
Xulian Alvaresning «Atletiko»dan «Barselona»ga ehtimoliy transferi hozirda futbol olamidagi eng ko'p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri bo'lib qolmoqda. Tarqalgan ma'lumotlarga ko'ra, argentinalik futbolchi yozgi transfer oynasida Kataloniya klubiga o'tishni istamoqda va bu haqda «matraschilar»ni ogohlantirgan.
Madrid klubi rahbariyati esa hamon bitimni rad etmoqda va «ko'k-anorranglilar» bilan muzokara olib borishni istamayapti. Jurnalist Fernando Poloning fikricha, agar futbolchi bevosita bosh murabbiy Diego Simeonega murojaat qilsa, vaziyat ijobiy tomonga o'zgarishi mumkin.
«O'ylaymanki, Xulian Diego Simeone oldiga borib: «Eshit, men o'zimni endi «Atletiko»da ko'rmayapman, meni qo'yib yubor», desa, hammasi hal bo'ladi. Menimcha, Cholo (Simeone), har qanday boshqa murabbiy kabi, jamoada baxtsiz bo'lgan va ketishni istagan o'yinchini olib qolishni xohlamaydi», — dedi «Mundo Deportivo» nashri vakili.
Mish-mishlarga ko'ra, «Atletiko» Alvaresni «Barselona»ga 100 million evro evaziga sotishdan bosh tortgan.
366