Kecha EChL guruh bahslarining qolgan o'yinlari ham o'tkazildi. Unda bir qator kutilmagan natijalar qayd etildi. Shulardan biri bu kimsan, «Barsa»ning «Benfika» maydoniga safari va mag'lubiyati edi. Kuman shogirdlarining Portugaliyadan yirik, 3-0 hisobi bilan qaytishi, ularni guruhda eng so'nggi, to'rtinchi o'ringa tushirib qo'ydi. Moliyaviy muammolar girdobidagi klub yozda Lionel Messi hamda Antuan Grimanni yo'qotgach, yangi mavsumni go'yoki, qo'rqinchli tushdek boshladi. «Ko'k-anorranglilar» kecha «Estadio Da Luz» o'yingohida qiynalishdi. Bunga bir sabab esa 32 daqiqada klub afsonasi Jerar Pikening almashtirilishi edi. Shundan keyin uning jamoadoshlari himoyadagi muammo bilan qariyb yana bir soatni o'tkazishga majbur bo'ldilar.
Sarosimada qolgan Kumanning qarori xuddi taktika ishlatgandek tuyuldi. Negaki, u 34 yoshli himoyachini uning yarim yoshiga teng bo'lgan hujumkor futbolchi bilan almashtirgan edi. O'zi umuman kataloniyaliklar ushbu o'yinni qiyin boshlashdi. Raqib hujumchisi Darvin Nunes atigi 3 daqiqadayoq hisobni ochgan edi. Bundan ko'p o'tmay, Pike sariq kartochka oladi. 30 daqiqada esa bosh hakam Daniel Orsato himoyachiga ikkinchi sariqni ham ko'rsatishiga bir bahya qoldi. Shundan keyin Kuman Pike bilan tavakkal qilmaslik kerak degan qarorga kelib, uni tezda almashtirdi va uning o'rniga 17 yoshli yarim himoyachi Gavini tashladi. Shundan keyin «Barselona» to'rttalik himoya qo'rg'oni bilan bahsni davom ettirdi.
Ronald Kumanning bahs davomida qilgan o'zgarishlari va taktikasi o'yinda o'zgarish yasamadi. Aksincha, «Benfika» 69 daqiqada hisobni ikkitaga oshirdi. Rafa Silvaning golidan ko'p o'tmay, Nunes penaltidan uchinchi golni ham kiritdi va o'yinga mantiqiy yakun yasadi. Ispaniyaliklarni o'yinidagi muvaffaqiyatsizliklarni Lyuk de Yongning yaqqol vaziyatdan foydalana olmagani hamda «Siti»dan tashrif buyurgan Erik Garsiyaning o'yin oxirida qizil kartochka olganligida ko'rishimiz mumkin edi. Shu tariqa yangi mavsumda Kuman iste'foga chiqadigan murabbiylar ro'yxatida birinchi qatorlarni band eta boshladi. Uning «Barsa»si EChLda hali ochko to'play olmadi, ichki chempionatda esa 6 ta turdan keyin 12 ochko bilan 6 o'rinda bormoqda.
Kuman jamoasi Messi erasidan keyin pastga qarab «sho'ng'igan» bo'lsa ham o'zining pozitsiyasida qat'iy turibdi. Bu haqda niderlandiyalik mutaxassis shunday deydi: «Oldingi va hozirgi «Barselona»ni taqqoslash adolatdan bo'lmaydi. Men klub futbolchilaridan faqat qo'llab-quvvatlashni his qilaman. Klub tomonidan esa bilmadim...»Shuningdek, niderland futbolchisi de Yong bunga qo'shimcha qildi: «Menimcha, murabbiyni o'zgartirish echim bo'la olmaydi. Buni boshqa yo'lini o'ylash lozim».
O'yin davomida jarohati bo'lmasa ham almashtirilgan Pikega keladigan bo'lsak, o'n yildan ortiq vaqt davomida u «Nou Kamp»da zafarli onlarni boshdan kechirdi. Hozir esa uning o'yini pasaya boshladi. EChLning to'rt karra sohibi bo'lgan himoyachi yaqin besh yil mobaynida jahon, Evropa va hatto, La liganing mavsum ramziy terma jamoasiga kiritilmayapti. Bu ko'p narsani anglatadi. Balki «Barselona» klubini tubdan isloh qilish payti kelgandir? Balki, buni hozirdan boshlash kerakdir? Yana kim biladi deysiz...
Xulosa qilib aytganda, klub inqirozga yuz tutgan. Bu nafaqat moliyada, balki futbolchilar ruhiyati va ichki munosabatlarda ham sezilayapti. Agar shu ketishda davom etsa, bu klubni mavsum yarmida Evropa ligasida ko'rib qolishimiz ham hech gap emas.
ingliz tilidan Jaloliddin ISMATOV tarjimasi
30-Sentyabr 2021,10:40
O'qildi: 42 - Fikirlar: 0