
«Inter Mayami» hujumchisi Luis Suares jamoadoshi Lionel Messining «Barselona»ga bo'lgan munosabati haqida fikr bildirdi.
O'tmishda urugvaylik va argentinalik futbolchilar «ko'k-anorranglilar» safida birgalikda to'p surishgan. Suares 2020 yilda, Messi esa bir yil o'tib klubni tark etgan edi. Ikkala holatda ham xayrlashuv jarayoni ancha ziddiyatli kechgan.
«Leo Messi «Barselona»ning muvaffaqiyatlaridan xursand bo'ladi — u ham klub muxlisi. Uning qaytishi va Laporta bilan yarashishi masalasiga kelsak, bu haqda uning o'zidan so'ragan ma'qul. Bu uning shaxsiy ishi», — deya Suaresning so'zlarini keltiradi Barca Universal.
Messi va kataloniyaliklar prezidenti Joan Laporta o'rtasidagi nizo haligacha o'z echimini topmagan. Eslatib o'tamiz, yaqinda Laporta yana bir bor «Barselona» rahbari etib qayta saylandi.





379