biz xursand bo‘lamiz. Ular bizning maksimal hurmatimizga loyiq, bizda ham institusional, ham shaxsiy darajada yaxshi munosabatlar shakllangan.
Oxirgi vaqtlarda bo‘lgan ba’zi reaksiyalar borki, ularni xotirjam tahlil qilib chiqmoqchiman, ammo vaziyat shunday: taklif mavjud. Agar biz buni maqsadga muvofiq deb hisoblasak, uni kuchida qoldirishga tayyormiz, buning iloji bor. Umid qilamanki, agar ularda muqobil variant paydo bo‘lsa, «Atletiko» «Barsa»ning taklifini inobatga oladi. Taklifning amal qilish muddati cheksiz emas, voqealar rivojiga qarab bu masaladagi pozisiyamizni ma’lum qilib boramiz», — dedi Laporta yangi prezidentlik muddatiga kirishish munosabati bilan o‘tkazilgan inaugurasiya marosimida.
Joan Laporta 2026 yilning mart oyida qaytadan «Barselona» prezidenti etib saylangan edi. U Kataloniya klubini besh yil davomida, 2031 yilgacha boshqaradi.
Manba: Stadion.uz
Fikrlar 0