«Barselona» Dani Rodrigesni Zagrebning «Dinamo» klubiga sotdi.

Insayder Fabrisio Romanoning bergan ma’lumotiga ko‘ra, kataloniyaliklar yarim himoyachisini qayta sotib olish huquqini (opsiyasini) o‘zlarida saqlab qolishgan.

«Yaqin vaqtgacha «Barselona» sharafini himoya qilib kelgan 20 yoshli ispaniyalik vinger Dani Rodriges «Dinamo» klubining yangi a’zosiga aylandi.

Rodriges «Barselona» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi, u yerga 15 yoshida «Real Sosyedad»dan o‘tgan edi. U «Barsa»ning barcha yosh toifasidagi jamoalarida to‘p surgan, oxirgi uch mavsumni esa yoshlar jamoasi — «Barselona Atletik» tarkibida o‘tkazgan. Shuningdek, u o‘tgan yilning may oyida La Liga doirasida «Real Valyadolid»ga qarshi kechgan uchrashuvda (2:1) «Barselona»ning asosiy jamoasida debyut qilishga ulgurgandi.

Dani Ispaniyaning o‘smirlar va yoshlar terma jamoalari tarkibidan joy olgan. U Ispaniya U17 terma jamoasi safida 2022 yilgi Yevropa chempionatida ishtirok etgan, ikki yil o‘tib esa U19 jamoasi bilan finalda Fransiyani mag‘lub etgan holda (2:0), Yevropa chempioniga aylangan edi», — deyiladi Zagrebning «Dinamo» klubi rasmiy bayonotida.

Manba: Stadion.uz