Yanvardagi transferlar oynasi yopilganidan so'ng o'ziga yangi klub topishga kechikkanlar va yozda erkin agentga aylanadigan futbolchilar endi barchaning diqqat-markazida turishsa ajab emas.
2021 yilning yozida jamoasini o'zgartirishi kutilayotgan ayrim yulduzlar ham borki, ularning kelgusi taqdiri barchaga qiziq. Quyida ushbu futbolchilardan tuzilgan ramziy jamoani e'tiboringizga havola etamiz.
Janluiji Donnarumma (Milan")
Terma jamoadagi ishtiroki: 22 (Italiya)
Erkin agentga aylanishi kutilgan futbolchilar orasida biz Jiji Donnarummani ko'rmasligimiz ham mumkin edi. Zero, kechayotgan voqealar rivojidan kim ham ushbu posbonni yaqin orada jamoasini tark etadi deb o'ylabdi? U ortda qolgan oylar davomida klubi bilan amaldagi shartnomasini uzaytirish borasida ancha gaplashib oldi.
Biroq «qizil-qoralar» Buffonning yaqin yillar ichidagi asosiy o'rinbosariga, uning yuqori darajali sport formasiga haligacha ishonmayaptilar chog'i. Aks holda endigina 21 yoshga to'lgan kiperning so'rayotgan talablarini qanchalik noqulay bo'lmasin istalgan jamoa ko'targan bo'lar edi. Yosh Jiji milliy terma jamoa safida allaqachon 21 o'yinda maydonga tushishga ulgurgan.
Shuningdek, uning hisobida «Milan» libosida o'ynalgan 200 ga yaqin bahs ham mavjud. Bu erda har qanaqasiga u va uning agenti Mino Rayolani oqlasa bo'ladi. Donnarummaning so'rayotgan 10 millionini bermayotgan «Milan» faqat futbolchisini yo'qotganidagina uning qadrini bilishi mumkin. Umidli posbon esa o'z kelajagi uchun ham kamida «Skudetto»ni yuta oladigan klub safiga borib qo'shilgani ma'qul.
Serxio Ramos («Real Madrid»)
Terma jamoadagi ishtiroki: 178 (Ispaniya)
Yaqin o'nyillik davr mobaynida «Real»ga eng ko'p nafi tekkan futbolchilar orasida shubhasiz, Ramos nomi ham bor. U 15 yil davomida klubi va jahon futbolining markaziy himoya ustuni sifatida gavdalanib kelingan. Terma jamoa va klub safidagi titullari borasida bugun istalgan futbolchi Ramosga havas qila oladi.
U «qizil furiya» libosida naq 178 uchrashuvda maydonga tushgan. Bu esa terma jamoada o'tkazilgan eng ko'p o'yin degani. Maydondagi asosiy liderlik salohiyatini namoyish etuvchi Ramos o'tgan mavsum klubining asosiy g'alabalariga munosib hissa qo'shdi. Uning boshchiligida «qirollik klubi» nihoyat uzoq kutilgan sovrin - La Liga chempionligini qo'lga kiritgani barchaga sir emas. Ammo rahbariyat negadir tajribali futbolchisini asrab qolishni muhim vazifalardan biri deya hisoblamayapti. Klub moliyaviy qiyinchiliklarni aosiy omil sifatida keltirib Ramosning manfaatlarini hisobdan chiqarib qo'ygan.
"Real" 34 yoshli ispan uchun 10 foiz chegirilgan maosh bilan birga bir yillik bitim taklif etgan. Ammo, futbolchi maoshining qisqartirilmay turib 2 yillik shartnoma kutgan edi. Endi masala oydinlashgandek. U «PSJ» va «MYu»dan tushayotgan takliflarni qaytadan ko'rib chiqishga majbur. Buning uchun unda hali yozgacha vaqt bor. Tajribali futbolchini erkin agent sifatida qo'yib yuborish balki «Real» uchun oddiy holdir. Ammo, Evropaning istalgan grand klubi bundayin «sovg'a»dan unumli foydalanib qolishlari tayin.
Jerom Boateng («Bavariya»)
Milliy terma jamoadagi ishtiroki: 76 (Germaniya)
Boatengning taqdiri va holati Ramosnikiga biroz o'xshab ketadi. Jeromga ham uzoq yillik faoliyati davomida eng nufuzli sovrinlar bo'lmish JCh va EChL kuboklarini yutish nasib qilgan. Mamlakat ichki chempionati va kuboklari borasida ortiqcha gapirishning hojati yo'q. Biroq endi baribir u yosh va jismoniy holat o'z so'zini aytadigan pallaga etib kelgan. Sentyabr oyida 33 yoshni qarshi oladigan futbolchiga «qizillar» rahbariyati u qadar ishonch bildirmayapti.
Statistik ma'lumotlarga ko'ra Boateng 2014-2015 yilgi mavsumdan buyon bir yil hisobiga 24 dan ziyod uchrashuvda maydonga tushmagan. Kutilmaganda orttirilgan jarohatlar va klubda muttasil yangilanib borayotgan avlodlar almashinuv jarayoni yaqin 2-3 mavsumidan buyon Jeromni zaxira o'rindig'iga mixlab kelmoqda. Bizningcha ham endi futbolchining «Bavariya»da qolishiga hech qanday asos qolmagan. Boateng hozircha o'ziga eng qulay va manfaatli bo'lgan «Chelsi» variantini o'ylab ko'radi.
David Alaba («Bavariya»)
Terma jamoadagi ishtiroki: 76 (Avstriya)
Qishki transferlar haqida gap ochilganda eng ko'p muhokama va qiziqishlarga sabab bo'lgan futbolchi - bu shubhasiz David Alaba. Uning transfer narxlari to'g'risidagi xabar va mish-mishlar yaqin orada trendga aylandi. Alabaga bildirilgan yuqori darajali takliflarda albatta jon bor.
U zamonaviy futbol tizimida yuqori malakali klassik o'yinchi. David maydonning chap va markaziy himoya, shuningdek, tayanch zonalarida bemalol erkin harakat qila oladi. Endigina 28 yoshga to'lgan futbolchi hali yoz kelmasidanoq bir qator top jamoalar qiziqish markaziga tushgan, o'zining pik formasidan ham hali beri pastlagani yo'q. Faqatgina uning asosiy tarkibdan muntazam ravishda joy ololmayotganiga sabab qilib uning kutilmaganda olayotgan turli xil jarohatlarini misol qilib keltirishimiz mumkin.
Alabaga dastlab Madridning «Real»i katta manfaatli taklif bilan chiqqan edi. Biroq, «qirollik klubi»ning yiliga to'lamoqchi bo'lgan 12 millioni futbolchiga kamlik qildi. U shundan keyin o'ziga qiziqish bildirgan jamoalarga «20 millionlik shart» qo'ygan. Yana bir asosiy da'vogarlardan biri Londonning «Chelsi» klubi. Xo'sh, «aristokratlar» avstriyalik futbolchining manfaatlarini qay darajada qondira olar ekan?!
Lukas Vaskes («Real Madrid»)
Terma jamoadagi ishtiroki: 9 (Ispaniya)
Jamoasini yaqin transferlar oynasida tark etishi kutilayotgan futbolchilar ro'yxatida Vaskes nomi muxlislarga g'alati eshitiladi. Tashqaridan qaraganda uning klubi bilan ishlari yaxshidek. Amalda ham «qirollik klubi» unga yaxshigina bitim ham taklif etib ko'rdi. Ammo Lukasning o'zi Madridda qolish niyatida emas.
U o'zini «qaymoqrang» futbolkada ancha noqulay his etmoqda va jamoasining bildirayotgan yuqori darajadagi ishonchi ham futbolchini endi klubda olib qololmasligi mumkin. Gap shundaki, Vaskesga bir necha yildan beri o'z pozitsiyasida erkin o'ynashiga imkon berilmayapti. U o'yindan o'yinga chap qanot himoyasiga borgan sari chuqurroq mustahkamlashib bormoqda. Azaliy ampulasi hujumkor yarimhimoyachi bo'lgan futbolchiga esa tabiiyki, bu holat yoqmasligi aniq.
Faqatgina uni klubda ushlab turgan birgina sabab shuki, Lukas Zidan buyurgan istalgan zonada o'ynab ketaveradi, muhimi umumjamoa g'alabasiga qancha ko'p hissa qo'shsa bo'lgani. Biroq tabiatan tashqi qolip va stereotiplarga moslashishni yoqtirmaydigan futbolchi garchi «qirollik klubi» bo'lmasin yozda jamoani tark etishga qaror qildi. Hozircha unga asosiy da'vogar klublar ro'yxatida «Bavariya» va «Tottenhem» jamoalari bor.
Jorjino Veynaldum («Luverpul»)
Terma jamoadagi ishtiroki: 70 (Niderlandiya)
Veynaldum "qizillar"ning "zaxiradagi" asosiy o'yinchilaridan biri. Biroq, u o'ziga berilgan birgina uchrashuvdan ham unumli foydalanib ketishi mumkin. Buni "Barselona"ga qarshi kechgan yarim final bahsi bilan ham eslash mumkin. Darhaqiqat, Jiji aynan "Luverpul"ga kelibgina haqiqiy obro' va mavqega ega bo'lib oldi deb bemalol ayta olamiz. "Nyukasl"dagi faoliyati davomida u bundayin kelajakni kutmagan bo'lishi ham mumkin.
Hozircha futbolchi klubdan ketish uchun tish-tirnog'i bilan kurash olib bormayapti. Biroq, shu asnoda mersisaydliklar ham niderlandiyalik xavbekini jamoada ortiqcha olib qolishdan manfaatdor emasliklarini bildirgan. Buni unga e'tiborsizlik bilan taklif etilayotgan "kichik" bitimlardan ham bilish qiyin emas. Hozircha Veynaldumga asosiy da'vogar klub Kataloniyaning "Barselona" jamoasi bo'lib turibdi.
Xuan Bernat «PSJ»
Terma jamoadagi ishtiroki: 11 (Ispaniya)
Xuan Bernat «PSJ»da o'z o'rnini topolmayotgan futbolchilardan biri. Unga qiziqish bildirayotgan jamoalar orasida asosiy da'vogar «Barselona» bo'lib turibdi. «Ko'k-anorranglilar» Xuanni «Kamp-Nou»ga olib kelish orqali chap qanot himoyasidagi maummolarni birato'la bartaraf etishni o'ylab ko'rmoqda.
Qayd etish joizki, Bernat uchun La Liga begona emas. U bundan avval «Valensiya»da ko'rsatgan o'yinlari bilan ko'pchilik muxlislar qalbidan joy olgan edi. Bernat bu erda naq 51 uchrashuvda maydonga tushgan. 27 yoshli futbolchi uchun faoliyatini «Barselona»dek grand jamoada davom ettirish ayni middao bo'lishi kutilyapti.
Memfis Depay («Lion»)
Terma jamoadagi ishtiroki: 59 (Niderlandiya)
Depayning shartnomasi yakuniga etib borayotgani sari uning «Barselona»ga o'tish ehtimoli ham shuncha aniqlashib bormoqda. Unga shuningdek, «Yuventus» hamda «Liverpul»dan ham takliflar bor. Shu o'rinda Depayning o'zi ham Ussem Auar bilan birgalikda bu qarorni yuz foiz tasdiqladi:
«Men hozir katta klub uchun o'ynayapman. Ammo, meni bundanda kuchli top jamoada harakat qilgim keladi. Aurar ham shu qarorda. Barchasini vaqt ko'rsatadi», - deydi futbolchi. Ammo, uning fikridan ham bilish qiyin emaski, Depay «sherlar» safida ortiq qolmoqchi emas.
Xakan Chalxonoglu («Milan»)
Terma jamoadagi ishtiroki: 51 (Turkiya)
Milanliklar o'zining shonli tarixlarini tiklamoqda. Klub o'tgan yil boshlab qo'ygan missiyasini joriy mavsumdan jiddiy ravishda davom ettirish niyatida. «Rossonerilar»ning yana «Skudetto» poygasiga qaytganliklari albatta samarali natija berayotgan avlodlar almashinuvi bilan bog'liq. «Qizil-qora» futbolkada o'zini dadil ko'rsatib kelayotgan yosh va umidli futbolchilar bugun Evropaning top jamoalari diqqat-markaziga tushgan, jumaladan, Chalxonoglu ham.
Hali endi 27 yoshni qarshi olgan Xakan o'z faoliyatidagi eng qizg'in nuqtasiga etib kelgan. U mana shunday superformasini yana kamida 3-4 yil bemalol ushlab tura oladi. Bunga unda kuch va vaqt borasida muammo bo'lishi mumkin emas. Futbolchi joriy mavsum rosmana eng omadli mavsumlaridan birini o'tkazmoqda. U o'zi tushgan barcha o'yinlarda jami 59 ta vaziyat yaratishga muvaffaq bo'ldi. Bu esa A Seriyaning istalgan futbolchisidan 10 taga ko'p degani.
Chalxonoglu shu kabi o'ynashda davom etar ekan u katta ehtimol kelasi mavsum startigacha «Milan»da qolmaydi. Bizningcha, Donnarummadan ham ko'ra ko'proq Xakanning transferi tezroq amalga oshsa kerak. Ancha yuqori va o'zi uchun qulay tempga tushib olgan futbolchining darhaqiqat o'z omadini «Milan»dan ham kuchlioroq jamoada olib borishi ancha to'g'ri qaror bo'lar edi.
Serxio Aguero «Manchester Siti»
Terma jamoadagi ishtiroki 97 (Argentina)
Agueroning yozda jamoani tark etish ehtimoli borgan sari yuqorilab bormoqda. U o'tgan yil oktabrda olgan jarohatidan haliyam forig' bo'la olmayapti. Yaqinda u ichki chempionatda ham bir uchrashuvda ko'rinish bergan edi.
Ammo, murabbiy hamon uning jismoniy holatidan kelib chiqib shogirdiga asosiy tarkibdan joy berishga tavakkal qilmayapti. Garchi Pepning o'zi ham argentinalikka qanchalik ishonch bildirmasin muttasil jarohatlar «devori» Agueroni «shaharliklar» «qal'asi»dan uzoqlashtirishi mumkin.
Lionel Messi («Barselona»)
Terma jamoadagi ishtiroki: 142 (Argentina)
O'tgan yozdan beri transferlar olamidagi asosiy yangilik Leo Messining klubi bilan kechayotgan munosabatlari sifatida ko'pchilikni befarq qoldirmayapti. Hatto katta mojaroga aylanib ketgan voqea yakunda prezident Bartomeuning iste'fosi bilan o'z yakuniga etdi. Endi holat shunga borib taqaldiki, Messi ba'zida aksa ursa ham turli mish-mishlar tarqalib ketishiga o'rganib qoldik.
Hozircha Katalon rahbariyati argentinalik afsonaga yana biryillik shartnoma taklif qilyapti. Biroq u o'zining klubda qolishini ichki muhit yuzaga qalqitib chiqargan muammolar oldida ancha sharmandali deb hisoblaydi. Shu sababli ham rahbariyat endi oqimga qarab ish ko'rishga majbur.
10-Fevral 2021,17:20
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0